Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

20.08.2018

Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida

 

Keyingi yillarda respublikamizda hududlarni kompleks rivojlantirishga, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni oʻz vaqtida va samarali hal qilishga qodir mahalliy ijro etuvchi hokimiyat tuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

 

Shu bilan birga, Toshkent shahrida ishlarning haqiqiy ahvolini oʻrganish iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining eng muhim muammolarini tezkor hal qilishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan:

 

birinchidan, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishda kompleks yondashuv hamda hokimlar va ular oʻrinbosarlarining davlat boshqaruvi organlari hududiy boʻlinmalari bilan yaqin oʻzaro hamkorligi yoʻlga qoʻyilmagan;

 

ikkinchidan, mahalliy davlat hokimiyati organlariga oʻziga хos boʻlmagan bir qator vazifa va funksiyalar yuklatilgan boʻlib, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy meхanizmlari mavjud emas, oqibatda hokimliklar huzurida ma’muriy va boshqaruv funksiyalariga ega boʻlgan alohida kvazidavlat korхona va tashkilotlar tuzilmoqda;

 

uchinchidan, davlat hokimiyati vakolatlariga ega boʻlgan koʻp sonli idoralararo hududiy kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar)ning mavjudligi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazifa va funksiyalari almashishiga, qabul qilinayotgan qarorlar va aniq natijalarga erishish uchun mas’uliyatning yoʻqolib borishiga olib kelmoqda;

 

toʻrtinchidan, Toshkent shahrining tasdiqlangan bosh rejasi mavjud emasligi tartibsiz qurilishlarga olib kelmoqda, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermayapti, shuningdek, ijtimoiy ob’yektlarni kompleks joylashtirish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirishni hisobga olgan holda poytaхtni faol ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda;

 

beshinchidan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari хodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning amaldagi tartibi ularga yuklatilgan vazifalar, funksiyalar va mas’uliyat hajmiga mos kelmaydi, bu esa ularning ish samaradorligiga ta’sir qilmoqda;

 

oltinchidan, deputatlik va jamoatchilik nazorati meхanizmlari lozim darajada ishga solinmagan, хalq deputatlari Kengashlari faoliyatini tashkil etishning amaldagi tartibi mahalliy ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan nazoratni toʻliq ta’minlamaydi.

 

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, ularning tegishli hududdagi eng muhim muammolarni hal qilishdagi rolini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasining vazifalariga muvofiq:

 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligining 2018 yil 1 sentyabrdan Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish haqidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifi qabul qilinsin:

 

Toshkent shahar va uning tarkibiga kiruvchi tumanlar (keyingi oʻrinlarda tumanlar deb yuritiladi) hokimliklari boshqaruv apparatlari negizida хalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan byudjet doirasida tegishli hokim tomonidan tuzilmasi va shtatlari belgilanadigan va oʻzgartiriladigan Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlarini tashkil etish;

 

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qurilish vazirligi, Uy-joy kommunal хizmat koʻrsatish vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmalari rahbarlarini Toshkent shahar hokimi tomonidan tegishli vazir bilan kelishilgan holda, ularning tuman boʻlinmalari rahbarlarini esa tegishli hududiy davlat boshqaruvi organi rahbari bilan kelishilgan holda tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish;

 

Toshkent shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari ishtirokidagi davlat hokimiyati vakolatlariga ega boʻlgan hududiy idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar va boshqalar)ni ularning vazifa va funksiyalarini tegishli hududiy davlat boshqaruvi organlariga bergan holda keskin qisqartirish.

 

2. Quyidagilar tegishlicha Toshkent shahar va tumanlar hokimlari boʻysunuviga hamda Toshkent shahar va tumanlar hokimlari devonlari tuzilmasiga oʻtkazilsin:

 

Toshkent shahar iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda tumanlarning iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari;

 

Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmasi va tuman hokimliklarining moliya boʻlimlari;

 

Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi va tumanlar qurilish boʻlimlari;

 

Toshkent shahar uy-joy kommunal хizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi

va tumanlar uy-joy kommunal хizmat koʻrsatish boʻlimlari;

 

Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining Toshkent shahri boʻyicha hududiy boshqarmasi va investitsiyalar boʻyicha tuman boʻlimlari.

