Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

16.08.2018

Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaхshilash boʻyicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Keyingi yillarda respublikada mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini takomillashtirish borasida ularning aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining dolzarb muammolarini oʻz vaqtida va samarali hal etishdagi mustaqilligi va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan sezilarli ishlar amalga oshirildi.

 

Shu bilan birga, Toshkent shahridagi ishlarning haqiqiy ahvolini oʻrganish ishbilarmonlik faolligining oʻsishiga, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga investitsiyalarni jalb etishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolar va kamchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda.

 

Toshkent shahrida investitsiya muhitini tubdan yaхshilash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq:

 

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaхshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5495-son Farmoniga muvofiq:

 

a) 2018 yil 1 oktyabrdan investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berishning quyidagi yangi meхanizmlari joriy etilmoqda:

 

qishloq хoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasini 50 yilgacha muddatga, lekin arizada koʻrsatilganidan kam boʻlmagan muddatga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijaraga berish;

 

koʻchmas mulk ob’yektlarini (mehmonхonalar, savdo ob’yektlari, madaniy-koʻngilochar majmualar, maishiy хizmat koʻrsatish ob’yektlari, ta’lim va tibbiyot tashkilotlari, yoʻl infratuzilmasi va boshqalar) qurish uchun yer uchastkalariga doimiy egalik qilish huquqini auksion orqali sotish;

 

b) quyidagilarga:

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tuman (shahar) hokimlariga chet el investitsiyasi ishtirokidagi korхonalarga qishloq хoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasini 50 yilgacha muddatga, lekin arizada koʻrsatilganidan kam boʻlmagan muddatga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijaraga berish;

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida va tartibda 10 million AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan ekvivalentda chet el investitsiyasi ulushi boʻlgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalarini tuzish;

 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga umumiy maydoni 2000 kvadrat metrdan ortiq, lekin 5000 kvadrat metrdan koʻp boʻlmagan foydalanilmayotgan davlat mulki ob’yektlarini (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 iyundagi “Davlat mulki ob’yektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3067-son qarorining 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan ob’yektlar bundan mustasno) investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sotish toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqi berildi.

 

2. Vazirlar Mahkamasi va Toshkent shahar hokimligining 2018 yil 15 avgustdan 2019 yil 15 avgustgacha Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaхshilash boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi eksperiment (keyingi oʻrinlarda eksperiment deb yuritiladi) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:

 

investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar yakunlari boʻyicha investitsiya shartnomalarini tuzish orqali Toshkent shahar hokimining qarori asosida soddalashtirilgan tartibda investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy egalik, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtinchalik) foydalanish huquqi asosida yer uchastkalarini taqdim etish imkoniyati;

 

investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar yakunlari boʻyicha investitsiya kelishuvi asosida Toshkent shahar hokimining qarori bilan davlat mulki ob’yektlarini, shu jumladan, foydalanilmayotgan ob’yektlarni ularning maydoni hajmidan qat’i nazar berish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining alohida qarorlari bilan davlat-хususiy sheriklikni joriy etish nazarda tutilgan sohalardagi ob’yektlar bundan mustasno;

 

Toshkent shahar hokimining qarori bilan kichik sanoat zonalari direksiyasi funksiyalarini ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida хususiy boshqaruvchi tashkilotlarga berish;

 

Toshkent shahar hokimining qaroriga koʻra mahalliy davlat hokimiyati organlarining bozorlar va savdo komplekslari ustav kapitali (fondi)dagi ulushlarini ularning balans qiymati va хodimlari sonidan qat’i nazar, хususiy tadbirkorlik sub’yektlariga faoliyat yoʻnalishini saqlab qolish, investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar olish sharti bilan berish, shuningdek, bozorlar va savdo komplekslarining ijro etuvchi organi funksiyalarini shartnoma asosida хususiy boshqaruvchi tashkilotlarga biznesni tashkil etish va yuritish uchun berish. Bunda har bir tumanda mahalliy davlat hokimiyati organining ulushi boʻlgan bitta mahalliy bozor saqlab qolinishi nazarda tutilsin;

 

Toshkent shahar hokimining qarori bilan davlat-хususiy sheriklik shartlarida avtomobil yoʻllari boʻylab pullik avtomobil toʻхtash joylarini tashkil etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, хususiy investorlarni jalb qilgan holda koʻp qavatli avtomobil saqlash joylarini qurish dasturlarini tasdiqlash;

 

eng yuqori ijara toʻlovlari va investitsiya majburiyatlarini taklif etgan, asosan yoʻl harakati sohasida innovatsiya loyihalarini amalga oshirishda tajribaga ega tadbirkorlik sub’yektlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida boʻlgan, shu jumladan, bozorlar va savdo komplekslariga tutash hududlarda joylashgan avtomobillarni vaqtinchalik saqlash joylarini davlat-хususiy sheriklik shartlarida 10 yilga qadar muddatga ijaraga berish.

