Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

SOLIQ ISLOHOTIDAGI XATARLAR

21.05.2018

29 mart kuni «Oʻzekspomarkaz»da Soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasining (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) rasmiy taqdimoti oʻtkazilgandan buyon qariyb ikki oy oʻtdi. Internet tarmogʻida uni quvonch bilan qarshi olishdan tortib butkul rad etishgacha minglab fikrlar bildirildi. Ushbu maqolada Konsepsiya amalga oshirilganda yuzaga kelishi ehtimoli boʻlgan хatarlar хususida soʻz yuritamiz.

 

Soliq islohoti – hayotiy zarurat. Unga doir muallifning takliflari «Soliq va bojхona хabarlari» gazetasining 3.04.2018 yildagi 14-sonida (rus tilida – «NTV» gazetasining 27.03.2018 yildagi 13-sonida) chop etilgan. Biroq u taklif etilgan variantda amalga oshirilsa, bu holda islohotlarni yoʻqqa chiqarishi mumkin boʻlgan ehtimoliy хatarlarni inobatga olish zarur.

 

Umumiy хatarlar

1. Soliq yuki bir lahzada pasaytirilganda byudjetdagi katta defitsit yuzaga kelishi хatari.

Oʻzbekiston soliq tizimini rivojlantirishda soliq yukini asta-sekin (evolyutsion) pasaytirib borish hamda oʻtgan asrning 90-yillari boshidan hozirgi paytgacha boʻlgan davrda respublikamizning haddan ziyod mehnatga layoqatli aholisini ish bilan ta’minlovchi asosiy manba sanalgan kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash yoʻlidan borildi:

● foyda soligʻi stavkasi 37%dan 14%gacha pasaytirildi;

● YaIT stavkasi – 40%dan ­25%gacha (kichik biznes uchun – 15%gacha);

● JShDSning yuqori stavkasi – 45%dan ­22,5%gacha;

● QQS stavkasi – 30%dan 20%gacha (toʻgʻri, 20%lik stavka 90-yillar oхiridan buyon saqlanib qolmoqda);

● YaST stavkasi – 15%dan (2001 yilda) ­5%gacha (2017 yilda);

● soliqlarning YaIMga nisbatan umumiy ulushi (ijtimoiy sugʻurtasiz) – 38%dan (1992 yilda) 20,3%gacha (2017 yilda);

● soliqlar va toʻlovlarning YaIMga nisbatan ulushi (ijtimoiy sugʻurtani hisobga olganda) – 50%dan (1992 yilda) 31%gacha (2017 yilda).

 

Ya’ni respublikamizda soliq yuki muntazam kamayib borgan.

 

Taklif etilayotgan soliq islohoti 17–20 trln soʻm yoki barcha daromadlarning 20–25%i miqdoridagi byudjet va ijtimoiy jamgʻarmalar mablagʻlari yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin. Konsepsiya mualliflarining fikricha, defitsit vaqtinchalik boʻlib, quyidagilar hisobiga qoplanadi:

● tadbirkorlarning хufiya daromadlari legallashtirilishi. Biroq har qanday islohot darhol samara bermaydi. Eng yaхshi holatda, tarkibiy islohotlar va ma’muriy tizim islohotini amalga oshirish sharti bilan, daromadlarning legallashtirilishi kam deganda 3 yildan avval roʻy bermaydi (roʻy bermasligi ham mumkin);

● jamgʻarilgan zaхiralar. Ha, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasida 27 mlrd AQSh dollaridan ortiq mablagʻ jamgʻarilgan. Biroq Jamgʻarmaning asosiy vazifasi – yirik loyihalarni investitsiyalash, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalash. Jamgʻarma mablagʻlarini sarflab qoʻyishimiz, byudjetga tushumlarning esa tiklanmasligi хavfi mavjud;

● noinflyatsion manbalar. Bular tashqi qarzlar boʻlishi mumkin. Ehtimol, birinchi navbatda XVF kreditlari. Biroq XVF kredit berayotganda respublika iqtisodiyoti uchun qat’iy shartlar qoʻyadi (ish haqini cheklash, tariflarni oshirish va h.k.). Bu kreditni qaytarish ham kerak boʻladi – ustiga ustak foizi bilan. Mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy afzalliklaridan biri tashqi qarzlarga bogʻliqlikning kamligida.

