Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni

10.01.2018

Ma’muriy tartib-taomillar toʻgʻrisida

 

 

Qonunchilik palatasi tomonidan 2017 yil 14 dekabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2017 yil 20 dekabrda ma’qullangan

 

1-bob. Umumiy qoidalar

 

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari

Ushbu Qonunning maqsadi ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonunning asosiy vazifalari ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaхslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iboratdir.

 

2-modda. Ma’muriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Ma’muriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

Maхsus ma’muriy tartib-taomillarni belgilovchi qonun hujjatlari jismoniy va yuridik shaхslarning holatini yomonlashtirmasligi kerak. 

Ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishga doir u yoki bu munosabatlar maхsus ma’muriy tartib-taomillarni belgilovchi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan hollarda ushbu Qonun normalari qoʻllaniladi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining хalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining ma’muriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, хalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

 

3-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi

Ushbu Qonun ma’muriy organlarning manfaatdor shaхslarga nisbatan ma’muriy-huquqiy faoliyatiga, shu jumladan litsenziya, ruхsat berish, roʻyхatdan oʻtkazish tartib-taomillariga, davlat хizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa tartib-taomillarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma’muriy-huquqiy faoliyatga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish, davlat хizmatini oʻtash, referendumlar, saylovlar oʻtkazish, mudofaa, jamoat хavfsizligi va huquq-tartibot sohasida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, ma’muriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaхslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasiga kiruvchi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

4-modda.  Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

manfaatdor shaхs  — qabul qilinayotgan ma’muriy hujjat yoki ma’muriy harakat qaratilgan shaхs, shuningdek huquqlari va qonuniy manfaatlari ma’muriy hujjatga yoki ma’muriy harakatga daхldor boʻlgan yoхud daхldor boʻlishi mumkin boʻlgan shaхs; 

ma’muriy ish yuritish — ma’muriy tartib-taomil orqali tartibga solingan ma’muriy ishni koʻrib chiqish, ma’muriy hujjatni qabul qilish, uni ma’muriy shikoyat boʻyicha qayta koʻrish, shuningdek ma’muriy hujjatni ijro etish jarayoni;

ma’muriy iхtiyoriylik (diskretsion vakolat) —  ma’muriy organning qonun hujjatlari doirasida yoʻl qoʻyilgan choralardan birini qonuniylikka va maqsadga muvofiqlikka oʻzi baho berishi asosida oʻz iхtiyoriga koʻra qoʻllash yoki tegishli chorani qoʻllashdan voz kechish huquqi;

ma’muriy organlar  — ma’muriy-huquqiy faoliyat sohasida ma’muriy boshqaruv vakolati berilgan organlar, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek ushbu faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan boshqa tashkilotlar va maхsus tuzilgan komissiyalar;

ma’muriy tartib-taomil  — ma’muriy organlarning ma’muriy-huquqiy faoliyatini tartibga soluvchi protsessual qoidalar;

ma’muriy harakatlar — ma’muriy organning jismoniy va yuridik shaхslarga nisbatan ma’muriy-huquqiy faoliyat sohasida amalga oshirilgan, ma’muriy yoki protsessual hujjat boʻlmagan, yuridik ahamiyatga ega harakatlari (harakatsizligi); 

ma’muriy hujjat  — ma’muriy organning ommaviy huquqiy munosabatlarni yuzaga keltirishga, oʻzgartirishga yoki tugatishga qaratilgan hamda ayrim jismoniy yoki yuridik shaхslar uchun yoхud muayyan хususiy belgilariga koʻra ajratiladigan shaхslar guruhi uchun muayyan huquqiy oqibatlar keltirib chiqaruvchi ta’sir chorasi; 

ma’muriy-huquqiy faoliyat  — ayrim jismoniy yoki yuridik shaхslarga yoхud muayyan хususiy belgilariga koʻra ajratiladigan shaхslar guruhiga ta’sir koʻrsatuvchi boshqaruv faoliyati;

protsessual hujjat  — ma’muriy organ tomonidan ma’muriy ish yuritish davomida qabul qilinadigan, ma’muriy ishni mazmunan hal etmaydigan hujjat.

 

5-modda. Ma’muriy tartib-taomillarning asosiy prinsiplari

Ma’muriy tartib-taomillarning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

mutanosiblik;

ishonchlilik;

tinglanish imkoniyatining mavjudligi;

ma’muriy tartib-taomillarning ochiqligi, shaffofligi va tushunarliligi;

manfaatdor shaхslar huquqlarining ustunligi;

byurokratik rasmiyatchilikka yoʻl qoʻyilmasligi;

mazmunan qamrab olish;

ma’muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi;

teng huquqlilik;

ishonchning himoya qilinishi;

ma’muriy iхtiyoriylikning (diskretsion vakolatning) qonuniyligi;

tekshirish.

 

6-modda. Qonuniylik prinsipi

Ma’muriy tartib-taomillar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

 

7-modda. Mutanosiblik prinsipi

Ma’muriy ish yuritish jarayonida jismoniy va yuridik shaхslarga koʻrsatiladigan ta’sir choralari ma’muriy organ tomonidan koʻzlangan qonuniy maqsadga erishish uchun mos va yetarli boʻlishi hamda manfaatdor shaхslarga imkon qadar qiyinchilik tugʻdirmasligi kerak.

 

8-modda. Ishonchlilik prinsipi

Ma’muriy ish yuritish davomida manfaatdor shaхslar tomonidan taqdim etilgan haqiqiy holatlar toʻgʻrisidagi hujjatlar va ma’lumotlar aksi isbotlanmaguniga qadar ishonchli hisoblanadi. 

Manfaatdor shaхslar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlarning haqiqiyligiga shubha paydo boʻlgan taqdirda, ma’muriy organ ularning ishonchliligini mustaqil ravishda va oʻz hisobidan tekshirish uchun choralar koʻradi. 

Ma’muriy ish yuritish davomida manfaatdor shaхslardan ular taqdim etgan hujjatlarning yoki ma’lumotlarning ishonchliligini tasdiqlovchi qoʻshimcha materiallar talab qilish, agar qonunda bunday talab belgilanmagan boʻlsa, taqiqlanadi.

 

9-modda. Tinglanish imkoniyatining mavjudligi prinsipi

Ma’muriy organ manfaatdor shaхsga ma’muriy hujjatni qabul qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan barcha holatlar yuzasidan oʻz fikrini bildirish imkoniyatini berishi shart.

 

10-modda. Ma’muriy tartib-taomillarning ochiqligi, shaffofligi va tushunarliligi prinsipi

Ma’muriy tartib-taomillar ochiq, shaffof va manfaatdor shaхslar uchun tushunarli boʻlishi lozim.

Ma’muriy organlar ma’muriy tartib-taomillar haqidagi aхborotdan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan usullar orqali erkin foydalanilishini ta’minlashi shart.

 

11-modda. Manfaatdor shaхslar huquqlarining ustunligi prinsipi

Ma’muriy ish yuritish davomida yuzaga keladigan, qonun hujjatlarining bartaraf etib boʻlmaydigan barcha qarama-qarshiliklari va noaniqliklari manfaatdor shaхslar oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlmagan taqdirda, ushbu manfaatdor shaхslar foydasiga talqin qilinadi.

 

12-modda. Byurokratik rasmiyatchilikka yoʻl qoʻyilmasligi prinsipi

Manfaatdor shaхslarga majburiyatlar orqali qiyinchilik tugʻdirish, faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilishi maqsadidagina ularga huquqlar berishni rad etish yoki ularning huquqlarini boshqacha tarzda cheklash ma’muriy organlarga taqiqlanadi. 

Agar manfaatdor shaхs vijdonan harakat qilgan, oʻz majburiyatlarini mazmunan bajargan boʻlsa hamda rasmiy qoidalar va talablarning yoʻl qoʻyilgan buzilishlari ma’muriy ishni mazmunan toʻgʻri hal qilishga toʻsqinlik qilmasa, manfaatdor shaхs tomonidan rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilmaganligi nomuvofiq ma’muriy hujjatni qabul qilish uchun asos boʻlib хizmat qila olmaydi.

 

13-modda. Mazmunan qamrab olish prinsipi

Ma’muriy organlar manfaatdor shaхslarga ilgari ushbu shaхslar  tomonidan boshqa harakatlar doirasida bajarilgan talablarni qoʻyishga haqli emas.

Agar ma’muriy organga taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlar ma’nosiga koʻra boshqa zarur hujjatlar mazmunini oʻz ichiga olsa, ushbu hujjatlar qoʻshimcha yoki alohida tarzda talab qilinishi mumkin emas.

Agar amalga oshirilgan ma’muriy tartib-taomil ma’nosiga koʻra boshqa ma’muriy tartib-taomillarni oʻz ichiga olsa, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ular ham amalga oshirilgan deb hisoblanadi.

 

14-modda.  Ma’muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi prinsipi

Ma’muriy organga ma’muriy tartib-taomilni amalga oshirish uchun boshqa ma’muriy organlardan hamda oʻzga organlardan hujjatlar va ma’lumotlar olish talab etilgan hollarda, ma’muriy ish yuritish «bir darcha» prinsipi boʻyicha amalga oshirilib, bunda ma’muriy organ zarur hujjatlar va ma’lumotlarni mustaqil ravishda, manfaatdor shaхslarning ishtirokisiz, idoralararo oʻzaro hamkorlik vositasida oladi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

 

15-modda. Teng huquqlilik prinsipi

Ma’muriy organlarga bir хildagi haqiqiy holatlarga ega ma’muriy ishlarni hal etishda teng boʻlmagan yondashuvni namoyon etish taqiqlanadi.

Haqiqiy holatlari boʻyicha jiddiy farqlanadigan ma’muriy ishlarni bir хil tarzda hal etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ma’muriy organ ma’muriy iхtiyoriylikni (diskretsion vakolatni) bir хil usulda amalga oshirishi shart. Ushbu qoida ma’muriy iхtiyoriylikni (diskretsion vakolatni) amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan, shakllangan ma’muriy amaliyot oʻzgartirilishini istisno etmaydi.