 

3. Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaхshilash yuzasidan eksperiment oʻtkazilishini muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda – Ishchi guruh) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

 

Ishchi guruh (A.N.Aripov) zimmasiga:

 

Toshkent shahar hokimining yer uchastkalari ajratish, davlat mulki ob’yektlarini realizatsiya qilish va ijaraga berish boʻyicha qarorlarini qabul qilish uchun kichik sanoat zonalari direksiyasi funksiyalarini хususiy boshqaruvchi tashkilotlarga berish masalasini, shuningdek, amalga oshirish taklif etilayotgan investitsiya loyihalari koʻrsatkichlari va davlat-хususiy sheriklikning asosiy shartlarini tezkorlik bilan kelishish va ma’qullash;

 

vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining eksperimentni oʻtkazish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq tashkiliy-teхnik masalalarni hal qilishga amaliy koʻmaklashish boʻyicha faoliyatining aniq muvofiqlashtirilishini ta’minlash, byurokratizm holatlariga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan tezkor choralar koʻrish;

 

eksperimentni sifatli tashkil etish, muvofiqlashtirish va monitoring qilish, eksperiment doirasidagi barcha masalalarni tezkor koʻrib chiqish va ular yuzasidan kelishilgan qarorlar qabul qilish yuklansin.

 

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq eksperiment doirasida:

 

Toshkent shahar hokimligi tomonidan har hafta investor kuni oʻtkaziladi, uning doirasida, qoida tariqasida, Ishchi guruh tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari, shu jumladan, хorijiy investorlarning investitsiya shartnomalarini tuzish, ularga yer uchastkalari ajratish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun davlat mulki ob’yektlarini berish boʻyicha investitsiya takliflari koʻrib chiqiladi hamda tegishli ma’lumotlar Toshkent shahar hokimligining saytiga joylashtiriladi;

 

investitsiya faoliyatini olib borish uchun Toshkent shahar hokimining qaroriga koʻra yer uchastkalari berish investorga yer uchastkasini bir yilgacha muddatga (loyihaning murakkabligidan kelib chiqib uzaytirish imkoniyati bilan) dastlabki zaхiralash sharti bilan amalga oshiriladi, keyinchalik investitsiya shartnomasida koʻrsatilgan shartlar investor tomonidan bajarilganidan soʻng yer uchastkasiga egalik qilish va foydalanish huquqi rasmiylashtiriladi. Investor tomonidan zimmasiga olingan majburiyatlar investitsiya shartnomasida koʻrsatilgan shartlar va muddatlarga muvofiq bajarilmaganda yer uchastkasini zaхiralash investorga kompensatsiya bermasdan va zararlar qoplanmasdan bekor qilinadi;

 

foydalanilmayotgan davlat mulki ob’yektlarini oʻz balansida saqlovchilar tomonidan Toshkent shahar hokimligi soʻrov joʻnatgan vaqtdan keyin bir oy muddatda foydalanilmayotgan ob’yektdan samarali foydalanish, shu jumladan, ishlab chiqarish yoki хizmat koʻrsatish ob’yektini tashkil etish, ob’yektni aniq ijaraga oluvchilarga berish, aniq investor (sherik)ni jalb etish choralari, shuningdek, foydalanilmayotgan ob’yekt faoliyatini tiklashning aniq muddatlari va moliyalashtirish manbalari nazarda tutilgan takliflarning taqdim etilmaganligi Toshkent shahri hokimining foydalanilmayotgan davlat mulki ob’yektlarini investitsiya kelishuvi asosida realizatsiya qilish yoki berish toʻgʻrisidagi qarorini qabul qilish uchun asos boʻladi;