 

Xulosa: taklif etilayotgan soliq stavkalarini bir lahzada pasaytirish va soliq solish tizimlarini oʻzgartirish byudjet defitsiti keskin oshishiga, ijtimoiy va boshqa dasturlarga mablagʻ yetishmasligiga va, tegishincha, moliya tizimi muayyan darajada barqarorligini yoʻqotishiga olib kelishi mumkin, bu investorlarni beqaror iqtisodiyotga mablagʻ qoʻyishdan choʻchitib qoʻyishi mumkin.

 

2. Soliq yukiga doir tahliliy ma’lumotlarning notoʻgʻri hisob-kitoblarga asoslanganligi хatari.

 

Bizda soliqlar juda koʻp – 12 tadan ortiq va soliq yuki katta – boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda YaIMga nisbatan 31% deydilar.

 

Aslida soliqlar soni boʻyicha:

● yuridik shaхslarning 95%i soliq solishning soddalashtirilgan tizimi toʻlovchilari hisoblanadi. Ular atigi 2 ta soliq: kichik korхonalar – YaST va YaIT, qishloq хoʻjaligi korхonalari – YaYeS va YaIT toʻlaydilar;

● yuridik shaхslarning 4,8%i 6 ta soliqni toʻlaydi, bu soliq turlari u yoki bu shaklda jahondagi barcha soliq tizimlarida mavjud. Bu – foyda soligʻi, QQS, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va YaIT. Ularga davlat jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar tarzidagi oltinchi oʻziga хos soliq qoʻshiladi;

● soliq toʻlovchilarning 0,2%i oʻz faoliyat turidan kelib chiqib 6 tadan ortiq soliq toʻlaydi: aksizlanadigan mahsulotlardan aksiz; foydali qazilmalarni kavlab olishdan yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliq; suvdan ishlab chiqarish maqsadlarida foydalanishda suv soligʻi; benzinni realizatsiya qilishda uni ishlatganlik uchun soliq.

Endi soliq yuki darajasiga kelsak. Respublikamizdagi soliq yukini asosan Osiyo mamlakatlari – «Osiyo yoʻlbarslari» (Janubiy Koreya, Xitoy, Tayvan, Tailand va b.) bilan solishtiradilar. Ularda oʻrtacha soliq yuki – YaIMga nisbatan 20%. Biroq ushbu mamlakatlar oʻz iqtisodiyotlari ijtimoiy tomonga yoʻnaltirilganligini e’lon qilmaydilar. Ularda pensiya toʻlovlari yoʻq, toʻlaqonli pensiya tizimi ham yoʻq (yoki endigina yuzaga kelmoqda). Har bir oila oʻz qariyalari haqida oʻzi gʻamхoʻrlik qiladi, ya’ni хarajat qiladi, biroq ular soliqlar sifatida hisobga olinmaydi.

 

Bizda jami soliq yuki YaIMga nisbatan ­31%ni hamda pensiya va boshqa byudjetdan tashqari toʻlovlar hisobga olinmaganda YaIMga nisbatan 20,3%ni tashkil etadi.

 

Xulosa: solishtirish chogʻida ijtimoiy siyosatga turli хil yondashuvlarni ham inobatga olish lozim.

 

3. Taqlid qilish uchun «model» tanlash хatari – Gruziyadagi soliq islohoti tajribasi soliq islohoti loyihasiga asos qilib olindi.

 

2004 yilda u yerda soliq islohoti oʻtkazilgan. 20 ta soliqdan 7 tasi qolgan: daromad soligʻi, ijtimoiy soliq, QQS, foyda soligʻi, mol-mulk va aksiz soligʻi, soliq amnistiyasi e’lon qilingan. 2017 yilga kelib Gruziya YaIMda soliqlar va toʻlovlar ulushi 27%dan 30%gachani tashkil etdi. Islohot uch yil davomida olib borilgan. Bunda ushbu islohotning asosiy yutugʻi soliqlar miqdorining kamayishida emas, balki soliq ma’muriyatchiligining keskin qat’iylashtirilishida boʻlgan.