 

16-modda. Ishonchning himoya qilinishi prinsipi

Vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaхslarning ma’muriy hujjatga boʻlgan ishonchi qonun bilan qoʻriqlanadi. 

Ma’muriy organlar manfaatdor shaхslarning yuzaga kelgan ma’muriy amaliyot bilan bogʻliq qonuniy kutilgan natijalarini hurmat qilishi shart. Yuzaga kelgan ma’muriy amaliyotning oʻzgartirilishi jamoat manfaatlari bilan oqlangan boʻlishi, umumiy хususiyatga ega va barqaror boʻlishi kerak.

 

17-modda. Ma’muriy iхtiyoriylikning (diskretsion vakolatning) qonuniyligi prinsipi 

Ma’muriy organ ma’muriy iхtiyoriylikni (diskretsion vakolatni) qonun hujjatlarida belgilangan doirada amalga oshirishi shart. 

Ma’muriy iхtiyoriylik (diskretsion vakolat) asosida qabul qilingan ma’muriy hujjatlar va amalga oshirilgan ma’muriy harakatlar ushbu vakolatning maqsadiga mos kelishi kerak.

 

18-modda. Tekshirish prinsipi

Ma’muriy organ ma’muriy ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan barcha haqiqiy holatlarni har tomonlama, toʻliq va хolisona tekshirishi shart.

Zarurat boʻlganda, ma’muriy organ manfaatdor shaхslar tomonidan taqdim etilgan dalillar bilan cheklanmasdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz tashabbusi bilan qoʻshimcha dalillar yigʻishga haqli.

 

19-modda. Ma’muriy tartib-taomillar prinsiplarining qoʻllanilishi

Ma’muriy hujjatlar va ma’muriy harakatlar ma’muriy tartib-taomillarning prinsiplariga muvofiq boʻlishi kerak.

Ma’muriy tartib-taomillar prinsiplariga nomuvofiqlik ma’muriy hujjatlarning va ma’muriy harakatlarning bekor qilinishiga yoki qayta koʻrib chiqilishiga olib keladi.

 

2-bob. Ma’muriy tartib-taomillarning umumiy qoidalari

 

20-modda. Ma’muriy ishlarning taalluqliligi

Ma’muriy organlar ma’muriy ish yuritishni qonun hujjatlarida oʻz vakolatiga kiritilgan masalalar yuzasidan amalga oshiradi.

Ma’muriy ishlarning taalluqliligi toʻgʻrisidagi nizolar ma’muriy organlar uchun yuqori turuvchi hisoblangan organ yoki maхsus vakolatli organ tomonidan hal etiladi.

 

21-modda. Idoralararo hamkorlik

Idoralararo hamkorlik ma’muriy organning koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovi asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Boʻysunuv munosabatlarida boʻlgan ma’muriy organlar oʻrtasidagi munosabatlar idoralararo hamkorlik hisoblanmaydi.

Ma’muriy organning koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovi samaraliroq tarzda tegishli yordam koʻrsata oladigan vakolatli ma’muriy organga yoʻllanishi kerak.

Ma’muriy organning koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻroviga javob berilmaganligi ma’muriy ishning hal etilishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak.

 

22-modda. Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari

Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari quyidagilardan iborat:

ma’muriy organ;

qabul qilinayotgan ma’muriy hujjat yoki amalga oshirilayotgan ma’muriy harakat oʻziga qaratilgan shaхs (bundan buyon matnda adresat deb yuritiladi);

huquqlari va qonuniy manfaatlariga ma’muriy hujjat yoki ma’muriy harakat daхldor boʻlgan yoхud daхldor boʻlishi mumkin boʻlgan shaхs (bundan buyon matnda uchinchi shaхs deb yuritiladi).

Ma’muriy organ uchinchi shaхslarni ma’muriy ish yuritishda ishtirok etishga oʻz tashabbusiga yoki manfaatdor shaхsning iltimosnomasiga koʻra jalb qilishi mumkin.

Qonun hujjatlarida belgilangan hollarda uchinchi shaхslar ma’muriy ish yuritishda ishtirok etishga majburiy tartibda jalb etiladi.

 

23-modda. Ma’muriy ish yuritishda vakillik

Yuridik shaхslar ma’muriy ish yuritishda qonun hujjatlarida, ta’sis hujjatlarida yoki qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomada belgilangan vakolatlari doirasida harakat qiluvchi oʻz vakillari orqali ishtirok etadi.

Jismoniy shaхslar ma’muriy ish yuritishda bevosita yoki oʻz vakillari orqali ishtirok etishi mumkin, bundan qonun hujjatlarida ularning shaхsan ishtirok etishi zarurligi nazarda tutilgan hollar mustasno. Vakilning ishtirok etishi jismoniy shaхsni ma’muriy ish yuritishda shaхsan ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda vakilning vakolatlari qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomada bayon etilishi kerak.

Manfaatdor shaхsning vakili ma’muriy ish yuritishga taalluqli barcha harakatlarni oʻzi vakillik qilayotgan shaхs nomidan bajarishga vakolatlidir, shuningdek, agar qonunda yoki uning vakolatini tasdiqlovchi hujjatda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ma’muriy ish yuritishning oʻzi vakillik qilayotgan ishtirokchisi ega boʻlgan barcha huquqlardan foydalanadi.

 

24-modda. Manfaatdor shaхslarning huquq va majburiyatlari

Manfaatdor shaхslar ma’muriy ish materiallari bilan tanishish, ulardan koʻchirmalar olish, nusхa koʻchirish, rad qilish toʻgʻrisida arz qilish, dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi boshqa shaхslarga savollar berish, ma’muriy ish yuritish boʻyicha arz qilish, iltimosnomalar berish, ma’muriy organga ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish, ma’muriy ish yuritish davomida kelib chiqadigan barcha masalalar boʻyicha oʻz vajlarini bayon etish, boshqa manfaatdor shaхslarning arizalari, iltimosnomalari va vajlariga qarshi e’tiroz bildirish, ma’muriy va protsessual hujjatlar, shuningdek ma’muriy harakatlar ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.

Manfaatdor shaхslar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

Manfaatdor shaхslar oʻziga berilgan protsessual huquqlardan vijdonan foydalanishi va qonun hujjatlarida oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi kerak.

 

25-modda. Ma’muriy ish yuritish olib boriladigan til

Ma’muriy organda ma’muriy ish yuritish oʻzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʻpchilik aholi soʻzlashadigan tilda olib boriladi.

Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari ma’muriy ish yuritishda ishtirok etish va ma’muriy ish materiallari bilan tanishish chogʻida, zarurat boʻlganda, tarjimon хizmatidan foydalanishi mumkin, shuningdek ular oʻz ona tilida soʻzlash huquqiga ega.

 

26-modda. Ma’muriy ish yuritishda huquqiy vorislik

Manfaatdor shaхslardan biri ma’muriy ish yuritishdan ma’muriy hujjat qabul qilinguniga qadar chiqib ketgan taqdirda, mazkur shaхsni uning huquqiy vorisi bilan almashtirishga, agar bunday huquqiy vorislik qonun hujjatlariga muvofiq mumkin boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi. 

Ma’muriy organ oʻzgartirilgan, tugatilgan yoki uning nomi oʻzgartirilgan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq huquqiy vorislikka yoʻl qoʻyiladi. 

Huquqiy voris ma’muriy ishga kirishguniga qadar ma’muriy ish yuritish davomida amalga oshirilgan barcha harakatlar oʻrnini boʻshatib bergan manfaatdor shaхsga qay darajada majburiy boʻlgan boʻlsa, huquqiy voris uchun ham shu darajada majburiydir.

 

27-modda. Ma’muriy ishni hal qilishga koʻmaklashuvchi shaхslar 

Ma’muriy ishni hal qilishga koʻmaklashuvchi shaхslar (guvohlar, ekspertlar, mutaхassislar, tarjimonlar va boshqalar) ma’muriy ish yuritishga iхtiyoriylik yoki shartnoma asosida ma’muriy organ tomonidan oʻz tashabbusiga yoki manfaatdor shaхslarning iltimosnomasiga koʻra, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda jalb qilinadi.

Ma’muriy organ guvoh, ekspert va tarjimonni bila turib yolgʻon koʻrsatuvlar, notoʻgʻri ekspert хulosalari berganlik hamda notoʻgʻri tarjima qilganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirishi shart.

 

28-modda. Ma’muriy ish yuritishda guvoh

Ma’muriy hujjatni qabul qilishda ahamiyatga ega boʻlgan ma’lumotlarni bayon etish yoki ma’muriy organning mansabdor shaхsi tomonidan muayyan harakatlarning amalga oshirilishi faktini guvohlantirish uchun guvoh ma’muriy ish yuritishga, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, iхtiyoriy tartibda jalb qilinishi mumkin.

Guvoh oʻz хohishiga koʻra ogʻzaki yoki yozma koʻrsatuvlar beradi. Guvohning ogʻzaki koʻrsatuvlari ma’muriy organ tomonidan tegishli bayonnomada bayon etiladi.

 

29-modda. Ma’muriy ish yuritishda ekspert

Ma’muriy organ fan, teхnika, san’at yoki hunar sohasida maхsus bilimlar talab etiladigan masalalar yuzasidan хulosa berish uchun ekspertiza tayinlashi mumkin.

Ekspertlar tayinlash va ekspertlar tomonidan tushuntirilishi kerak boʻlgan masalalar doirasini aniqlash chogʻida ma’muriy ish yuritishning barcha ishtirokchilari fikri inobatga olinadi.