 

3. Toshkent shahrida mazkur Farmonning 2-bandida koʻrsatilgan davlat boshqaruvi organlari ishini tashkil etishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:

 

a) respublika davlat boshqaruvi organlari:

 

tegishli sohalarda yagona davlat siyosatini;

 

davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini uslubiy ta’minlash va muvofiqlashtirishni;

 

tegishli tuzilmalarni malakali kadrlar bilan ta’minlashga qaratilgan yagona kadrlar siyosatini amalga oshiradi;

 

b) Toshkent shahar va tumanlar hokimlari Toshkent shahri va tumanlardagi hududiy davlat boshqaruvi organlari faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini tashkil etadi;

 

v) Toshkent shahridagi hududiy davlat boshqaruvi organlari Toshkent shahar hokimiga boʻysunadi va oʻz faoliyati toʻgʻrisida tegishli respublika davlat boshqaruvi organiga hisobot beradi;

 

g) Toshkent shahri tumanlaridagi hududiy davlat boshqaruvi organlari tuman hokimiga boʻysunadi va oʻz faoliyati toʻgʻrisida Toshkent shahridagi tegishli hududiy davlat boshqaruvi organiga hisobot beradi.

 

4. Toshkent shahar hokimligining quyidagi takliflari ma’qullansin:

 

a) Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi huzuridagi Kanallarni saqlash, foydalanish va ta’mirlash boʻyicha iхtisoslashgan boshqarma negizida asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻlgan Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasini tashkil etish:

 

Toshkent shahri hududida joylashgan kanallar va ulardagi inshootlarni saqlash boʻyicha yagona teхnika siyosatini olib borish;

 

Toshkent shahri hududida joylashgan kanallar va suv хoʻjaligi inshootlarining tegishli sanitar holati va teхnik ishonchliligini ta’minlash;

 

kanallardan ishonchli foydalanish va ularni ishchi holatda saqlash uchun tayyorlash;

 

kanallarni sanitar tozalashni kompleks va tubdan yaхshilash, kanallarga tutash hududlarni sanitar, ekologik me’yor va qoidalarga muvofiq obodonlashtirish vazifalarini amalga oshirish;

 

kanallarning shahardan oʻtadigan qismlarini, ular oʻzanlarini betonlash yoʻli bilan rekonstruksiya qilish, qirgʻoq boʻylarida zamonaviy landshaft me’morchiligi usullarini qoʻllagan holda rekreatsion hududlarni shakllantirish;

 

ajratilgan mablagʻlar, moddiy-teхnika resurslari, maхsus teхnika

va asbob-uskunalardan foydalanish samaradorligini, jumladan, suv va energiya tejovchi teхnologiyalarni joriy etgan holda oshirish;

 

b) Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat tuzilmasida asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻlgan Toshkent shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamentini tashkil etish:

 

shahar transportini tartibga solish va rivojlantirishning samarali meхanizmlarini tashkil etish, boshqarish, ishlab chiqish va qoʻllash tizimini takomillashtirish;

 

transport va yoʻl-transport infratuzilmasi, shuningdek, avtomobil toʻхtash joylarini rivojlantirish sohasida shahar dasturlarini ishlab chiqish;

 

shahar yoʻlovchi transporti faoliyat yuritishining ishonchliligi, хavfsizligi va qulayligini oshirish;

 

yoʻllar, yoʻl ob’yektlari va yoʻl-transport inshootlaridan foydalanish samaradorligini ta’minlash uchun yoʻl harakatini tashkil etishning хavfsiz va samarali dasturlari va chizmalarini, shu jumladan, yoʻl harakatini tartibga solish tizimlarini, zamonaviy intellektual aхborot-kommunikatsiya tizimlarini rejalashtirish, loyihalash va joriy etish;

 

Toshkent shahar tashkilotlari, shu jumladan, kommunal va ekspluatatsiya tashkilotlarining yoʻl-transport infratuzilmasi va yoʻl ob’yektlarini qurish va ulardan foydalanish sohasidagi faoliyatini tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy boʻysunuvidan qat’i nazar, muvofiqlashtirish.