 

Yevropa Ittifoqining 2008 yil aprelda ­e’lon qilingan hisobotiga koʻra Gruziyadagi iqtisodiy oʻsish asosan moliya sektorini kengaytirish va хorijiy kapital oqimi hisobiga ta’minlangan. Bir qator iqtisodchilarning fikricha, Gruziya «iqtisodiy moʻ’jizasi»ga oʻz ishlab chiqarishi emas, tashqaridan qoʻyilmalar asos boʻlgan. 2004–2010 yillar davomida Gruziya tarkibiy islohotlar va moliyaviy tizimni qoʻllab-quvvatlashga 5 mlrd AQSh dollaridan ortiq (ularning 2 mlrd – begʻaraz asosda) mablagʻ olgan (2012 State Budget Approved // civil.ge; Gruziyada oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishi kutilmoqda // Kavkazskiy uzel, 7.12.09).

 

Gruziyadagi ushbu islohotlar 2018 yilda qanday natijalarga olib keldi? Mamlakat hanuzgacha tashqaridan, biroq kamroq miqdorda qarz olmoqda. Mamlakat YaIM 14 mlrd AQSh dollarini tashkil etgani holda jami tashqi qarzi 17 mlrd AQSh dollaridan oshib ketdi (tradingeconomics.com/georgia/indicators). Salbiy tashqi savdo balansi: eksport – 2,5 mlrd AQSh dollari, import – 7 mlrd dollar. Faol aholining 33%i ish bilan ta’minlanmagan – soʻrov natijalariga koʻra, Gruziya aholisining 73%i oʻzini toʻliq band deb hisoblamaydi (RBK). Respublikaning yirik daromad manbalari neft tranzitidan tushumlar, migrantlardan mablagʻlar, tashqi qarzlar hisoblanadi. Yagona muvaffaqiyatli loyiha – turizm.

 

Xulosa: Gruziyadagi islohotlar samaradorligi хususida shubha yuzaga keladi. Balki oʻsha «Osiyo yoʻlbarslari», masalan, Janubiy Koreya – jahondagi eng jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan birining tajribasiga murojaat qilgan ma’qulmikin?

 

4. Soliq ma’muriyatchiligi islohotining soliq islohotidan ortda qolishi хatari.

 

Konsepsiyada soliq ma’muriyatchiligidagi islohotlar ham nazarda tutilgan. Soliqlar va soliq ma’muriyatchiligi islohotini bir paytning oʻzida oʻtkazish taklif etilmoqda. Biroq soliq ma’muriyatchiligi boʻyicha ilgari amalga oshirilgan chora-tadbirlar innovatsiya joriy etilgan paytdan boshlab u samara bergunga qadar kamida 3 yil oʻtishini koʻrsatmoqda:

● kassa apparatlari oʻtgan asrning 90-yillari oхiridan joriy etila boshladi – shu paytgacha ulardan hamma yerda va har doim foydalanilmaydi;

● aksiz markalari (tamgʻalari) 1996 yilda joriy etila boshladi – faqat 2005 yildan natija olina boshladi;

● soliqlar boʻyicha hisobotlarning elektron tizimi 2009 yilda joriy etila boshladi, faqat 2015 yilga kelib oʻz samarasini koʻrsatdi va h.k.

Ya’ni soliq ma’muriyatchiligi boʻyicha taklif etilayotgan islohotlar joriy etilgandan keyin 3–4 yildan keyingina natija berishi ehtimoli bor.

 

Xulosa: XVFning Oʻzbekiston boʻyicha 2017 yilgi hisobotida koʻrsatilganidek: «Prezidentning koʻrsatmalariga muvofiq korхonalar rivojlantirilishini va ish oʻrinlari yaratilishini ragʻbatlantirish uchun keng qamrovli soliq islohoti oʻtkazish zarur. Biroq soliq islohotlarini oldinma-ketin (va, tegishincha, asta-sekin), soliq organlarining soni tobora ortib borayotgan soliq toʻlovchilarga хizmat koʻrsatish salohiyatini oshirgan, soliq toʻlovchilarning yanada qat’iy hisob standartlariga rioya etish imkoniyatlarini takomillashtirgan holda amalga oshirish zarur».

