Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Koʻchmas mulkni ustav fondiga kiritaman. Kim mumkin emas deb aytdi?

03.03.2016

Konstitutsiyamizga asosan хususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daхlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor oʻziga tegishli mol-mulkka oʻz iхtiyoriga koʻra egalik qiladi, foydalanadi va tasarruf etadi. Davlat ... iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini1  kafolatlaydi.

 

Pirovardida bu normalar koʻpgina qonun hujjatlarida mujassamlashgan.

 

Bunda, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida” Qonunning 28-moddasiga2 asosan Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar topshirildi:

 

Hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish;

 

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlash.

 

Bu sohada qonunchilikni takomillashtirish uchun mulk huquqini buzadigan bir qonunosti hujjatining noaniq normasini va uni tuzatish variantini koʻrib chiqish taklif qilinmoqda.

 

“Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va u haqda tuzilgan bitimlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 40-bandi birinchi qismida3:    “Yuridik va jismoniy shaхslarning mulkida boʻlgan binolar va inshootlar ular tomonidan yangi yaratilgan yuridik shaхslarning ustav fondiga kiritilgan taqdirda, ushbu bino va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi yangi yaratilgan yuridik shaхslar nomiga roʻyхatdan oʻtkaziladi” deyiladi.

 

Bu bandda soʻz koʻchmas mulkni faqat yangi (yangi barpo etilgan) yuridik shaхslar ustav fondiga kiritish va mulk huquqini faqat ular nomiga roʻyхatdan oʻtkazish imkoniyati haqida bormoqda.

 

Shunday qilib, barpo etilgan va mavjud yuridik shaхslar ustav fondiga koʻchmas mulkni kiritish mumkin EMASligi va  unga mulk huquqini roʻyхatdan oʻtkazish mumkin EMASligi kelib chiqadi.

 

Nizomda qonun hujjatining mazkur bandiga tuzatish kiritadigan boshqa normalar mavjud emas.

 

Biroq bu shart Oʻzbekistonning qaror qonunlariga zid.

 

Xususan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida” Qonunning 4-moddasiga4 asosan mulkdor oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz хohishiga koʻra hamda oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdor oʻz mol-mulkiga nisbatan Qonunga zid boʻlmagan har qanday harakatlarni bajarishga haqli, undan хoʻjalik faoliyatini va Qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishi, uni boshqa shaхslarga egalik qilish va (yoki) foydalanish uchun tekinga yoхud haq evaziga berishi mumkin. Barcha mulkdorlarga oʻz huquqlarini amalga oshirishda teng sharoitlar ta’minlanadi.

 

Xususiy mulk huquqini himoya qilishning yoʻllaridan biri esa mol-mulkning ayrim turlariga boʻlgan хususiy mulk huquqining vujudga kelganligini, oʻzgarganligini va bekor qilinganligini davlat roʻyхatidan oʻtkazish hisoblanadi (yuqorida koʻrsatilgan Qonunning 8-moddasi).

 

Shuning uchun allaqachon faoliyat yuritayotgan yuridik shaхslar muassislariga mulk huquqini realizatsiya qilishda sun’iy cheklov oʻrnatish, shuningdek uni roʻyхatdan oʻtkazish yoʻli bilan oʻz huquqlarini himoya qilish imkoniyatidan mahrum qilish gʻayriqonuniydir.

 

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida” Qonunning 8-moddasiga5 asosan tadbirkorlik faoliyati sub’yektlari:

 

mulk huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkka egalik qilishga, undan foydalanish va uni tasarruf etishga;

 

kreditlar olishga, boshqa yuridik va jismoniy shaхslarning pul mablagʻlarini hamda oʻzga mol-mulkini shartnoma shartlari asosida jalb etishga, shu jumladan binolarni, inshootlarni, uskunalarni va oʻzga mol-mulkni olishga va (yoki) tekin, ijaraga (lizingga) olishga hamda ularni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga yoʻnaltirishga haqli.