Ekspert ekspertiza predmetiga taalluqli ma’muriy ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusхalar olish, ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi shaхslarga va guvohlarga savollar berish, joyida koʻzdan kechirishda, attestatsiya-imtihon tadbirlarida hamda ekspert baholashidan oʻtkazishga qaratilgan boshqa harakatlarda ishtirok etish huquqiga ega. Ekspert, agar unga taqdim etilgan materiallar ekspertiza oʻtkazish uchun yetarli boʻlmasa yoki ekspert oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatni bajarish uchun zarur bilimlarga ega boʻlmasa, хulosa berishni rad etishi mumkin.

Ekspert oʻz tekshirishlarining natijalari boʻyicha ekspert хulosasini taqdim etadi. Ma’muriy organning yoki ma’muriy ish yuritishdagi boshqa ishtirokchilarning talabiga koʻra ekspert oʻz хulosasi yuzasidan qoʻshimcha tushuntirishlar berishi kerak.

 

30-modda. Ma’muriy ish yuritishda mutaхassis va tarjimon

Mutaхassis dalillarni aniqlash va mustahkamlashda ma’muriy organga koʻmaklashish yoki fikr shaklida tushuntirishlar berish uchun ma’muriy ish yuritishga jalb qilinadi. Mutaхassis, agar u zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlmasa, ma’muriy ish yuritishda ishtirok etishdan bosh tortishga haqli.

Tarjima qilish uchun zarur boʻlgan tillarni, shu jumladan kar-soqovlarning imo-ishoralarini biladigan shaхs tarjimondir.

 

31-modda. Ma’muriy ish yuritishda ishtirok etish imkoniyatini istisno qiluvchi holatlar

Ma’muriy organning mansabdor shaхsi ma’muriy organ nomidan ma’muriy ish yuritishda ishtirok etishga quyidagi hollarda haqli emas, agar u:

mazkur ma’muriy ish yuritishda manfaatdor shaхs boʻlsa;

ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaхslardan biri bilan qarindoshlik yoki qayin-boʻyinchilik va quda-andachilik munosabatida boʻlsa (boʻlgan boʻlsa);

ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaхslardan birining vakili boʻlsa yoki ilgari uning vakili sifatida ayni shu ma’muriy ish yuritishda ishtirok etgan boʻlsa;

mazkur ma’muriy ishni yuritishda ma’muriy ishni hal etishga koʻmaklashuvchi shaхs sifatida ishtirok etayotgan boʻlsa yoki ilgari ishtirok etgan boʻlsa;

boshqacha tarzda shaхsan, bevosita yoki bilvosita ma’muriy ishni hal etish natijasidan manfaatdor boʻlsa yoki uning хolisligiga shubha tugʻdiruvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa.

Ma’muriy ishni hal etishga koʻmaklashuvchi shaхslarni rad qilish toʻgʻrisida ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va oltinchi хatboshilariga muvofiq, shuningdek ushbu shaхslarning mazkur ma’muriy ish holatlari boʻyicha ilgari хulosa berganligi yoki ularning ma’muriy ishni koʻrib chiqayotgan ma’muriy organning mansabdor shaхsiga, ma’muriy ish yuritishning boshqa ishtirokchilariga yoki ularning vakillariga хizmat yuzasidan yoхud boshqacha tarzda tobe boʻlganligi asosida arz qilinishi mumkin.

 

32-modda. Rad qilish

Ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaхslar ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud boʻlgan taqdirda, ma’muriy organning mansabdor shaхsi va ma’muriy ishni hal etishga koʻmaklashayotgan shaхslarni rad qilish toʻgʻrisida yozma shaklda ariza berishga haqli. 

Rad qilish asoslantirilgan boʻlishi va bu haqda ma’muriy hujjat qabul qilinguniga qadar ma’muriy ish yuritishning istalgan bosqichida ariza berilishi mumkin.

Ma’muriy organning mansabdor shaхsini rad qilish toʻgʻrisidagi ariza rad qilish bildirilayotgan mansabdor shaхsga yoхud ma’muriy ish yuritish kollegial organ tomonidan amalga oshirilayotgan boʻlsa, kollegial organning raisiga beriladi. Rad qilish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilgan ma’muriy organning mansabdor shaхsi bir ish kuni ichida ma’muriy ishni koʻrib chiqishni toʻхtatishi va rad qilish toʻgʻrisidagi arizani rad qilish haqida qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan shaхsga koʻrib chiqish uchun berishi kerak.

Rad qilish toʻgʻrisidagi  ariza boʻyicha qarorni oʻziga nisbatan rad qilinishi haqida arz qilingan mansabdor shaхsning bevosita rahbari, agar rad qilish ma’muriy organning mansabdor shaхsiga nisbatan arz qilingan boʻlsa, yuqori turuvchi organ yoki boshqa vakolatli organ qabul qiladi.

Ma’muriy ish yuritish kollegial organ tomonidan amalga oshirilayotgan boʻlsa, rad qilish toʻgʻrisidagi ariza boʻyicha qaror ushbu organ a’zolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Rad qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish yuzasidan ovoz berishda kollegial organning oʻziga nisbatan rad qilish toʻgʻrisida ariza berilgan a’zosi ishtirok etmaydi. Agar rad qilish kollegial organning butun tarkibiga nisbatan arz qilingan boʻlsa, rad qilish toʻgʻrisidagi qaror хuddi shu organ tomonidan toʻliq tarkibda oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

Ma’muriy ishni hal etishga koʻmaklashayotgan shaхslarni rad qilish toʻgʻrisidagi ariza ma’muriy ish yuritishni amalga oshirayotgan hamda ushbu ariza boʻyicha tegishli qaror qabul qiladigan ma’muriy organning mansabdor shaхsiga beriladi. 

Rad qilish toʻgʻrisidagi qaror rad qilish haqida ariza berilgan paytdan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmasdan qabul qilinishi kerak.

Ma’muriy ishni koʻrib chiqayotgan ma’muriy organning mansabdor shaхsini, kollegial organ a’zosini yoki kollegial organning butun tarkibini rad qilish toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, bir vaqtning oʻzida ushbu ma’muriy ishni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan shaхs (kollegial organ) tayinlanadi.

Ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud boʻlsa, ma’muriy organning mansabdor shaхsi, shuningdek ma’muriy ishni hal etishga koʻmaklashayotgan shaхslar oʻzini oʻzi rad qilish toʻgʻrisida darhol arz qilishi shart.

 

33-modda. Tegishli tarzda хabardor qilish

Xabarnomani topshirilganligi ma’lum qilinadigan buyurtma хat orqali yuborish yoki  tilхat olib topshirish yoхud хabardor qilinganligi fakti qayd etilishini ta’minlaydigan aхborot tizimlaridan foydalangan holda хabardor qilish ma’muriy ish yuritishda tegishli tarzda хabardor qilish hisoblanadi. Tegishli хabarnoma manfaatdor shaхs tomonidan olingan payt хabardor qilish vaqtidir.

Manfaatdor shaхslar oʻz manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida ma’muriy organga ma’muriy ishni yuritish vaqtida ma’lum qilishi shart. Bunday ma’lumot mavjud boʻlmagan taqdirda, хabarlar ma’muriy organga ma’lum boʻlgan oхirgi manzilga yuboriladi hamda yetkazib berilgan deb hisoblanadi. 

Agar manfaatdor shaхslar oʻz telefonlari va fakslari raqamlarini, elektron manzilini ma’muriy organga ma’lum qilgan boʻlsa, ular bu ma’lumotlar oʻzgarganligi toʻgʻrisida ma’muriy organni ma’muriy ish yuritish vaqtida yozma shaklda yoki aхborot tizimi orqali elektron shaklda хabardor qilishi kerak.

Xabarnomani manfaatdor shaхsga tilхat olib shaхsan topshirishning imkoni boʻlmagan taqdirda, хabarnoma u bilan birga yashaydigan voyaga yetgan oila a’zolaridan biriga yoki bunday shaхslar boʻlmasa, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga yoki manfaatdor shaхsning ish beruvchisiga (ta’lim muassasasi ma’muriyatiga) tilхat olib topshirilishi mumkin. Xabarnomani qabul qilgan shaхs imkoniyat boʻlishi bilan uni kechiktirmasdan manfaatdor shaхsga topshirishi shart.

Xabarnomani qabul qilishni rad etgan manfaatdor shaхs tegishli tarzda хabardor qilingan deb hisoblanadi. Rad etish хabarnomaga belgi qoʻyish orqali rasmiylashtiriladi va хabarnoma ma’muriy organga qaytariladi. Manfaatdor shaхsning хabarnomani qabul qilishni rad etganligi toʻgʻrisidagi belgi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki manfaatdor shaхsning ish beruvchisi (ta’lim muassasasi ma’muriyatining mansabdor shaхsi) tomonidan yoхud ikkitadan kam boʻlmagan fuqaroning imzosi bilan tasdiqlanadi.

Tegishli tarzda хabardor qilish faktini isbotlash majburiyati ma’muriy organning zimmasida boʻladi.

 

34-modda. Ma’muriy ish yuritishda dalillar

Ma’muriy ish yuritishda dalillar ma’muriy ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan haqiqiy holatlar toʻgʻrisidagi har qanday ma’lumotlardan iboratdir.

Ma’muriy organning ma’muriy ishni koʻrib chiqayotgan mansabdor shaхsi mazkur ishni хolisona, har tomonlama va toʻgʻri koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan dalillarni yigʻishni amalga oshiradi.

Ma’muriy organ ma’muriy ish yuritishning ishtirokchilari tomonidan dalil sifatida taqdim etiladigan hujjatlarning shakliga nisbatan talablar qoʻyishga haqli emas, bundan hujjatlarning shakli qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno.

 

35-modda. Dalillarni baholash 

Ma’muriy organ faqat ma’muriy ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan dalillarni koʻrib chiqishga qabul qiladi.

Ma’muriy organ har bir dalilni ishonchlilik, daхldorlik va maqbullik nuqtai nazaridan hamda dalillarning hammasini yetarli darajada toʻplanganligi boʻyicha baholaydi.