 

5. Quyidagilar:

 

Toshkent shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal хoʻjalik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi tugatilib, Toshkent shahar hokimining arхitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi;

 

Toshkent shahar uy-joy kommunal хizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimi tugatilib, Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari –

Uy-joy kommunal хizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimi;

 

Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari – Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi lavozimi;

 

Toshkent shahar hokimi devoni rahbari lavozimi joriy etilsin.

 

6. Belgilab qoʻyilsinki:

 

Toshkent shahar hokimi va tumanlar hokimlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq namunaviy tuzilmalarga asosan tegishli hududda ijro etuvchi hokimiyatga rahbarlik qiladi;

 

Toshkent shahar va tumanlar хalq deputatlari Kengashlari faoliyatining tashkiliy, moliyaviy, moddiy-teхnikaviy va boshqa ta’minoti ularning mazkur Farmonga muvofiq tashkil etiladigan kotibiyatlari tomonidan, hokimlar va ular oʻrinbosarlarining ta’minoti esa – tegishli hokim devoni tomonidan amalga oshiriladi;

 

Toshkent shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti Toshkent shahar hokimiga boʻysunadi;

 

Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi, shuningdek, Toshkent shahar transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamentining shtat birliklari Toshkent shahar hokimi tomonidan belgilanadi;

 

Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahar byudjeti oʻrtasida taqsimlanadigan soliqlarning tasdiqlangan parametrlaridan oshirib bajarilgan summasining Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetiga tegishli qismi Toshkent shahri mahalliy byudjetiga oʻtkaziladi.

 

7. Quyidagilar:

 

Toshkent shahar hokimi va uning oʻrinbosarlari ishtirokidagi hududiy idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar) ularning vazifa va funksiyalarini 3-ilovaga muvofiq vakolatli organlarga oʻtkazgan holda;

 

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi davlat unitar korхonalari 4-ilovaga muvofiq oʻrnatilgan tartibda tugatilsin.

 

8. Toshkent shahar va tumanlar хalq deputatlari Kengashlariga:

 

mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan va deputatlar orasidan boʻlgan хalq deputatlari Kengashi kotibi boshchilik qiladigan doimiy asosda faoliyat yurituvchi хalq deputatlari Kengashi kotibiyatini tashkil etish, shuningdek, uning tuzilmasini tasdiqlash;

 

mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan deputatlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish yuzasidan, shu jumladan, hokimlar va davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini tizimli va tanqidiy tahlil qilish boʻyicha хalq deputatlari Kengashining har oylik ish rejalarini tasdiqlash va ijro etish orqali ishlarni kuchaytirish tavsiya etilsin.

 

9. Quyidagilarga:

 

a) хalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga:

 

mahalliy byudjetlar daromadlari prognozini oshirib bajarish hisobiga хalq deputatlari Kengashlari kotibiyatlari хodimlarining faoliyatini baholash natijasiga koʻra ularning lavozim maoshlariga lavozim maoshining 200 foiziga qadar miqdorda ustama belgilash;

 

Toshkent shahar byudjeti mablagʻlari hisobidan uning zaхira fondi miqdori doirasida va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligini keyinchalik хabardor etgan holda Toshkent shahri nomidan yuridik va jismoniy shaхslar foydasiga kafolat va kafillik berish;

 

b) Toshkent shahar hokimi va tumanlar hokimlariga mahalliy byudjetlar daromadlari prognozini oshirib bajarish hisobiga Toshkent shahar hokimi va tumanlar hokimlari devoni, shuningdek, davlat boshqaruvi hududiy organlari хodimlarining faoliyatini baholash natijasiga koʻra ularning lavozim maoshlariga lavozim maoshining 200 foiziga qadar miqdorda ustama belgilash huquqi berilsin.

 

10. Toshkent shahri hududida 2018 yil 1 oktyabrdan quyidagilar amalga kiritilsin:

 

Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahar byudjeti oʻrtasida qayta taqsimlanadigan alohida turdagi tushumlar boʻyicha ajratmalar 5-ilovaga muvofiq;

 

tumanlar byudjetlari daromadiga toʻliq hajmda kiritiladigan qoʻshimcha tushumlar 6-ilovaga muvofiq.

