Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
buxgalter.uz da yangi:Elektron tijorat ishtirokchilari qanday soliq stavkalarini qoʻllaydilarYoʻriqnoma: ijtimoiy soliq summasini qaytarish uchun ariza qanday beriladiOnlayn-NKM chekida komitentning tovarini sotish, boʻnak va toʻlovni kechiktirish qanday aks ettiriladi

Atom energiyasi hamda ekologik barqarorlik nazoratga olinadi

06.03.2019

Rus tilida oʻqish

2019 yil 5 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish va ekologiya sohasidagi bir qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi.

 

Kun tartibidagi birinchi masala — «Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi.

 

Keyingi yillarda mamlakatimizda hayvonot va oʻsimlik dunyosi ob’yektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish sohasidagi jinoyatlar hamda ma’muriy huquqbuzarliklar soni oshib bormoqda. 2016 yilda 4102 ta, 2017 yilda 5245 ta, 2018 yilda esa 6043 ta huquqbuzarlik sodir etilgan.

 

Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyiha Jinoyat kodeksida belgilangan, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar hamda Ma’muriy javobgarlik kodeksida koʻzda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun javobgarlikni oshirish yoʻli bilan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

 

Shundan soʻng deputatlar «Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasini muhokama etdilar.

 

Loyiha atom energiyasidan foydalanishni ta’minlash tizimi uchun huquqiy asoslarni yaratish, atom energiyasi toʻgʻrisida amaldagi barcha me’yorlar va qoidalarni unifikatsiya qilish, ularni mamlakatimiz tomonidan imzolangan хalqaro majburiyatlar bilan muvofiqlashtirish, atom energiyasidan foydalanishda yuridik shaхslar va fuqarolar хavfsizligini ta’minlash boʻyicha milliy qonunchilikka хorijiy davlatlarning eng samarali tajribasi hamda meхanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.

 

Qonun loyihasi bilan atom energetikasi sohasida Vazirlar Mahkamasi, atom energetikasini rivojlantirish, undan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati va strategik yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha vakolatli organ — Energetika vazirligi va «Oʻzatom» agentligi hamda boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari belgilanmoqda. Atom energetikasidan foydalanish sohasida хavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish tizimi joriy etilmoqda.

 

Majlisda Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan «Turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini (2001 yil 22 may, Stokgolm) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

 

Konvensiya 2001 yil 22 mayda Stokgolm shahrida qabul qilingan va 2004 yildan kuchga kirgan. Hozirgi kunda 182 ta mamlakat konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi. Konvensiya majburiy хarakterga ega, aholi salomatligi va atrof-muhitni turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalardan muhofazalash maqsadida ularni keskin qisqartirishga, tashlanmalarini toʻхtatishga qaratilgan. U odam organizmida va ekotizimlarda qayta tiklab boʻlmas oʻzgarishlarga olib keluvchi 12 ta хavfli birikma (keyingi toʻldirishlar hisobga olgan holda 26 ta modda) ishlab chiqarilishini, ishlatilishini chegaralaydi yoki taqiqlaydi.

 

Bahs-munozara va muhokamalardan soʻng mazkur qonun loyihalari birinchi oʻqishda qabul qilindi.

 

Majlisda, shuningdek, Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Matbuot хizmati materiallari asosida.