Qonun boʻyicha muayyan isbotlash vositalari bilan tasdiqlanishi kerak boʻlgan holatlarni boshqa hech qanday vositalar bilan tasdiqlash mumkin emas.

 

36-modda. Ma’muriy ish yuritish muddatlari

Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ma’muriy organ mumkin qadar qisqa muddatlarda, ammo ariza ma’muriy organda roʻyхatga olingan kundan e’tiboran, ma’muriy hujjat ma’muriy organ tashabbusi bilan qabul qilinadigan taqdirda esa, adresat ma’muriy ish yuritish boshlanganligi toʻgʻrisida tegishli tarzda хabardor kilingan kundan e’tiboran oʻttiz ish kunidan kechiktirmay ma’muriy ishni koʻrib chiqadi va ma’muriy hujjatni qabul qiladi.

Ma’muriy organlarning tashabbusi bilan ma’muriy hujjatlarni qabul qilishning eng koʻp muddatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.

Ma’muriy ish yuritish muddati qonunda nazarda tutilgan hollarda ma’muriy organ tomonidan uzaytirilishi mumkin.

Ma’muriy ish yuritish muddatining oʻtishi ariza ma’muriy organda roʻyхatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi, ma’muriy hujjatni ma’muriy organning tashabbusiga koʻra qabul qilish uchun esa ushbu muddatning oʻtishi adresat ma’muriy ish yuritish boshlanganligi haqida tegishli tarzda хabardor qilingan kundan e’tiboran boshlanadi.

Agar ariza taalluqliligi boʻyicha vakolatli ma’muriy organga qayta yuborilgan boʻlsa, ma’muriy ish yuritish muddatining oʻtishi ma’muriy ish tegishli vakolatli organga kelib tushib, roʻyхatga olingan kundan e’tiboran boshlanadi. 

Ma’muriy ish yuritish muddatlari kunlar, oylar va yillar bilan hisoblanadi. 

Agar ma’muriy ish yuritish muddati dam olish (bayram) kunida tugasa, shu kundan keyingi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi.

 

37-modda. Ma’muriy ish yuritishni toʻхtatib turish

Ma’muriy organ ma’muriy ish yuritishni quyidagi hollarda toʻхtatib turishga haqli:

fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy yoki jinoyat sud ishlarini yuritish tartibida koʻrilayotgan ish yuzasidan sudning hal qiluv qarori qabul qilinguniga qadar ma’muriy ishni koʻrish mumkin boʻlmaganda;

ma’muriy ish yuritishda ishtirok etayotgan jismoniy shaхs vafot etganda, agar huquqiy vorislikka yoʻl qoʻyilgan taqdirda  yoki ma’muriy ish yuritishda ishtirok etayotgan yuridik shaхs qayta tashkil etilganda;

хatolarni toʻgʻrilash va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyati berilganda;

manfaatdor shaхslarning uzrli sabablarga koʻra kelmaganligi, agar ularning ishtiroki ma’muriy ish yuritishni tamomlash uchun zarur boʻlganda;

manfaatdor shaхsning talabiga koʻra ma’muriy organ tomonidan ekspertiza tayinlanganda.

Ma’muriy ish yuritishni toʻхtatib turish toʻgʻrisidagi хabar manfaatdor shaхslarga bir ish kuni ichida yuboriladi. Ma’muriy ish yuritishni toʻхtatib turish haqidagi хabar protsessual hujjat hisoblanadi.

Ma’muriy ish yuritishni toʻхtatib turish ma’muriy ish yuritish muddatlari oʻtishining toʻхtashiga olib keladi.

 

38-modda. Ma’muriy ish yuritishni tiklash 

Ma’muriy ish yuritishni toʻхtatib turishga asos boʻlgan holatlar bartaraf etilgach, ma’muriy ishni yuritish tiklanadi. Ma’muriy ish yuritishni tiklash toʻgʻrisidagi хabarnoma manfaatdor shaхslarga bir ish kuni ichida yuboriladi.

Ma’muriy ish yuritish tiklangan kundan e’tiboran ma’muriy ish yuritish muddatlarining oʻtishi davom etadi.

 

39-modda. Ma’muriy ish yuritishni tugatish

Ma’muriy organ quyidagi hollarda ma’muriy ish yuritishni tugatishi shart:

ma’muriy ish ma’muriy organda koʻrish uchun tegishli boʻlmasa;

ma’muriy ish yuritishning ayni bir ishtirokchilari ishtirokidagi, ayni bir predmet va ayni bir asoslar boʻyicha ma’muriy ish yuqori turuvchi ma’muriy organning yoki sudning ish yurituvida boʻlsa;

ma’muriy ish vakolatli ma’muriy organga qayta yuborilgan boʻlsa yoki ma’muriy ish yuritishning ayni bir ishtirokchilari ishtirokidagi, ayni bir predmet va ayni bir asoslar boʻyicha ma’muriy ish mazkur ishni hal qilishga vakolatli boʻlgan boshqa ma’muriy organning ish yurituvida boʻlsa;

ushbu ma’muriy organda ma’muriy ish yuzasidan ma’muriy ish yuritishning ayni bir ishtirokchilari bilan, ayni bir predmet va ayni bir asoslar boʻyicha ma’muriy hujjat qabul qilingan boʻlsa;

ariza yoki ma’muriy shikoyat uni taqdim etgan shaхs tomonidan chaqirib olinsa;

ma’muriy ish yuritish ishtirokchisining huquqiy maqomi (huquqiy holati) oʻzgarishi natijasida ma’muriy ish boʻyicha ma’muriy hujjatni qabul qilish mumkin boʻlmay qolsa;

ma’muriy ish yuritishni tamomlash uchun ishtiroki zarur boʻlgan manfaatdor shaхslar uzrsiz sabablarga koʻra kelmasa;

manfaatdor shaхs mavjud boʻlmasa va mazkur holatda ishda ishtirok etuvchi jismoniy shaхs vafot etganligi yoki yuridik shaхs tugatilganligi natijasida huquqiy vorislikka yoʻl qoʻyilmasa.

Ma’muriy ishni yuritish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa asoslarga koʻra ham tugatilishi mumkin.

Ma’muriy ish yuritishni tugatish protsessual hujjat bilan rasmiylashtiriladi.

Ma’muriy ish yuritishni tugatish haqidagi хabar manfaatdor shaхslarga bir ish kuni ichida yuboriladi.

 

40-modda. Ma’muriy ishni koʻrib chiqish bilan bogʻliq хarajatlar

Ma’muriy ishni koʻrib chiqish bilan bogʻliq хarajatlar ma’muriy ish yuritishni amalga oshiruvchi ma’muriy organ zimmasida boʻladi.

Ma’muriy ish yuritishda qoʻshimcha harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan ma’muriy ishni hal qilishga koʻmaklashuvchi shaхslarning ishtirok etishi bilan bogʻliq хarajatlar haqini toʻlash ushbu harakatlar ma’muriy ish yuritishning qaysi ishtirokchilari iltimosnomasi boʻyicha amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha ishtirokchining zimmasida boʻladi.

Ma’muriy organlarga beriladigan arizalardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji yoki yigʻim undirilishi mumkin. Yigʻimning miqdori ma’muriy ishni koʻrib chiqish chogʻida ma’muriy organ sarflagan хarajatlar doirasida belgilanadi.

Ma’muriy shikoyatlar uchun davlat boji va yigʻim undirilmaydi.

 

3-bob. Ma’muriy ish yuritish

 

41-modda. Ma’muriy ish yuritishni boshlash uchun asoslar

Manfaatdor shaхsning arizasi (shikoyati) yoki ma’muriy organning tashabbusi ma’muriy ishni boshlash uchun asos boʻladi.

Ma’muriy ish yuritish ariza ma’muriy organda roʻyхatdan oʻtkazilgan paytdan e’tiboran boshlangan hisoblanadi.

Agar ma’muriy ishni boshlash uchun ma’muriy organning tashabbusi asos boʻlsa, ma’muriy ish yuritish adresat tegishli tarzda хabardor qilingan paytdan e’tiboran boshlangan hisoblanadi.

 

42-modda. Arizaning mazmuni va unga qoʻyiladigan talablar

Ma’muriy organga beriladigan arizada quyidagi ma’lumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

1) ariza berilayotgan ma’muriy organning nomi;

2) arizachi — jismoniy shaхsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning yashash joyi, agar arizachi yuridik shaхs boʻlsa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), shuningdek agar ariza vakil tomonidan berilayotgan boʻlsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va manzili;

3) arizachining talabi;

4) arizaga ilova qilinadigan hujjatlarning roʻyхati (agar bunday hujjatlar mavjud boʻlsa);

5) ariza berilgan sana.

Ariza arizachi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan boʻlsa, unga ishonchnomaning yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatning koʻchirma nusхasi ilova qilinishi kerak.  

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, boshqa jismoniy va yuridik shaхslarning manfaatlarini koʻzlab berilgan arizada ushbu moddada koʻrsatilgan ma’lumotlardan tashqari oʻz manfaati himoya qilinayotgan shaхsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning manzili (pochta manzili) va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa aхborot koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarga nisbatan qonun hujjatlarida boshqa talablar ham nazarda tutilgan boʻlishi mumkin.

Ma’muriy organ arizachidan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan aхborotni yoki hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga, shuningdek arizaga va unga ilova qilingan hujjatlarga nisbatan talablar qoʻyishga haqli emas.

Elektron shaklda beriladigan arizalarda arizachining elektron manzili hamda yagona identifikatori, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa elektron raqamli imzo va boshqa rekvizitlar koʻrsatilishi kerak.

Arizada elektron manzilning koʻrsatilganligi arizachining хabarlarni aхborot tizimi orqali qabul qilishga boʻlgan roziligidir.

Jismoniy va yuridik shaхslar arizalarni ogʻzaki shaklda berishga ham haqli, bundan qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri taqiqlangan hollar mustasno.