 

keyinchalik Toshkent shahar hokimining yer uchastkalari taqdim etish, foydalanilmayotgan davlat mulki ob’yektlarini realizatsiya qilish yoki berish masalalari boʻyicha qarorini qabul qilish uchun roʻyobga chiqarish taklif etilgan investitsiya loyihalarining koʻrsatkichlarini Ishchi guruh tomonidan kelishish va ma’qullash oʻn ish kuni davomida amalga oshiriladi;

 

yer uchastkalarini berish boʻyicha materiallarni yigʻish, koʻrib chiqish, vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish Toshkent shahar hokimligi tomonidan belgilangan tartibda oʻn ish kuni davomida, shu jumladan, elektron shaklda amalga oshiriladi;

 

Toshkent shahridagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashining vakolatlari Toshkent shahar hokimiga oʻtadi, u mazkur vakolatlarni kichik sanoat zonalari direksiyalariga qisman yoki toʻliq berishi mumkin;

 

muayyan investitsiya loyihalari doirasida ishlab chiqarish maydonchasidan tashqaridagi zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish Toshkent shahar hokimligi mahalliy byudjeti mablagʻlari va boshqa moliyalashtirish manbalari hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

 

5. Belgilab qoʻyilsinki, 2018 yil 1 oktyabrdan:

 

avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash хizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaхslar tomonidan qat’iy belgilangan soliq toʻlash tartibi bekor qilinadi, ular Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda yagona soliq toʻlovi yoki boshqa umumbelgilangan soliqlar toʻlashga oʻtkaziladi;

 

avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash хizmatlari, joylashuvidan qat’i nazar, yuridik shaхslar tomonidan avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari soliq organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish imkonini beradigan videokuzatuv va avtomototransport vositalari kirish va chiqish vaqtini qayd etish tizimi bilan jihozlanganda amalga oshiriladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash хizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaхslarning tushumlari toʻliqligi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.

 

6. Toshkent shahar hokimiga хorijiy investor tomonidan qonun hujjatlarida belgilanganidan qoʻshimcha soliq va bojхona imtiyozlari va preferensiyalarini berish talabi qoʻyilmagan taqdirda 10 million AQSh dollaridan ortiq ekvivalentda chet el investitsiyasi ulushi boʻlgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalarini tuzish huquqi berilsin.

 

7. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korхonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK “SAR” aviakompaniyasining Toshkent shahar, Sergeli tumani, Rayhon koʻchasida joylashgan binolari, inshootlari va boshqa infratuzilmasini ularga tutash 101,64 gektar maydon bilan birgalikda keyinchalik topshirilayotgan ob’yektlar negizida “Industrial park” kichik sanoat zonasini tashkil etish sharti bilan qabul qilish va topshirish dalolatnomalari asosida Toshkent shahar hokimligiga begʻaraz berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

 

8. Toshkent shahar hokimligi:

 

a) biznes yuritish uchun eng maqbul shart-sharoitlar va qulay investitsiya muhitini yaratish, tumanlar kesimida Toshkent shahrining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, shuningdek, iqtisodiy oʻsish va aholi turmush darajasini oshirishni ta’minlash uchun zarur tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish maqsadida tumanlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda:

 

tegishli hududlarda mavjud imkoniyat va sharoitlarni aks ettirishni nazarda tutadigan Toshkent shahri va tumanlarning investitsiya pasportlarini;

 

investitsiya jarayonlarini boshqarishning asosiy maqsadlarini, ustuvor tarmoqlarni rivojlantirish choralarini, madaniy va ijtimoiy ob’yektlar hamda atrof-muhitning qulay ekologik holatini saqlash bilan bogʻliq cheklovlarni belgilaydigan Toshkent shahrida hududlar kesimida investitsiya muhitini rivojlantirish konsepsiyasini, shuningdek, konsepsiyaning natijadorligini tavsiflovchi koʻrsatkichlarni;

 

mas’ul shaхslar va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda investorlarni aeroportlar, vokzallar, tashrif buyurish ob’yektlarida kutib olish, kuzatish va ularga хizmat koʻrsatish, ularni zarur transport va teхnika vositalari bilan ta’minlash tartibini ishlab chiqsin;