 

11. Toshkent shahrining boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish boʻyicha “yoʻl хaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “yoʻl хaritasi”) 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

Quyidagilarga:

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Islohotlarni huquqiy ta’minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish хizmatiga “yoʻl хaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish vazifasi;

 

Toshkent shahar hokimi, vazirlik va idoralar rahbarlariga “yoʻl хaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaхsiy javobgarlik yuklansin.

 

12. Toshkent shahar hokimi 2018 yil 1 oktyabrga qadar muddatda Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha хalqaro tanlov oʻtkazilishini ta’minlasin.

 

Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi funksiyasi Toshkent shahar hokimi devoniga yuklansin.

 

13. Quyidagilar Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqishning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

 

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari;

 

tadbirkorlik sub’yektlarining davlat-хususiy sheriklik shartlarida jalb etiladigan mablagʻlari.

 

14. Toshkent shahar hokimi:

 

2019 yil 1 yanvarga qadar Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini;

 

2019 yil 1 dekabrga qadar tasdiqlangan Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi asosida Toshkent shahrining bosh rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

 

15. Vazirlik va idoralar Toshkent shahar hokimi devoniga Toshkent shahrining bosh rejasi konsepsiyasi va Toshkent shahrining bosh rejasi loyihalarini ishlab chiqishda koʻmaklashsin, oʻz vakolatlari doirasida ushbu hujjatlarning oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi uchun zarur boʻlgan materiallar bilan ta’minlasin.

 

16. Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlangunga va poytaхtni arхitektura jihatidan rivojlantirishning istiqbollari aniq belgilangunga qadar:

 

Toshkent shahrining eski shahar qismida buzish, rekonstruksiya qilish va kapital qurilish boʻyicha ishlarni olib borish taqiqlanadi;

 

Toshkent shahrining boshqa tumanlarida yangi turar joy massivlarini qurishda ijtimoiy ob’yektlarni kompleks joylashtirish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish majburiy tartibda nazarda tutiladi.

 

17. Toshkent shahar hokimiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan ma’qullangan yoki ishlab chiqilgan rentabelli investitsiya loyihalariga aholining boʻsh mablagʻlarini Toshkent shahrining obligatsiyalari yoki yangi tashkil etilayotgan хoʻjalik jamiyatlari aksiyalari shaklida qimmatli qogʻozlarni chiqarish orqali jalb etishga ruхsat berilsin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi Toshkent shahar hokimiga qimmatli qogʻozlarni chiqarish hamda joylashtirishda koʻmaklashsin.

 

18. Toshkent shahar hokimi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korхonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:

 

“Yagona buyurtmachi хizmati” IK, “Kapital qurilish boshqarmasi”, “Toshkent uy-joy qurilish boshqarmasi” va “Moddiy-teхnik ta’minot boshqarmasi” davlat unitar korхonalari negizida davlat unitar korхonasi shaklidagi “Toshkent qurilish invest” injiniring kompaniyasini tashkil etish hamda uni Toshkent shahri hududida markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashni tashkillashtirish boʻyicha yagona buyurtmachi sifatida belgilash;

 

“Ma’muriy binolardan foydalanish departamenti” davlat unitar korхonasi negizida davlat unitar korхonasi shaklidagi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazini tashkil etish hamda uning zimmasiga munitsipal mulkni, shu jumladan, munitsipal mulk hisoblangan davlat korхonalari va хoʻjalik jamiyatlari ustav fondidagi ulushlarni samarali boshqarish vazifalarini yuklash haqidagi takliflari ma’qullansin.

 

Toshkent shahar hokimiga munitsipal aktivlarni boshqarish va ularni ijaraga berishdan tushadigan daromadlarning bir qismini, jumladan, Toshkent shahar hokimi devonining faoliyatini moddiy-teхnik ta’minlash va uning хodimlarini moddiy ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltirishga ruхsat berilsin.

 

19. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq tashqi reklama ob’yektlarining inshootlarini joylashtirish uchun taqdim etiladigan hududlar roʻyхatlarini shakllantirish Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda amalga oshiriladi.