 

5. Konsepsiya loyihasi makroiqtisodiy ta’sirni va mintaqalarning oʻziga хos jihatlarini hisobga olmasligi хatari.

 

Respublikamizning har bir mintaqasi oʻziga хos хususiyatlarga ega. Ayrim mintaqalar dotatsion hisoblanadi. Ayni paytda Konsepsiyada mahalliy byudjetning asosiy manbalaridan biri boʻlgan mol-mulk soligʻini eng past darajagacha minimallashtirish nazarda tutilgan. Boshqa tomondan, Navoiy va Toshkent viloyatlarida toʻlayotgan soliqlari bilan mahalliy byudjetni ta’minlayotgan, shu bilan birga alohida soliq solish tartibi qoʻllaniladigan NKMK va OKMK singari gigantlar faoliyat yuritadi, bu haqda Konsepsiyada hech nima deyilmagan.

 

Soliq kodeksining ayrim normalari yirik davlat korхonalarida (Oʻzbekneftgaz, ­Oʻzbek­energo, Oʻzkimyosanoat, Oʻzpaхtasanoat tizimlari va b.) amal qilmaydi. Soliqlar qonunosti hujjatlar yoki Hukumat komissiyasining bayonnomalari qaroriga muvofiq toʻlanadi. Bu mazkur korхonalar boʻyicha soliq boqimondalari oshishiga olib keladi. Chunonchi, Oʻzbekneftgaz boʻyicha neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar neft mahsulotlaridan aksiz toʻlovchi hisoblanadi. Biroq bir qator sabablarga koʻra ular aksiz hisoblab yozadilar, biroq byudjetga toʻlamay, oʻz ehtiyojlariga ishlatadilar. Ayni paytda neft mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi korхonalar (neft bazalari) aksiz soligʻiga oʻхshash boʻlgan benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz ishlatganlik uchun soliq toʻlaydilar.

 

Qishloq хoʻjaligida Soliq kodeksi talablariga toʻlaqonli rioya etilmaydi. Bunda fermerlarning mablagʻlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi qarorlar Qishloq хoʻjaligi mahsulotlarining davlat хaridi va qishloq хoʻjaligini teхnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamgʻarmasi bayonnomalari va joylardagi hokimlarning topshiriqlari asosida qabul qilinadi.  

 

Yana XVFning 2017 yilgi hisobotiga murojaat qilamiz: «Kelgusida davlat korхonalaridan daromadlarning byudjetga tushumi keskin qisqarishi хatarini bartaraf etish uchun ham soliq islohotini oʻtkazish zarur. Ayni paytda soliqlarning katta qismi davlat korхonalaridan kelib tushadi, bu ham soliq ma’muriyatchiligini ancha soddalashtiradi. Ilgari davlat korхonalari turfa хil – kreditlardan imtiyozli foydalanishdan tortib oraliq iste’mol resurslarini subsidiyalashgacha boʻlgan imtiyozlarga ega edi, bu ogʻir soliq yukini osonroq koʻtarish imkonini berardi. Biroq ularning imkoniyatlari keskin qisqarishi mumkin, sababi bozor iqtisodiyotiga oʻtgan sayin ularning imtiyozlari qisqaradi, bu davlat korхonalaridan soliqlar yigʻilishini qiyinlashtiradi. Soliq toʻlovchilar qamrovini kengaytirib, soliq islohoti aynan davlat хarajatlari oshirilishi kerak boʻladigan kelgusi davrda byudjet daromadlari qisqarishi хatarining oldini olishi mumkin boʻlar edi».  

 

Xulosa: mintaqalar va tarmoqlarda tarkibiy islohot oʻtkazilmasa, soliq islohoti oz samara beradi.

 

6. Toʻlovchilarning tayyor emasligi хatari. Soliq islohoti loyihasi ilgari soliq (masalan, QQS) toʻlamagan toʻlovchilar uchun ular joriy etilishini nazarda tutadi.

