10 aprel kuni Parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari «Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tashabbusi asosida ishlab chiqilgan.
Muhokama davomida quyidagi jihatlar qayd etildi:
- energiya samarador va energiya tejaydigan teхnologiyalarni sertifikatlash boʻyicha alohida norma kiritilmoqda. Shu tariqa davlat tomonidan energiya resurslari iste’molini monitoring qilishning ta’sirchan tizimi yaratiladi, davlat-хususiy sheriklik asosida zamonaviy teхnologiyalarni joriy etish tartibga solinadi;
- energiyadan oqilona foydalanish sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi organlar aniq belgilab qoʻyilmoqda. Vazirlar Mahkamasi qatoriga boshqa davlat organlari ham qoʻshildi. Bu nafaqat deputat yoki parlament nazoratini, balki jamoatchilik nazoratini ham toʻlaqonli amalga oshirishga sharoit yaratadi;
- energiya samaradorligi past boʻlgan mahsulotlarning ishlab chiqarilishi, ularning importini tartibga soluvchi normalar nazarda tutilmoqda. Qonun ijodkorlarining fikricha, bu energiya tejovchi ilgʻor teхnologiyalarni joriy etishni, muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga koʻmaklashadi;
- mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari kengaytirilayotgani nazoratsiz elektr energiyasidan foydalanish, oʻchirib qoʻyish holatlarini huquqiy tartibga solish muammolarini hal etishda yordam beradi;
- davlat nazorati organlarining vakolatlari yanada kengroq ochilmoqda, boisi, energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish vazifasi ular zimmasiga yuklanmoqda. Ushbu normaning joriy etilishi mazkur organlar mas’uliyatini oshirib, ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta’sir etuvchi omillarga chek qoʻyish imkonini beradi;
- qonunning toʻgʻridan-toʻgʻri, qonunosti hujjatlarisiz amal qilishi nazarda tutilmoqda.
Munozaralardan soʻng qonun loyihasini yanada maromiga yetkazishga qaror qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi materiallari asosida.