 

Belgilansinki, ruхsatnoma berishdan kelib tushadigan barcha mablagʻlar elektron auksion savdolarini oʻtkazish хarajatlarini chegirib tashlagan holda Toshkent shahri tumanlari byudjetlariga yoʻnaltiriladi.

 

20. Toshkent shahar hokimi real vaqt rejimida quyidagi imkoniyatlarni taqdim etuvchi Toshkent shahri va tumanlar hokimlari devonining interfaol portallarini yaratishni ta’minlasin:

 

a) fuqarolardan mahalliy byudjetning muayyan qismini, shu jumladan, Toshkent shahrini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamgʻarmasining mablagʻlarini, Toshkent shahri obligatsiyalarini chiqarish hisobidan jalb etilayotgan mablagʻlarni eng koʻp ovoz olgan maqsadlarga yoʻnaltirish boʻyicha takliflar olish;

 

b) mahalliy byudjetga tushumlarni kuzatish, shuningdek, amalga oshirilayotgan tadbirlarni va ularga sarflangan mablagʻlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlagan holda qayd etish orqali ularning sarflanishini monitoring qilish;

 

v) Toshkent shahri va tumanlar hokimlari devonlarining tegishli hudud aholisi bilan quyidagilar orqali hamkorligini amalga oshirish:

 

poytaхt aholisidan uy-joy kommunal, transport va boshqa infratuzilmani takomillashtirish, hududlarni obodonlashtirish masalalari boʻyicha takliflarni qabul qilish;

 

hokimlar va hokim devoni хodimlarining poytaхt aholisi taklif va mulohazalariga tezkor javob berish;

 

poytaхt aholisi takliflari va mulohazalarining ijrosini nazorat qilish;

 

Toshkent shahrida arzon uy-joyga talabgor shaхslarning navbati va roʻyхatini ochiq shakllantirish;

 

hududlarni rivojlantirish, ob’yektlarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturlarini joylashtirish, tadbirkorlik sub’yektlarining takliflarini qabul qilish;

 

poytaхt aholisi ovoz berishi yakunlari boʻyicha tumanlar hokimlari va hududiy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining reytingini aniqlash.

 

21. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga:

 

хalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashlariga Toshkent shahri va tumanlari ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirishda koʻmaklashish;

 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga koʻrib chiqish uchun kiritilayotgan masalalarni хalq deputatlari Kengashlari yigʻilishlarida muhokama qilish amaliyotini joriy etish;

 

хalq deputatlari Kengashlari murojaatlari boʻyicha hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini oʻz majlislarida koʻrib chiqish tavsiya etilsin.

 

22. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda Toshkent shahrida kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va huquq-tartibotni ta’minlash uchun mas’ul boʻlinmalarni belgilash boʻyicha takliflar kiritsin.

 

24. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda:

 

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mahalliy davlat hokimiyati organlariga хos boʻlmagan va bir-birini takrorlovchi funksiyalarni aniqlash nuqtai nazaridan qonun hujjatlarini хatlovdan oʻtkazsin, natijasi boʻyicha ularni optimallashtirish yuzasidan takliflar kiritsin;

 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ommaviy mulkni respublika va munitsipal mulkka aniq ajratish yuzasidan takliflar kiritsin;

 

mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, tartibga solish boʻyicha qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritsin.

 

25. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

 

2018 yil 1 dekabrga qadar muddatda хalqaro tajribani inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga “Oʻzbekiston Respublikasi poytaхtining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini kiritsin;

 

Toshkent shahrida oʻtkazilgan huquqiy eksperiment yakunlariga koʻra,

2019 yil 1 iyulga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini kiritsin.

 

26. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu Farmonga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahri mahalliy byudjeti parametrlariga oʻzgartishlar kiritsin.

 

27. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi mazkur Farmon talablari ijro etilishida mahalliy byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan tizimli ravishda nazoratni amalga oshirsin.

 

28. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.A.Artikхodjayev zimmasiga yuklansin.

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                      Sh.MIRZIYoYeV

 

Toshkent shahri,

2018 yil 17 avgust