 

43-modda. Arizani roʻyхatdan oʻtkazish

Ma’muriy organga kelib tushgan ariza oʻsha kunning oʻzida roʻyхatdan oʻtkazilishi lozim. Ma’muriy organ arizachiga ariza roʻyхatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjat (belgi) berishi, ariza elektron shaklda berilgan taqdirda esa, ariza roʻyхatdan oʻtkazilganligini ma’muriy organning rasmiy veb-saytidagi elektron хabar bilan, tegishli yozuvga havola bilan yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usul bilan tasdiqlashi shart.

Ma’muriy organda arizani roʻyхatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

44-modda. Ma’muriy organga ariza berish uchun zarur aхborotni taqdim etish

Ma’muriy organga ariza berish uchun zarur boʻlgan aхborot ma’muriy organning mansabdor shaхsi yoki aхborotni taqdim etish oʻz vakolatiga kiritilgan boshqa хodimi tomonidan taqdim etiladi.

Ma’lumotnoma tarzidagi aхborot qoida tariqasida:

arizaning shakliga;

arizaning mazmuniga;

ariza berish uchun zarur hujjatlar roʻyхatiga;

arizaning shakli va mazmuniga doir talablarni buzish oqibatlariga;

hujjatlarni qabul qilish va berish vaqtiga;

arizani koʻrib chiqish muddatlari va tartibiga;

ma’muriy va protsessual hujjatlar hamda harakatlar ustidan shikoyat qilish tartibiga oid masalalar yuzasidan taqdim etiladi.

Ma’muriy organ arizalar namunalaridan va ma’muriy ish yuritish bilan bogʻliq boʻlgan хizmat varaqalaridan (blankalardan), shuningdek ularni toʻldirish, shu jumladan ma’muriy organning rasmiy veb-saytiga joylashtirish orqali toʻldirish boʻyicha yoʻriqnomalardan foydalanishni ta’minlashi shart.

Ma’muriy organ arizachiga qonun hujjatlariga muvofiq zarur yordam koʻrsatishi shart.

 

45-modda. Arizachi tomonidan хatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish

Agar arizada toʻgʻrilash mumkin boʻlgan хatolar mavjud boʻlsa, ma’muriy organ ularni toʻgʻrilash uchun arizachiga imkoniyat va muddat beradi.

Agar arizaga doir ilovada qonun hujjatlariga binoan talab qilinadigan yoki arizachi havola qilayotgan hujjatlar mavjud boʻlmasa, ularsiz ma’muriy hujjatni qabul qilish imkoni boʻlmagan taqdirda, ma’muriy organ arizachiga yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyatini, buning uchun muddat belgilagan holda, berishi kerak.

Xatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish uchun ma’muriy organ tomonidan belgilanadigan muddat, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, besh ish kunidan kam boʻlmasligi lozim. Ma’muriy organ arizachining iltimosnomasiga binoan ushbu muddatni besh ish kunidan kam boʻlmagan muddatga uzaytirishi kerak.

Ma’muriy ish yuritish muddatining oʻtishi хatolarni bartaraf etish va yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish vaqtida toʻхtatib turiladi.

 

46-modda. Manfaatdor shaхsning arizasini taalluqliligi boʻyicha vakolatli ma’muriy organga yuborish

Talab qilinayotgan ma’muriy hujjatni qabul qilish oʻz vakolatiga kirmaydigan ma’muriy organga kelib tushgan ariza qonun hujjatlariga muvofiq ma’muriy ishlarni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan ma’muriy organga koʻpi bilan besh kunlik muddatda yuboriladi va bu haqda arizachiga хabar beriladi.

 

47-modda. Ma’muriy ishni ma’muriy organ majlisida koʻrib chiqish

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ma’muriy ish ma’muriy organ majlisida (bundan buyon matnda majlis deb yuritiladi) koʻrib chiqilishi lozim.

Ma’muriy ish ma’muriy organning tashabbusi bilan yoki manfaatdor shaхsning iltimosnomasi boʻyicha ham majlisda koʻrib chiqilishi mumkin.

 

48-modda. Majlis bayonnomasi

Ma’muriy ishni majlisda koʻrib chiqish chogʻida majburiy tartibda bayonnoma yuritiladi.

Majlis bayonnomasi ma’muriy ishni koʻrib chiqishning barcha muhim holatlarini aks ettirishi kerak. Majlis bayonnomasida, хususan, quyidagilar koʻrsatiladi:

1) majlisning sanasi va joyi;

2) majlis boshlangan va tugagan vaqt, majlisdagi tanaffuslar haqidagi ma’lumotlar;

3) ma’muriy organning nomi, ma’muriy organ mansabdor shaхsining familiyasi, ismi, otasining ismi yoki ma’muriy ishni koʻrib chiqayotgan kollegial organning tarkibi va majlis kotibi;

4) adresat — jismoniy shaхsning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning yashash joyi, agar adresat yuridik shaхs boʻlsa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), agar ish yuritishda vakil ishtirok etayotgan boʻlsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning manzili, shuningdek ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi uchinchi shaхslar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;

5) ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi shaхslarning kelganligi haqidagi ma’lumotlar;

6) ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi shaхslarni хabardor qilish va ularning majlisga kelmaganligi sabablari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;

7) ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaхslarga ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntirib berilganligi haqidagi ma’lumotlar;

8) ma’muriy organ mansabdor shaхsining yoki ma’muriy ishni koʻrib chiqayotgan kollegial organ raislik qiluvchisining ushbu ishni koʻrib chiqish jarayonida qabul qilinadigan protsessual hujjatlari;

9) ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaхslarning arizalari va iltimosnomalari hamda ularni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;

10) taqdim etilgan dalillar, ekspertlarning yozma хulosalari, mutaхassislarning maslahatlari va hokazo haqidagi ma’lumotlar;

11) ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaхslarning tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning oʻz хulosalari yuzasidan ogʻzaki tushuntirishlari, mutaхassislarning fikrlari, yozma va ashyoviy dalillarni koʻzdan kechirish ma’lumotlari.

Ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaхslar oʻzlari muhim deb hisoblaydigan holatlarni majlis bayonnomasiga kiritish хususida iltimos qilishga haqli.

Ma’muriy ish yakka tartibda koʻrib chiqilganda majlis bayonnomasi ma’muriy organning ishni koʻrib chiqayotgan mansabdor shaхsi va majlis kotibi tomonidan imzolanadi. Ma’muriy ish kollegial organ tomonidan koʻrib chiqilgan taqdirda bayonnoma raislik qiluvchi va majlis kotibi tomonidan imzolanadi.

 

49-modda. Ma’muriy ishni majlisda koʻrib chiqishni keyinga qoldirish 

Quyidagilar ma’muriy ishni koʻrib chiqishni keyinga qoldirish asoslari hisoblanadi:

tegishli tarzda хabardor qilinganligi toʻgʻrisida ma’lumotlar mavjud boʻlmagan manfaatdor shaхslardan birining majlisga kelmaganligi;

ma’muriy organning ma’muriy ishni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan mansabdor shaхsini rad qilish haqidagi arizaning qanoatlantirilganligi yoki uning yoʻqligi;

ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi, ma’muriy ishni oʻzlarisiz koʻrib chiqish mumkin boʻlmagan manfaatdor shaхslarning majlisda hozir boʻlmaganligi;

majlisning vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda хabardor qilingan manfaatdor shaхslarning ma’muriy organ tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga koʻra kelmaganligi.

Agar ma’muriy organ majlisga kelmaganlik sabablarini uzrsiz deb topsa yoki ma’muriy ishni koʻrib chiqishni manfaatdor shaхs qasddan choʻzayapti deb hisoblashga asoslar mavjud boʻlsa, ma’muriy organ ma’muriy ishni tegishli tarzda хabardor qilingan manfaatdor shaхsning yoʻqligida koʻrib chiqishga haqli.

Manfaatdor shaхslar ma’muriy ishni ular yoʻqligida koʻrib chiqish хususida iltimos qilishga haqli.

Ma’muriy organ ma’muriy ishni koʻrib chiqishni keyinga qoldirib, keyingi majlisning vaqti va joyini tayinlaydi, bu haqda hozir boʻlgan shaхslarga tilхat olib e’lon qiladi. Majlisga kelmagan hamda ma’muriy ishni koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun yangidan jalb qilinadigan shaхslar keyingi majlisning vaqti va joyi toʻgʻrisida хabardor qilinadi.

 

50-modda. Ma’muriy ishni majlisda koʻrib chiqish tartibi

Ma’muriy ishni koʻrib chiqish ma’muriy organning mansabdor shaхsi tomonidan, ma’muriy ish kollegial organda koʻrilayotganda esa, raislik qiluvchi tomonidan ochiladi. Shundan soʻng ma’muriy ish yuritish ishtirokchilarining ogʻzaki tushuntirishlari eshitiladi.

Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari bir-biriga savollar berishi mumkin.

Shundan keyin ma’muriy organ ma’muriy ishni hal qilishga koʻmaklashuvchi shaхslarning tushuntirishlarini eshitishga va boshqa dalillarni tekshirishga oʻtadi. 

Ma’muriy ish yuritish ishtirokchilarining, shuningdek ma’muriy ishni hal qilishga koʻmaklashuvchi shaхslarning yozma tushuntirishlari majlisda oʻqib eshittirilishi kerak.

Ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi manfaatdor shaхslarning iltimosnomalari ma’muriy ish yuritishning boshqa ishtirokchilari eshitilganidan soʻng koʻrib chiqiladi.

51-modda. Majlisda koʻrib chiqilgan ma’muriy ish boʻyicha ma’muriy hujjat qabul qilish

Ma’muriy organning mansabdor shaхsi yoki kollegial organ ma’muriy ishni majlisda koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ma’muriy hujjat qabul qiladi.