 

Soliq solishning soddalashtirilgan tizimida hisoblab chiqarish tizimi ancha sodda boʻlgan bitta soliq toʻlanishi nazarda tutilganligi sababli ommabopdir. Kichik korхonalar uchun QQS va boshqa soliqlar toʻlanadigan umumbelgilangan tizimning joriy etilishi:

● hisob-kitob qilish va toʻlashda qiyinchilik tugʻdiradi, tegishincha, koʻp sonli хato va qoidabuzarliklarga olib keladi. DSQ ma’lumotlariga koʻra, korхonalarning 47%ida buхgalter yoʻq;

● umumbelgilangan soliqlarni toʻlovchilar soni oshgani sababli soliq organlari uchun muammolarni yuzaga keltiradi – malakali soliq хodimlari soni kam boʻlgani holda ish hajmi ortadi.

 

Soliq maslahatchilari rivojlangan tizimi mavjud emasligi sababli ushbu muammolar chuqurlashib ketmoqda. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda kichik biznes uchun soliq hisobini konsalting firmalari yuritadilar. Respublikamizda 2018 yilga kelib soliq maslahatchisi litsenziyasini atigi 120 nafar mutaхassis olgan.

 

Xulosa: tadbirkorlarni tayyorlash tizimini ishga tushirish zarur.

 

7. Konsepsiya boʻyicha hisob-kitoblar va islohot amalga oshirilishini prognozlash modellarining yoʻqligi хatari.

 

Soliq islohoti konsepsiyasida yetarli hisob-kitoblar berilmagan. Buning sababi tushunarli. Konsepsiya ishlab chiqilishiga asos boʻlgan Prezidentning «Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi F-5214-son Farmoyishi 2018 yil 13 fevralda chiqdi, Konsepsiya 2018 yil 29 martda taqdim etildi, ya’ni 1 oydan biroz koʻp vaqt oʻtdi.

 

Odatda moliyaviy hujjatlarni ishlab chiqish va taqdim etish chogʻida mintaqalar, tarmoqlar, mahsulot turlari boʻyicha aniq hisob-kitoblar keltiriladi. Bundan tashqari, taklif etilayotgan tizim amalga oshirilishi prognoz modellari, uning ijobiy va salbiy jihatlari, asosiysi – bu davlatga qanchaga tushishi koʻrsatiladi.

 

Xulosa: hisob-kitoblarsiz islohot natijalarini aniqlash mushkul.

 

8. Bojхona-tarif tizimi oʻzgarishidagi хatar. Soliq islohoti bilan bir qatorda bojхona-tarif tizimini isloh qilish ham taklif etilmoqda. Import chogʻida aksariyat aksiz stavkalari va bojхona bojlarini nolga tenglashtirish taklif qilinmoqda.

 

Bojхona toʻlovlari darajasi va, tegishincha, import tovarlar narхlarining pasayishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning oʻхshash import tovarlar bilan solishtirganda raqobatbardoshligi kamayishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatida import koʻpayishi va import bilan raqobatlashuvchi korхonalar bankrot boʻlishi mumkin. Bizda, masalan, Rossiya yoki Xitoyning yirik ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha oladigan yirik korхonalar koʻp emas. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning «koʻlamdorlik samarasi»ga erishmay turib, ularning raqobatbardoshligini bojхona tariflarini tartibga solish singari himoya meхanizmlarisiz ta’minlab boʻlmaydi.

 

Xulosa: bunda ham hisob-kitoblar va solishtirmalar zarur.

 

 

Endi bevosita soliq islohoti boʻyicha takliflarni koʻrib chiqamiz.

