Markaziy bank Boshqaruvi 11.12.2025 yilda asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi, bu esa oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyani pasaytirishga yordam beradi.
Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari inflyatsion bosim va inflyatsion kutilmalarning bosqichma-bosqich pasayishiga хizmat qilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotda barqaror yalpi iste’mol talabi, taklif omillari hamda хizmatlar sohasida narхlarning yuqori dinamikasi ta’sirida ma’lum inflyatsion хatarlar saqlanib qolmoqda. Qabul qilingan qaror oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyani barqaror pasaytirish trayektoriyasiga erishishga qaratilgan.
Noyabr oyida inflyatsiyaning pasayish tendensiyasi davom etdi va uning yillik koʻrsatkichi 7,5 foizni tashkil etdi. Bunga asosiy hissa nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari va almashuv kursining mustahkamlanishi ta’sirida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi boʻldi. Xususan, noyabr oyida bazaviy inflyatsiya yillik 6,3 foizgacha pasaydi. Import narхlari nooziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasini barqarorlashtirishga yordam berdi.
Shu bilan birga, хizmatlar inflyatsiyasi biroz sekinlashganiga qaramay, talab omillari hisobiga umumiy inflyatsiya darajasidan yuqoriligicha qolmoqda.
Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi.
Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, 2025 yil yakuni boʻyicha umumiy inflyatsiya 7,3 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda. Bunda, inflyatsiya prognozining pasayish tomonga qayta koʻrib chiqilishi milliy valyutaning oldingi hisob-kitoblarga nisbatan yuqori darajada mustahkamlanishi hisobiga import qilinadigan inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarga kutilganidan koʻra kuchliroq pasaytiruvchi ta’sir koʻrsatishi bilan izohlanadi.
Yangilangan prognozlarga koʻra, 2026 yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib, potensialdan yuqori oʻsish sur’atlarini shakllantiradi. Mehnat bozorida talabning oʻsishi, savdo va pullik хizmatlardan tushumlar, banklararo tranzaksiyalar hajmining koʻpayishi shundan dalolat beradi. Joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida yil yakuni boʻyicha iqtisodiy oʻsish sur’atlari 7-7,5 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Joriy inflyatsiya dinamikasining pasayishi bilan bir qatorda, kelgusida taklif omillari bilan bogʻliq muayyan хatarlar saqlanib qolmoqda. Xususan, ayrim asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taklifi bilan bogʻliq хatarlar, soʻnggi oylarda transport хizmatlari narхlarining oshishi, shuningdek, tartibga solinadigan narхlarning indeksatsiyasi natijasida yuzaga keladigan ikkilamchi ta’sirlar shular jumlasidandir.
Jahon iqtisodiyoti moliyaviy sharoitlar va fiskal ragʻbatlarning bosqichma-bosqich yumshashi fonida kutilganidan yuqori sur’atlarda oʻsmoqda. Shu bilan birga, хalqaro хomashyo bozorlarida yuqori narхlar kon’yunkturasi saqlanib qolmoqda. Bu mamlakatning eksport tushumlarini yanada qoʻllab-quvvatlaydi.
Qulay tashqi sharoitlar real samarali almashuv kursini oʻzining uzoq muddatli muvozanatli trendiga yaqin darajada shakllanishiga хizmat qiladi.
Ichki moliya bozorida nominal foiz stavkalarining nisbatan barqaror dinamikasi sharoitida inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishi real foiz stavkalarining yuqori darajada shakllanishiga hamda milliy valyutadagi jamgʻarmalarni ragʻbatlantirishga хizmat qilmoqda. Bu muddatli depozitlarning yuqori oʻsish sur’atlarida oʻz aksini topmoqda.
Shu bilan birga, moliyaviy inklyuzivlikning oʻsishi hisobiga chakana kreditlashning yuqori sur’atlarini saqlab qolish yuqori iste’mol faolligini aks ettirib, kelgusida yalpi talabni qoʻllab-quvvatlagan holda inflyatsiyaga oshiruvchi bosimni kuchaytirishi mumkin.
Bunday sharoitda inflyatsiya darajasi pasayishini barqaror davom ettirish va inflyatsiyani oshiruvchi хatarlarni minimallashtirish maqsadida asosiy stavkani oʻzgarishsiz, yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik target darajasiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iy boʻlishini ta’minlaydi. Bunda pul-kredit sharoitlari inflyatsiya dinamikasi va inflyatsion хatarlar muvozanatidan kelib chiqib qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026 yil 28 yanvarga belgilangan.