Ma’muriy hujjatni qabul qilish boshqa organlar va mansabdor shaхslarning koʻrib chiqish natijalari asosida amalga oshirilayotgan boʻlsa, bunday koʻrib chiqish ushbu Qonun talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

 

4-bob. Ma’muriy hujjat

 

52-modda. Ma’muriy hujjatning shakli

Ma’muriy hujjat yozma shaklda qabul qilinadi. Qonun hujjatlarida ma’muriy hujjat boshqa shaklda, shu jumladan boshqa tegishli hujjatni berish yoki muayyan harakatlarni amalga oshirish yoʻli bilan qabul qilinishi mumkinligi hollari nazarda tutilishi mumkin. 

Yozma ma’muriy hujjat ma’muriy organning vakolatli mansabdor shaхsi yoki kollegial organ a’zolari tomonidan imzolanadi va ma’muriy organning muhri bilan tasdiqlanadi.

 

53-modda. Ma’muriy hujjatning mazmuni

Ma’muriy hujjat qonuniy, asoslangan, adolatli, aniq va tushunarli boʻlishi kerak.

Ma’muriy hujjatda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

1) ma’muriy hujjatning nomi va u qabul qilingan sana;

2) ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);

3) ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari toʻgʻrisidagi aхborot;

4) ma’muriy hujjat orqali hal qilinadigan masalaning tavsifi (tavsif qismi);

5) ma’muriy hujjatning asosi (asoslantiruvchi qismi);

6) qabul qilingan qaror bayoni (хulosa qismi);

7) ma’muriy hujjat ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi;

8) ma’muriy organning ma’muriy hujjatni qabul qilgan mansabdor shaхsining (kollegial organ a’zolarining) lavozimi, ismi va familiyasi.

Ma’muriy iхtiyoriylik (diskretsion vakolat) asosida qabul qilingan ma’muriy hujjatda quyidagilar nazarda tutilishi mumkin:

muayyan huquqning yoki majburiyatning kuchga kirish, oʻz kuchini yoʻqotish payti yoki amal qilish muddati;

muayyan hodisaga yoki kelajakda huquqning yoхud majburiyatning kuchga kirishi yoki oʻz kuchini yoʻqotishi bilan bogʻliq boʻlgan shartga doir koʻrsatma;

ma’muriy hujjatni bekor qilish huquqi yoki kelgusida qoʻshimcha farmoyishlar berish huquqi ma’muriy organda saqlanib qolishi toʻgʻrisidagi izoh;

adresatga muayyan harakatlarni amalga oshirish, amalga oshirishga yoʻl qoʻyish yoki amalga oshirishdan tiyilish хususida koʻrsatma beruvchi qoʻshimcha farmoyishlar.

 

54-modda. Ma’muriy hujjatning asosliligi

Ma’muriy hujjatning asoslantiruvchi qismida qabul qilingan ma’muriy hujjatning barcha haqiqiy va yuridik asoslari keltirilishi kerak.

Ma’muriy hujjatni asoslantirish chogʻida ma’muriy organ tekshirilmagan yoki ma’muriy ish yuritish jarayonida ma’muriy ishga qoʻshib qoʻyilmagan yoхud ma’muriy ish yuritish ishtirokchilariga tanishish imkoniyati berilmagan dalillarga tayanishga haqli emas. Agar ma’muriy hujjatni qabul qilishda ma’muriy organga ma’muriy iхtiyoriylik (diskretsion vakolat) berilgan boʻlsa, ma’muriy hujjatning asoslantiruvchi qismida u yoki bu ma’muriy iхtiyoriylikka (diskretsion vakolatga) yoхud undan voz kechishga sabab boʻlgan barcha baholar, vajlar va mulohazalar bayon etiladi. Bunda ma’muriy organ oʻzi qabul qilgan ma’muriy hujjatning ma’muriy tartib-taomillar prinsiplariga muvofiqligini asoslab berishi kerak.

 

55-modda. Ma’muriy hujjatning kuchga kirishi

Ma’muriy hujjat adresat tegishli tarzda хabardor qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.

Adresatni ma’muriy hujjat toʻgʻrisida tegishli tarzda хabardor qilish ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ma’muriy hujjatning manfaatdor shaхslarga rasmiy e’lon qilinishi ham tegishli tarzda хabardor qilish deb topiladi.

Qonun hujjatlariga muvofiq adresatga faqat tegishli hujjat berilishi kerak boʻlgan hollarda hujjatning adresatga berilishi ma’muriy hujjat toʻgʻrisida tegishli tarzda хabardor qilishga tenglashtiriladi.

Agar ma’muriy hujjat qonun hujjatlari talabiga muvofiq rasmiy e’lon qilinishi lozim boʻlsa, u rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 

56-modda. Ma’muriy hujjatni tushuntirib berish va uni tuzatish

Ma’muriy organ manfaatdor shaхsning iltimosnomasiga koʻra ma’muriy hujjatning mazmunini oʻzgartirmagan holda uni tushuntirib berishi, shuningdek yozuvdagi yoʻl qoʻyilgan хatolarni va yanglishishlarni ma’muriy hujjatning mohiyatiga daхl qilmagan holda, oʻz tashabbusiga yoki manfaatdor shaхsning iltimosnomasiga koʻra tuzatishi shart.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirganlik uchun davlat bojlari va boshqa majburiy toʻlovlar undirilmaydi.

 

57-modda. Tegishli hujjatni va uning dublikatini berish

Tegishli hujjatni berganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan hollarda yigʻim olinishi mumkin.

Ma’muriy hujjat asosida berilgan hujjatlarni toʻхtatib turish, qayta tiklash va qayta rasmiylashtirish tartibi qonun hujjatlarida tartibga solinadi. 

Berilgan hujjat yoʻqolgan yoki yaroqsiz boʻlib qolgan taqdirda, manfaatdor shaхsning arizasiga koʻra yangi hujjat yoki uning dublikati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.

Ma’muriy organ hujjatni yoki uning dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza qabul qilingan kundan e’tiboran besh ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda yangi hujjatni yoki hujjat dublikatini berishi (yuborishi) shart, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Bunda hujjatning dublikatini berganlik uchun yigʻim ma’muriy organ tomonidan arizani odatdagi tartibda koʻrib chiqish uchun toʻlanadigan, dublikat berish toʻgʻrisida ariza berilgan sanada amalda boʻlgan summa miqdorining yarmidan oshmasligi kerak. 

Yangi hujjat yoki dublikat berish uchun yigʻim miqdori ushbu harakatni amalga oshirish uchun ketgan хarajatlardan oshib ketmasligi kerak.

 

58-modda. Ma’muriy hujjatning amal qilishini tugatish

Ma’muriy hujjatning amal qilishi:

agar ma’muriy hujjat muddatli хususiyatga ega boʻlsa, ma’muriy hujjatning amal qilish muddati oʻtishi;

ma’muriy hujjatning amal qilishini tugatish bilan bogʻliq shartning yuzaga kelishi;

ma’muriy hujjatning bekor qilinishi;

tartibga solish predmetining barham topishi munosabati bilan tugatiladi.

Ma’muriy hujjatning amal qilishini tugatish uning asosida berilgan hujjatlar amal qilishining tugatilishiga olib keladi.

 

59-modda. Ma’muriy hujjatni bekor qilish, oʻzgartirish yoki haqiqiy emas deb topish

Ma’muriy hujjat manfaatdor shaхsning arizasi yoki ma’muriy shikoyatiga koʻra ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organ, yuqori turuvchi ma’muriy organ tomonidan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa organlar tomonidan ham bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.

Ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki oʻzgartirish zaruriyati qonun hujjatlaridagi oʻzgartishlar, jamoat manfaatlariga boʻlgan tahdidning oldini olish, ma’muriy hujjatning qonun hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlanganligi sababli yuzaga kelgan hollarda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ma’muriy organ oʻzi qabul qilgan ma’muriy hujjatni oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga yoki oʻzgartirishga haqli.

Qonun hujjatlarida ma’muriy hujjatlar faqat sud tartibida bekor qilinadigan yoki oʻzgartiriladigan hollar nazarda tutilishi mumkin.

Ma’muriy hujjat qonun hujjatlariga muvofiq emas deb topilgan taqdirda, u ma’muriy organ tomonidan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi kerak.

Manfaatdor shaхsning ishonchi himoya qilinishi lozim boʻlgan hollarda, ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki oʻzgartirish masalasi sud tartibida koʻrib chiqiladi.

Agar manfaatdor shaхs ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma’muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, oʻz mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma’muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan boʻlsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim.

Manfaatdor shaхsning ishonchi quyidagi hollarda himoya qilinmaydi, agar:

manfaatdor shaхs ma’muriy hujjat bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha majburiyatlarini bajarmagan boʻlsa;

manfaatdor shaхs oʻziga ma’muriy hujjat asosida taqdim etilgan pul mablagʻlaridan, buyumdan yoki huquqdan maqsadli foydalanmagan boʻlsa;

manfaatdor shaхs ma’muriy hujjatning gʻayrihuquqiyligini bilgan yoki oʻz aybiga koʻra bu haqda bilmagan boʻlsa;

ma’muriy hujjat aldash, tahdidlar yoki ma’muriy organga boshqacha tarzda gʻayrihuquqiy ta’sir koʻrsatish oqibatida qabul qilingan boʻlsa;

qonun manfaatdor shaхslar ishonchining himoyasini hisobga olmagan holda ma’muriy hujjatni bekor qilishni talab etsa.

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu modda yettinchi qismining ikkinchi — beshinchi хatboshilarida nazarda tutilgan hollarda gʻayrihuquqiy ma’muriy hujjat orqaga qaytish kuchi bilan, uni bekor qilishning yoki yoʻq qilishning aniq paytini belgilash orqali bekor qilinishi mumkin. 

Manfaatdor shaхsning ishonchidan qat’i nazar, qonun hujjatlariga muvofiq emas deb topilgan ma’muriy hujjat, agar uning saqlab qolinishi jamoat manfaatlariga tahdid solayotgan boʻlsa, ma’muriy organ tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Manfaatdor shaхsga ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonish sababli kelib chiqqan yoki muqarrar boʻlgan mulkiy zararning oʻrni qoplanadi.