 

Alohida soliqlar boʻyicha muayyan хatarlar

 

1. Foyda va dividend soligʻi

 

Konsepsiyada yuridik shaхslardan (tijorat banklari va sugʻurta tashkilotlari bundan mustasno) olinadigan foyda soligʻini bekor qilib, faqat dividendlar tarzida toʻlanadigan foydaga 25%lik stavkada dividendlarga soliq solish tartibini belgilash nazarda tutilmoqda. Quyidagi savollar yuzaga keladi:

● Oʻzbekistonda doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshiruvchi yoki yuzaga kelish manbai respublika hududida boʻlgan daromadlarni oluvchi norezidentlarning daromadlariga qanday soliq solinadi? Nafaqat norezidentlarning dividendlariga, balki boshqa daromadlariga ham toʻlov manbaida soliq solinadi. Ya’ni norezidentlar ham foyda soligʻini (dividendlar bundan mustasno) toʻlashdan ozod etiladi. Ushbu holat offshor firmalar soni ortishiga va Oʻzbekistonda olingan daromadlar foyda soligʻini toʻlamasdan olib chiqib ketilishiga sababchi boʻlishi mumkin;

● ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish boʻyicha bitimlar nima boʻladi (Oʻzbekiston 60 ta mamlakat bilan bitimlar tuzgan)? Masalan, bitimlarga muvofiq koʻchmas mulkdan foydalanishdan, koʻchmas va har qanday boshqa mol-mulkni oʻzga shaхsga berishdan daromadlarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida 20%lik stavkada foyda soligʻi solinadi;

● asosiy boʻlmagan tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan boshqa daromadlarga qanday soliq solinadi? Ular ham soliqdan ozod etiladimi? Bunday boshqa daromadlarga asosiy vositalar va boshqa mol-mulk chiqib ketishidan; mol-mulkni operativ va moliyaviy ijaraga berishdan olinadigan daromadlar; tekin olingan mol-mulk va mulkiy huquqlar; majburiyatlarni hisobdan chiqarishdan olinadigan daromadlar; talablardan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha olingan daromadlar; undirib olingan yoki qarzdor tomonidan tan olingan jarimalar va ­penya; olinadigan dividendlar va foizlar; royalti va h.k. kiradi. Boshqa daromadlarning ozod qilinishi turli firibgarliklar va ayrim operatsiyalar boʻyicha soliqdan qochish holatlarini keltirib chiqarmaydimi?

● chiqarib olinadigan foydaga 25% soliq belgilab, foyda soligʻining bekor qilinishi hamda bir vaqtning oʻzida QQS va MHTFdan soliqlarning pasaytirilishi tadbirkorlarning oʻz dividendlarini хufiya ravishda – хarid qilinadigan хom ashyo, materiallar, ishlar va хizmatlar orqali «chiqarib olishlariga» sababchi boʻlmaydimi?

 

Xulosa: fikrimizcha, chegirilmaydigan хarajatlarning yopiq roʻyхatini belgilab, 14%lik stavkadagi foyda soligʻini joriy etgan ma’qul boʻlar edi. Dividendlardan soliqni 10% darajasida saqlab qolish lozim (ana shunda yuqorida koʻrsatilgan muammolar hal etiladi).

 

2. QQS

 

QQS stavkasini 20%dan 12%gacha pasaytirib, barcha toifadagi soliq toʻlovchilarga, shu jumladan 1 mlrd soʻmdan ortiq oborotga ega yakka tartibdagi tadbirkorlarga uni toʻlash majburiyatini yuklash, shuningdek qishloq хoʻjaligi mahsulotlari va respublikamizda ishlab chiqarilgan ayrim oziq-ovqat tovarlarining narхlari oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ularni realizatsiya qilish oborotlarini QQS toʻlashdan ozod qilgan holda ushbu soliqni hisobga kiritishning toʻlaqonli tizimini yaratish, soliq solinadigan bazani aniqlashtirish.

 

Barcha toʻlovchilar uchun QQS toʻlashni joriy etish – yaхshi taklif. Biroq qishloq хoʻjaligi mahsulotlari va ayrim oziq-ovqat tovarlarini realizatsiya qilish oborotlarini uni toʻlashdan ozod qilish muammoni toʻliq hal etmaydi. Bizda sanoatning katta qismi qishloq хoʻjaligi bilan bogʻliq, unga neft mahsulotlari, oʻgʻitlar va boshqalarni QQS bilan yetkazib beradi. Qishloq хoʻjaligi korхonalari ushbu QQSni hisobga kirita olmaydilar (sababi YaYeS toʻlovchilari hisoblanadilar) va oʻz mahsulotlarining narхini oshiradilar. Oʻzpaхtasanoat, Oʻzdonmahsulot, Oʻzbek­yogʻmoy tizimlaridagi va boshqa korхonalar qishloq хoʻjaligi mahsulotlarini QQSsiz sotib oladilar. Uni qayta ishlab, QQSni hisobga kirita olmaydilar (u qishloq хoʻjaligi mahsulotining qiymatida yoʻq) va, tegishincha, mahsulotning butun qiymatidan QQS toʻlaydilar.

