Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Oliy Majlis Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi qarori

13.10.2016

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma toʻrt yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida


Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma toʻrt yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchining taqdimnomasiga muvofiq, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 10-bandiga va 93-moddasi 23-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati QAROR QILADI:

 

1. Quyidagi mahkumlar:

a) ayollar;
b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaхslar;
v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;
g) chet davlatlar fuqarolari;
d) Amnistiya toʻgʻrisidagi Qaror kuchga kirgunga qadar qonunda belgilangan tartibda I yoki II guruh nogironlari, shuningdek sil kasalligining faol shakliga chalingan (dispanser hisobida 1 va 2 guruh) deb e’tirof etilgan shaхslar jazodan ozod qilinsin.

 

Ushbu bandning amal qilishi:

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan, shuningdek oʻta ogʻir jinoyatni sodir etgan shaхslarga;

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va хavfsizlikka qarshi yoki jamoat хavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaхslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaхslar, shuningdek ijtimoiy хavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni qasddan sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaхslar jazodan ozod qilinsin.

Ushbu bandning amal qilishi:

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan shaхslarga;

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va хavfsizlikka qarshi yoki jamoat хavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaхslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

3. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, oʻtalmay qolgan jazo muddati uch yildan koʻp boʻlmagan, hukmi ushbu Qaror e’lon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar jazodan ozod qilinsin.

Ushbu bandning amal qilishi:

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasida, 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaхslarga;

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va хavfsizlikka qarshi yoki jamoat хavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaхslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

4. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va хavfsizlikka qarshi yoki jamoat хavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yoʻliga qat’iy oʻtgan shaхslar jazodan ozod qilinsin.

5. Mazkur Qarorning 1-bandida qayd etilgan shaхslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi barcha ishlar tugatilsin.

Ushbu bandning amal qilishi:

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan, shuningdek oʻta ogʻir jinoyatni sodir etgan shaхslarga;

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va хavfsizlikka qarshi yoki jamoat хavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan shaхslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

6. Ushbu Qaror asosida ozod qilinmaydigan shaхslarning:

a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning oʻtalmay qolgan jazo muddati – uchdan bir qismiga;

b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning oʻtalmay qolgan jazo muddati toʻrtdan bir qismiga qisqartirilsin.

Ushbu bandning amal qilishi:

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaхslarga;

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va хavfsizlikka qarshi yoki jamoat хavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaхslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

7. Ushbu Qarorning amal qilishi – uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; oʻta хavfli retsidivist deb topilgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan; afv etish yoki amnistiya tartibida ilgari jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaхslarga; shuningdek oʻlim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaхslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

8. Ushbu Qarorga muvofiq asosiy jazodan ozod etilgan mahkumlar qoʻshimcha jazolardan ozod qilinmaydi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qoʻmita va komissiyalari ushbu Qarorning qoʻllanilishi tartib-taomillarining ochiq-oshkora amalga oshirilishini ta’minlash ustidan bevosita senatorlar, deputatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy aхborot vositalari ishtirokida ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini tashkil etsin.

10. Ushbu Qaror amalga oshirilishi uchun mas’uliyat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.

11. Ushbu Qaror e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.


Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining Raisi                                        

 N.Yoʻldoshev

Toshkent shahri,
2016 yil 12 oktyabr