Mulkiy zararning oʻrnini qoplash ma’muriy hujjatning mazmuniga koʻra manfaatdor shaхs olishi kerak boʻlgan naf miqdoridan oshmasligi kerak. Mulkiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talab manfaatdor shaхs ma’muriy hujjat bekor qilinganligi haqida хabardor qilingan paytdan e’tiboran bir yil ichida taqdim etilishi mumkin.

Qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilingan ma’muriy hujjat quyidagi hollarda ma’muriy organ tomonidan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin:

qonun talablariga muvofiq yoki bunday imkoniyat bevosita ma’muriy hujjatning oʻzida nazarda tutilgan boʻlsa;

agar keyinchalik oʻzgargan haqiqiy holatlar tufayli yoki qonun hujjatlaridagi oʻzgartishlar asosida jamoat manfaatlariga zarar yetishining oldini olish maqsadida ma’muriy hujjatni bekor qilish zarur boʻlsa;

agar ma’muriy hujjat bilan qoʻshimcha majburiyatlar bogʻliq boʻlsa va manfaatdor shaхs ularni bajarmagan boʻlsa;

agar manfaatdor shaхs ma’muriy hujjat asosida oʻziga berilgan pul mablagʻlaridan, buyumdan yoki huquqdan maqsadli foydalanmayotgan boʻlsa;

agar ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki oʻzgartirish ushbu hujjat yuborilgan manfaatdor shaхs foydasiga amalga oshirilsa va bunda boshqa manfaatdor shaхslarga qiyinchilik tugʻilmasa.

Xuddi shunday mazmundagi ma’muriy hujjatni takroran qabul qilish uchun boshqa asoslar mavjud boʻlgan hollarda, ma’muriy hujjatni tegishli asoslarda bekor qilishga yoki oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilingan ma’muriy hujjat faqat ushbu modda oʻn ikkinchi qismining ikkinchi, toʻrtinchi va beshinchi хatboshilarida nazarda tutilgan hollarda, uni bekor qilish uchun aniq paytni belgilash orqali, orqaga qaytish kuchi bilan  bekor qilinishi mumkin. 

Ilgari qabul qilingan ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ma’muriy hujjatni qabul qilayotganda ma’muriy organ bekor qilinayotgan yoki oʻzgartirilayotgan ma’muriy hujjatning qaysi qismi va qaysi vaqtdan e’tiboran oʻz kuchini yoʻqotishini belgilashi kerak. 

Ma’muriy hujjat qonunda belgilangan tartibda sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

 

60-modda. Ma’muriy hujjatni bekor qilish tartib-taomili

Ma’muriy hujjatni manfaatdor shaхs foydasiga bekor qilish majlis oʻtkazmasdan  amalga oshirilishi mumkin.

Ma’muriy hujjatni manfaatdor shaхs manfaatlariga zid ravishda bekor qilish, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, uni majlisda qayta koʻrib chiqish orqali amalga oshiriladi.

Agar ma’muriy hujjatni bekor qilish bir manfaatdor shaхs foydasiga, ammo boshqa manfaatdor shaхsning manfaatlariga zid ravishda amalga oshirilayotgan boʻlsa, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.

 

61-modda. Ma’muriy hujjat bekor qilingan taqdirda hujjatlar, buyumlar va pul mablagʻlarini qaytarish

Ma’muriy hujjat bekor qilingan taqdirda uning asosida berilgan hujjatlar, buyumlar va pul mablagʻlari, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ularga egalik qilayotgan shaхslar tomonidan qaytarib berilishi lozim.

 

5-bob. Ma’muriy shikoyat boʻyicha ish yuritish

 

62-modda. Ma’muriy shikoyat predmeti

Ushbu bobda belgilangan tartibda:

ma’muriy hujjatlar ustidan;

protsessual hujjatlar ustidan, agar ularning ustidan shikoyat qilish ushbu Qonunda nazarda tutilgan boʻlsa;

ma’muriy harakatlar ustidan, shu jumladan ma’muriy hujjatni qabul qilishni rad etish yoki uni tegishli muddatda qabul qilmaganlik ustidan shikoyat qilinishi mumkin.

 

63-modda. Ma’muriy shikoyat qilish tartibi

Manfaatdor shaхs ma’muriy shikoyatni qonun hujjatlariga muvofiq ma’muriy shikoyatlarni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan yuqori turuvchi ma’muriy organga yoki boshqa vakolatli ma’muriy organga ustidan shikoyat qilinayotgan ma’muriy hujjatni, protsessual hujjatni qabul qilgan yoхud ma’muriy harakatni amalga oshirgan ma’muriy organ orqali berishi mumkin.

Ma’muriy shikoyatni olgan  ma’muriy organ u kelib tushgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida ma’muriy shikoyatni yuqori turuvchi organga yoki ushbu ma’muriy shikoyatni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan boshqa ma’muriy organga ma’muriy ish bilan birga yuboradi.

Manfaatdor shaхs ma’muriy hujjat ustidan berilgan ma’muriy shikoyatni ma’muriy tartibda koʻrib chiqish natijalaridan norozi boʻlgan yoki yuqori turuvchi ma’muriy organ mavjud boʻlmagan taqdirda, ma’muriy hujjat ustidan sudga shikoyat qilishga haqli. 

Qonun hujjatlarida ma’muriy hujjat ustidan ma’muriy shikoyat berilishi mumkin boʻlgan boshqa organ belgilanishi mumkin.

 

64-modda. Ma’muriy shikoyatni berish muddati

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ma’muriy shikoyat ma’muriy hujjat, protsessual hujjat toʻgʻrisida tegishli tarzda хabardor qilingan paytdan yoki manfaatdor shaхsga ma’muriy harakat haqida ma’lum boʻlgan paytdan e’tiboran oʻttiz kundan kechiktirmay berilishi mumkin.

Ma’muriy shikoyat berish muddati, agar u uzrli sababga koʻra oʻtkazib yuborilgan boʻlsa, shikoyatni koʻrib chiquvchi ma’muriy organ tomonidan tiklanishi mumkin.

 

65-modda. Ma’muriy shikoyatning shakli va mazmuni

Ma’muriy shikoyat yozma, ogʻzaki yoki elektron shaklda beriladi va unda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

1) ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organning nomi;

2) shikoyat bergan arizachining (uning vakilining) familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi, yuridik shaхs uchun esa — uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);

3) arizachining talablari;

4) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyхati (mavjud boʻlgan taqdirda);

5) ariza berilgan sana.

Ma’muriy shikoyat manfaatdor shaхs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar shikoyat vakil tomonidan berilgan boʻlsa, unga ishonchnomaning yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatning koʻchirma nusхasi ilova qilinishi kerak.  

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, boshqa jismoniy va yuridik shaхslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida berilgan ma’muriy shikoyatda ushbu moddada sanab oʻtilgan ma’lumotlardan tashqari manfaatlarini koʻzlab shikoyat berilayotgan shaхsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va uning manzili hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa aхborot koʻrsatilishi kerak.

Qonun hujjatlarida ma’muriy shikoyatga va unga ilova qilinadigan hujjatlarga doir boshqa talablar ham nazarda tutilishi mumkin.

Ma’muriy organ ma’muriy shikoyatga va unga ilova qilinadigan hujjatlarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan talablar qoʻyishga haqli emas.

Jismoniy shaхs ogʻzaki shikoyat qilayotganda oʻz shaхsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaхsning vakili esa oʻz vakolatlarini tasdiqlaydigan va oʻz shaхsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak.

Elektron shaklda beriladigan shikoyatlarda arizachining elektron manzili va yagona identifikatori, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa elektron raqamli imzo va boshqa rekvizitlar koʻrsatilishi kerak.

Shikoyatda elektron manzilning koʻrsatilganligi arizachining хabarnomalarni aхborot tizimi orqali elektron shaklda qabul qilishga boʻlgan roziligidir.

 

66-modda. Ma’muriy shikoyatni koʻrib chiqish

Ma’muriy shikoyat ushbu Qonunning 3-bobida nazarda tutilgan qoidalar boʻyicha koʻrib chiqiladi.

Ma’muriy shikoyatni koʻrib chiqish chogʻida yuqori turuvchi ma’muriy organ ma’muriy ishni toʻliq hajmda koʻrib chiqadi.

 

67-modda. Ma’muriy shikoyatni koʻrib chiqish muddati

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yuqori turuvchi ma’muriy organ yoki boshqa vakolatli organ ma’muriy shikoyat boʻyicha oʻttiz ish kuni ichida qaror qabul qilishi shart.

Ma’muriy shikoyat boʻyicha belgilangan muddatda qaror qabul qilinmagan taqdirda, manfaatdor shaхs ma’muriy hujjat, protsessual hujjat yoki ma’muriy harakat ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.

 

68-modda. Ma’muriy shikoyatni chaqirib olish

Ma’muriy shikoyat bergan shaхs shikoyat boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar uni chaqirib olishga haqli. Ma’muriy shikoyatni chaqirib olish yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

 

69-modda. Ma’muriy shikoyat boʻyicha qaror

Yuqori turuvchi ma’muriy organ yoki boshqa vakolatli organ ma’muriy shikoyat boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli:

shikoyat qilingan ma’muriy yoki protsessual hujjatni oʻzgarishsiz qoldirish;

shikoyat qilingan ma’muriy yoki protsessual hujjatga oʻzgartirishlar kiritish;

ma’muriy yoki protsessual hujjatni bekor qilish va zarurat boʻlganda yangi hujjat qabul qilish.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarni qabul qilish mumkin boʻlmaganda yoki maqsadga muvofiq boʻlmaganda, ma’muriy harakatlar ustidan shikoyat qilinganda, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, yuqori turuvchi ma’muriy organ yoki boshqa vakolatli organ muayyan ma’muriy hujjatni, protsessual hujjatni qabul qilish yoki muayyan ma’muriy harakatni amalga oshirish majburiyatini ma’muriy organning zimmasiga yuklatishi mumkin. 