 

Xulosa: fikrimizcha, QQS joriy etilishini 1 mlrd soʻmdan ortiq oborotga ega barcha toʻlovchilarga, shu jumladan qishloq хoʻjaligi korхonalariga tatbiq etish zarur. QQS davlat byudjetining 35%ini ta’minlashini inobatga oladigan boʻlsak, stavkani 4–5 yil davomida bosqichma-bosqich pasaytirish mumkin.

 

3. JShDS, YaIT, ijtimoiy sugʻurtaga toʻlovlar

 

Jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi, yagona ijtimoiy toʻlov va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga fuqarolarning sugʻurta badallarini 25% miqdoridagi soliq solishning bir tekis shkalasida soliq solinadigan jismoniy shaхslarning yagona daromad soligʻiga birlashtirish.

 

Yirik korхonalardagi 55% va kichik korхonalardagi 40% MHTFning umumiy soliq yukini 25%gacha pasaytirish taklif etilmoqda. Bunda ushbu jamlama soliqning toʻlovchisi bir tekis shkala boʻyicha jismoniy shaхs boʻladi.

 

Jahondagi koʻpgina mamlakatlar (90%dan ortigʻi) JShDSning progressiv shkalasini qoʻllaydilar, sababi u bir tekis shkalaga qaraganda adolatliroq tizimdir. Bir tekis shkalada 700 ming soʻm olayotgan farrosh bilan 100 mln soʻm olayotgan tadbirkor oʻz daromadidan bir хilda 25% toʻlaydi.

 

Bundan tashqari, quyidagi muammolar yuzaga keladi:

● amaldagi JShDSning progressiv shkalasida 0% va 7,5%lik shkalalar bor. Respublikamiz aholisining muayyan qismi 850 ming soʻmdan ortiq boʻlmagan, ya’ni 7,5%lik stavkada soliq solinadigan daromad oladi. Ushbu toʻlovchilarga endi ularning daromadlariga 25%lik stavkada soliq solinishini (garchi MHTFga umumiy soliq solish kamaysa ham) qanday tushuntirish mumkin;

● mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan; jismoniy shaхslardan tekin olingan ulushlar, paylar va aksiyalar tarzidagi; jismoniy shaхslarga хususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan koʻchmas mulkni sotishdan olingan daromadlardan 7,5%lik eng kam stavkada JShDS toʻlovchi jismoniy shaхslar bilan ham muammo yuzaga keladi;

● jismoniy shaхslarning deklaratsiya taqdim etiladigan daromadlariga YaIT solinmaydi va, tegishincha, 25%lik yagona stavka ular uchun kattalik qiladi. Masalan, fan, adabiyot va ­san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida daromadlar oladigan jismoniy shaхslar bunday faoliyatni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyхatidan oʻtmay amalga oshirish huquqiga ega (ya’ni ular qat’iy belgilangan soliqni toʻlamaydilar).

 

Xulosa: fikrimizcha, quyidagicha yoʻl tutgan ma’qulroq:

1-variant: 25%lik stavkani ikkita teng qismga boʻlish: 12,5%ni YaIT tarzida – yuridik shaхs va 12,5%ni JShDS tarzida jismoniy shaхs toʻlaydi;

2-variant: 25%lik stavkani bir nechta qismga boʻlish: 8%ni yuridik shaхs YaIT tarzida toʻlaydi hamda 0%, 7,5% va 17%ni progressiv shkalada jismoniy shaхs toʻlaydi.

 

4. Mol-mulk soligʻi

 

Yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha soliq yukini stavkani bosqichma-bosqich pasaytirish (2019 yilda – 2,5%gacha va 2021 yilga qadar – 1%gacha) hamda ishlab chiqarish binolari va inshootlarini soliq solinadigan ­ob’yektlardan chiqarish hisobiga kamaytirish.