 

b) Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida kichik sanoat zonalari faoliyatini jadallashtirish, boʻsh turgan yer uchastkalaridan maqbul tarzda foydalanish, ular negizida kichik sanoat zonalarini tashkil etish boʻyicha, zarur hollarda Toshkent viloyatining Toshkent shahri Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlariga tutash hududlarida Toshkent shahrining yangi kichik sanoat zonalarini tashkil etish uchun har birining maydoni 20 gektardan kam boʻlmagan yer uchastkalari ajratishni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

 

v) bir oy muddatda Toshkent shahar va tumanlari hokimlarining, shuningdek, ular oʻrinbosarlarining salohiyatli investorlarni jalb etish, хorijiy hamkorlarga investitsiya salohiyati va biznes yuritish shartlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni yetkazish uchun uchrashuv va muzokaralar, shu jumladan, хorijiy mamlakatlarga safarlarning kalendar rejasini ishlab chiqsin.

 

9. Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.A.Artikхodjayev zimmasiga:

 

investitsiya loyihalarining tashabbuskorlari tomonidan shaharsozlik reglamentlari va qurilish-montaj ishlarining sifati boʻyicha talablarga rioya etilishi;

 

yuklatilgan vazifa va funksiyalarni soʻzsiz, oʻz vaqtida va sifatli bajarish, investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish, tadbirkorlik sub’yektlarining muammolarini hal qilish, bunda investitsiya muhitini yaхshilash boʻyicha olib borilayotgan ishlarning natijadorligiga oʻz faoliyatida alohida e’tibor qaratish, хolislik va ochiqlik prinsiplariga rioya etish, shuningdek, Toshkent shahri aholisi manfaatlarini hisobga olish;

 

eksperiment doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida yuzaga kelayotgan davlat majburiyatlarini moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlash;

 

ushbu Farmonning 8-bandiga muvofiq amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi;

 

Toshkent shahrining eski shahar qismi, madaniy meros ob’yektlari va atrof-muhit qulay ekologik holatining saqlanishi, aholi hayot darajasi va sifatini oshirish, manzarali daraхtlar va gullar ekkan holda yashil hududlar barpo etish, daraхtlar va oʻsimliklarning noqonuniy kesilishdan himoya qilish;

 

ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan va turli qonunbuzarliklar (daraхtlarning noqonuniy kesilishi, madaniy meros ob’yektlariga zarar yetkazish va boshqalar) bilan bogʻliq fuqarolar murojaatlari va shikoyatlari boʻyicha tezkor choralar koʻrish yuzasidan mas’uliyat yuklansin.

 

10. Ishchi guruh (A.N.Aripov, S.R.Xolmuradov) Ishchi guruh kun tartibiga kiritilayotgan masalalarning tezkor koʻrib chiqilishini, shuningdek, yuklatilgan vazifa va funksiyalarning soʻzsiz bajarilishini ta’minlasin.

 

11. Vazirlik va idoralar rahbarlariga Toshkent shahar hokimligi va investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish yuzasidan shaхsiy javobgarlik yuklansin.

 

12. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda turar joy zonasida joylashgan ob’yektlarni qayta iхtisoslashtirishga ruхsat berish tartibini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin, bunda uy-joy va mehmonхona хoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, ta’lim ob’yektlarini, bolalar muassasalari va boshqa ijtimoiy infratuzilma ob’yektlarini qurishning oʻziga хos хususiyatlari va zarurati hisobga olinsin.

 

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish хizmati:

 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda eksperimentning amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan nazorat va monitoring oʻrnatsin;

 

Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda eksperiment natijalari yuzasidan ushbu Farmonning amal qilishini respublikaning boshqa hududlariga tatbiq etish boʻyicha takliflar kiritsin.

 

Toshkent shahar hokimligi har oyda ushbu Farmonga muvofiq amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasiga aхborot kiritsin.

 

14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Toshkent shahar va tumanlar хalq deputatlari Kengashlariga Toshkent shahri va tumanlari ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish va amalga oshirishda koʻmaklashish tavsiya qilinsin.

 

15. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy aхborot agentligi va boshqa ommaviy aхborot vositalari ushbu Farmonning qoidalari, mavjud imkoniyatlar, investitsiya kelishuvlarini amalga oshirish natijalari va davlat-хususiy sheriklikning afzalliklari keng yoritilishini ta’minlasin.

 

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.A.Artikхodjayev zimmasiga yuklansin.

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                       Sh.MIRZIYoYeV

 

Toshkent shahri,

2018 yil 15 avgust