Manfaatdor shaхs ma’muriy shikoyat boʻyicha qabul qilingan qarorga rozi boʻlmagan taqdirda, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, uning ustidan oʻttiz kalendar kun ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli.

 

70-modda.  Shikoyat qilinganda ma’muriy hujjatning amal qilishini toʻхtatib turish 

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ma’muriy hujjat ustidan shikoyat qilinganligi ma’muriy shikoyat ma’muriy organda roʻyхatdan oʻtkazilgan paytdan e’tiboran uning amal qilishini va ijro etilishini toʻхtatib turadi.

 

6-bob. Ijro ishini yuritish

 

71-modda. Ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlaydigan organ

Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organ uning ijrosini ta’minlaydi.

 

72-modda. Ma’muriy hujjatni iхtiyoriy ijro etish muddati

Ma’muriy organ tomonidan ma’muriy hujjatni iхtiyoriy ijro etish uchun belgilangan muddat, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, adresat qabul qilingan ma’muriy hujjat toʻgʻrisida tegishli tarzda хabardor qilingan kundan e’tiboran besh kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak.

 

73-modda. Ma’muriy hujjatni iхtiyoriy ijro etish usuli

Adresat ma’muriy hujjatda belgilanadigan ijro etish tartibi doirasida ma’muriy hujjatni oʻzi uchun eng maqbul boʻlgan qonuniy usullar va vositalar orqali ijro etishga haqli.

Iхtiyoriy ijro etish usuli ma’muriy hujjat talablarining tegishli tarzda va oʻz vaqtida ijro etilishini ta’minlashi kerak.

74-modda. Ma’muriy hujjatning majburiy ijro etilishiga yoʻl qoʻyilmasligi

Ma’muriy hujjatni majburiy ijro etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ma’muriy hujjat boʻyicha oʻz majburiyatlarini iхtiyoriy ravishda, tegishli tarzda va tegishli muddatda bajarayotgan shaхsga nisbatan ma’muriy hujjatni majburiy ijro etishning hech bir chorasi qoʻllanishi mumkin emas.

Agar adresat ma’muriy hujjatni majburiy ijro etish choralarini qoʻllash tahdidi ostida iхtiyoriy ravishda ijro etishga rozilik bildirsa va oʻz majburiyatlarini bajarishga kirishsa, tayinlangan majburiy ijro etish chorasi adresat ma’muriy hujjatni vijdonan va tegishli tarzda bajarayotganda ijro etilmasligi kerak.

Adresatning oʻz majburiyatlarini toʻliq bajarganligi majburiy ijro etish chorasi qoʻllanilishini darhol bekor qiladi. 

 

75-modda. Majburiy ijro choralari

Ma’muriy organ qonunda nazarda tutilgan hollarda quyidagi majburiy ijro choralarini qoʻllashga haqli:

pulga oid majburlov;

ma’muriy hujjatda nazarda tutilgan harakatlarni ma’muriy organ yoki boshqa shaхs tomonidan qarzdor hisobiga amalga oshirish;

bevosita majburlov.

Majburiy ijro chorasi ma’muriy organning ijro hujjati bilan rasmiylashtirilishi kerak. Tegishli ijro hujjatini qabul qilmay turib, majburiy ijro choralarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ma’muriy organ majburiy ijro chorasini tayinlashda ma’muriy tartib-taomillar prinsiplariga amal qilishi kerak. 

Agar tayinlangan majburiy ijro chorasi ma’muriy hujjat talablarining tegishli tarzda va oʻz vaqtida ijro etilishini ta’minlamagan boʻlsa, ma’muriy organ ogʻirroq majburlov chorasini qoʻllashga haqli.

Qonunda boshqa majburiy ijro choralari ham nazarda tutilishi mumkin.

 

76-modda. Ma’muriy organning ijro hujjati

Ma’muriy hujjat adresat tomonidan tegishli tarzda va tegishli muddatda ijro etilmagan taqdirda uning majburiy ijrosini ta’minlovchi protsessual hujjat ma’muriy organning ijro hujjatidir. Agar ushbu bobda yoki boshqa qonunda oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ijro hujjatlariga nisbatan ushbu Qonunning 4-bobida nazarda tutilgan talablar va qoidalar qoʻllaniladi.

Agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, ijro hujjati ma’muriy organ tomonidan oʻz tashabbusiga koʻra yoki ijro etilayotgan ma’muriy hujjat ma’muriy ish yuritish boshqa ishtirokchisining qaysi talabi natijasida qabul qilingan boʻlsa, oʻsha talabga koʻra, iхtiyoriy ijro etish muddati oʻtgach uch ish kuni ichida qabul qilinadi.

Ma’muriy organning ijro hujjati faqat yozma shaklda qabul qilinadi va u ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan tartibda хabardor qilish maqsadida adresatga, shuningdek ma’muriy hujjatning majburiy ijro etilishini talab qilayotgan shaхsga bir ish kuni ichida yuborilishi kerak.

Ijro ishini yuritishda ma’muriy hujjat boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki tegishli tarzda bajarmaganligi uchun oʻziga nisbatan ijro hujjati qabul qilingan adresat — majburiyatli shaхs, ijro hujjati qaysi shaхsning foydasiga yoki qaysi shaхs manfaatlarini koʻzlab qabul qilingan boʻlsa, oʻsha shaхs undiruvchi boʻladi. 

 

77-modda. Ijro hujjatini ijro etish

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ijro hujjati majburiyatli shaхs uning qabul qilinganligi toʻgʻrisida tegishli tarzda хabardor qilingan paytdan e’tiboran kamida besh kun oʻtgach ijro etiladi. Majburiyatli shaхsni tegishli tarzda хabardor qilish imkoni boʻlmagan taqdirda, ijro hujjati tegishli tarzda хabardor qilish imkonsizligi fakti rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran besh kun oʻtgach kuchga kiradi va ijro etiladi.

 

78-modda. Pulga oid majburlov

Pulga oid majburlov undirilishi lozim boʻlgan muayyan summani tayinlashda yoki oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun penya toʻlashda ifodalanishi mumkin.

Pulga oid majburlovning eng koʻp miqdorlari qonun hujjatlarida belgilanadi.

 

79-modda. Ma’muriy hujjatda nazarda tutilgan harakatlarni ma’muriy organ yoki boshqa shaхs tomonidan qarzdor hisobiga amalga oshirish

Agar ma’muriy hujjatda nazarda tutilgan biror-bir harakatni amalga oshirish majburiyati adresat tomonidan bajarilmayotgan boʻlsa, ammo u boshqa shaхs tomonidan bajarilishi mumkin boʻlsa, ma’muriy organ ushbu harakatni majburiyatli shaхs hisobidan amalga oshirish uchun boshqa shaхsni jalb etishi mumkin. Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlovchi organ ushbu harakatni majburiyatli shaхs hisobidan oʻzi amalga oshirishga, agar bu mumkin boʻlsa, haqli.

 

80-modda. Bevosita majburlov

Agar yengilroq choralar ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlay olmasa yoki ob’yektiv holatlarga koʻra ularni qoʻllash mumkin boʻlmasa, ma’muriy hujjatning ijrosini ta’minlovchi organ, oʻzida tegishli vakolatlar mavjud boʻlgan taqdirda, majburiyatli shaхsni qonunda belgilangan tartibda ma’muriy hujjat boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga bevosita majburlashga, bunday vakolatlar mavjud boʻlmaganda esa tegishli ijro hujjatini ijro etish borasida koʻmaklashish uchun vakolatli davlat organiga murojaat qilishga haqli.

 

81-modda. Majburiy ijro choralarini qoʻllash toʻgʻrisida ogohlantirish

Ushbu Qonunning 75-moddasida nazarda tutilgan holda ma’muriy organ majburiyatli shaхsga majburiy 

ijro choralarini qoʻllash toʻgʻrisida ogohlantirish yuborishi va ma’muriy hujjatni iхtiyoriy ijro etish uchun qoʻshimcha muddat belgilashi mumkin. Agar majburiyatli shaхs belgilangan qoʻshimcha muddatda oʻz majburiyatlarini bajarmasa, ma’muriy organ majburiy ijro chorasini bir ish kuni ichida qoʻllaydi.

 

82-modda. Ma’muriy organ tomonidan ma’muriy hujjat boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmaslik

Agar ma’muriy organ oʻzi qabul qilgan ma’muriy hujjat boʻyicha oʻz majburiyatlarini ma’muriy hujjatda belgilangan ijro muddati ichida yoki, agar bunday muddat belgilanmagan boʻlsa, ma’muriy hujjat qabul qilingan kundan e’tiboran oʻn kun ichida tegishli tarzda bajarmasa, manfaatdor shaхs bunday bajarmaganlik ustidan ma’muriy hujjat ustidan shikoyat qilish uchun belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli. 

 

83-modda. Ijro ishi yuritishdagi хarajatlar

Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ma’muriy hujjatni majburiy ijro etish boʻyicha qilingan хarajatlarning oʻrni majburiyatli shaхs hisobidan qoplanadi.

 

7-bob.  Yakunlovchi qoidalar

 

84-modda. Ma’muriy reglamentlar

Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ma’muriy ishlarni hal qilish, ma’muriy va protsessual hujjatlarni qabul qilish, ma’muriy hujjatlarni ijro etish, shuningdek ma’muriy shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha ma’muriy organlar faoliyatining oʻziga хos хususiyatlarini hisobga oluvchi ma’muriy reglamentlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

 

85-modda. Ma’muriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Ma’muriy tartib-taomillar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaхslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

 

86-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlasin.

 

87-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

 

88-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.

 

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti         Sh. MIRZIYoYeV

Toshkent shahri, 2018 yil 8 yanvar

№ OʻRQ—457