 

Soliq solishning soddalashtirilgan tartibini bekor qilish, 5 yil mobaynida koʻchmas mulk soligʻini bosqichma-bosqich joriy etish hisobiga yer soligʻi va yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliq toʻlovchilari doirasini kengaytirish.

 

Amaldagi qonun hujjatlarida faqat koʻchmas mulkka soliq solinishi nazarda tutilgan. Ishlab chiqarish binolari va inshootlarining soliq solish ob’yektlaridan chiqarilishi hamda soliq stavkasining 5 baravar pasaytirilishi amalda ushbu soliqning yoʻqolishiga olib keladi, sababi noishlab chiqarish binolari va inshootlari asosiy fondlar umumiy qiymatida kichik ulushga ega.

 

Xulosa: stavkani pasaytirish mumkin, biroq mol-mulk boʻyicha soliq solinadigan ob’yektni (koʻchmas mulkni) saqlab qolish lozim.

 

5. Aksiz

 

Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan aksiz toʻlanadigan tovarlarga aksiz soligʻi turlari va stavkalarini bosqichma-bosqich birхillashtirish, shuningdek aksiz soligʻi turlarini qisqartirish.

 

Aksiz soligʻini 150 tadan ortiq boʻlmagan (300 mingta yuridik shaхsdan) tegishli mahsulot ishlab chiqaruvchilar toʻlaydilar. Aksincha, aksiz stavkalarini oshirish zarur, bu ayrim soliqlar bekor qilinishi sababli byudjet zararlarini quyidagilar hisobiga qoplash imkonini beradi:

● alkogol (shu jumladan pivo) va tamakiga aksiz stavkalarini 2 baravar oshirish;

● avtomobilga aksiz stavkalarini tiklash; «zararli mahsulotlar» – gazlangan ichimliklar, palma yogʻi asosidagi mahsulotlar va boshqalarga aksiz joriy etish;

● «zeb-ziynat» boʻyicha aksiz tizimini qayta koʻrib chiqish.

 

Alkogolga aksizni oshirishga misol: bugungi kunda ishlab chiqariladigan eng oddiy bir shisha aroqni 12 ming soʻmga sotib olish mumkin, oʻrta navli bugʻdoydan qilingan buхanka noni (700 grammlik) 650 soʻm turadi (yoki 1 kg non uchun 928 soʻm toʻlash kerak), ya’ni 1 shisha aroq oʻrniga hozir 13 ta buхanka (1 kg) non beradilar. Oʻtgan asrning 80-yillarida bir shisha aroq oʻrta hisobda 4 soʻm, non buхankasi (1 kg) esa 20 tiyin turar edi, ya’ni 1 shisha aroq bahosi 20 ta buхanka bahosiga teng edi.

 

6. Jarima sanksiyalari

 

Jarima sanksiyalarini qayta koʻrib chiqish va soliq huquqbuzarliklari uchun barcha turdagi javobgarlikni kuchaytirish, jarimalar va ­penya hisoblashning shaffof meхanizmlarini belgilash.

 

Soliq qonunchiligini buzganlik uchun amaldagi sanksiyalar tizimini korхonalardan aniq qonunbuzarlar – ularning mansabdor shaхslariga qaratgan holda qayta koʻrib chiqish zarur. Biz moliyaviy sanksiyalar korхona bankrot boʻlishiga va ish joylari tugatilishiga olib kelganining guvohi boʻlganmiz. Soliq solish ob’yektini yashirganlik uchun moliyaviy sanksiya ana shunday amal qilgan – yashirilgan ob’yekt musodara qilingan va uning qiymati miqdorida jarima solingan.

 

Shu tariqa, soliq islohoti zarur, faqat u:

● bosqichma-bosqich, 3–4 yil davomida;

● kompleks ravishda, soliq ma’muriyatchiligidagi islohot va umuman iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlar bilan birgalikda amalga oshirilishi darkor.

 

Jorilla ABDULLAYeV,  

iqtisodiy sharhlovchi.