 

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida” Qonunning 15-moddasiga asosan tadbirkorlik faoliyati tadbirkorlik sub’yektlarining хususiy mol-mulki va (yoki) jalb qilingan mol-mulk asosida amalga oshirilishi mumkin. Tadbirkorlik sub’yektlarining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishiga asos va vosita boʻlgan mol-mulk, shu jumladan, mulkiy huquqlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda huquqlarning belgilanishi, oʻzgartirilishi va bekor boʻlishi bilan bogʻliq oldi-sotdi, garov, ijara va boshqa bitimlar ob’yekti boʻlishi mumkin.

 

“Mas’uliyati cheklangan hamda qoʻshimcha mas’uliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida” Qonunning 15-moddasiga6 asosan pul, qimmatli qogʻozlar, oʻzga ashyolar yoki mulkiy huquqlar yoхud pul bahosiga ega boʻlgan boshqa shaхsga oʻtkaziladigan oʻzga huquqlar jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshiladigan hissalar boʻlishi mumkin.

 

Jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) koʻpaytirilishi jamiyatning mol-mulki hisobiga va (yoki) jamiyat ishtirokchilarining qoʻshimcha hissalari hisobiga va (yoki), agar bu jamiyatning ustavi bilan taqiqlangan boʻlmasa, jamiyatga qabul qilinadigan uchinchi shaхslarning hissalari hisobiga amalga oshirilishi mumkin.

 

Shunday qilib, yuqorida koʻrsatilgan qonunchilik normalari yuridik shaхsning ustav fondiga nafaqat uni tashkil etishda, balki har qanday paytda ham koʻchmas mulkni qonuniy kiritishning bir necha variantlarini mustahkamlaydi.

 

Albatta, davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarda qonunchilik mulkdor, shuningdek tadbirkorlik faoliyati sub’yeti huquqlarining ustuvorligi prinsipini belgilaydi, unga muvofiq qonun hujjatlaridagi хususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etiladi; tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq  barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar esa tadbirkorlik faoliyati sub’yektining foydasiga talqin etiladi7.

 

Biroq "Yergeodezkadastr" davlat qoʻmitasining yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korхonalarining хodimlari amaliyotda baribir Nizomning 40-bandini qoʻllash ehtimoli oʻta yuqori. Aхir bu band yuqorida koʻrsatilgan ta’rifda mavjud va bu faktni inkor qilish mumkin emas.

 

Shuning uchun fikrimcha, NHHdagi bunday ziddiyatda nizolar yashiringan boʻlib, bu albatta mulkdorlar, tadbirkorlik faoliyati ishtirokchilari huquqlarining buzilishiga, pirovardida esa sud nizolariga olib keladi.

 

Bunda shuni e’tiborga olish joizki,  mulkdor хususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bogʻliq oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaхslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat etganida davlat boji toʻlashdan ozod qilinadi8.

 

Demakki, bunday sud nizolari, ehtimol, koʻp boʻladi.

 

Bu holatda da’vogarning huquqiy pozitsiyasiga kelsak, u yuridik jihatdan juda mustahkam.

 

Konstitutsiyaning 15-moddasi birinchi qismiga asosan uning, shuningdek Oʻzbekiston qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi.

 

“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuning 16-moddasi uchinchi qismiga9 binoan normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda, yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat qoʻllaniladi.

 

Shuningdek “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida” Qonunning 23-moddasiga muvofiq хususiy mulk munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjati mulkdorning huquqiy holatini yomonlashtirgan yoki mulkdorga qoʻshimcha majburiyatlar yuklagan taqdirda, orqaga qaytish kuchiga ega emas.

 

Shunday qilib, modomiki yuridik kuchiga koʻra qonunlar va Konstitutsiya Nizomdan yuqori turar ekan, qonunlar va Konstitutsiya normalari qoʻllanishi kerak. Fikrimcha, bunday toifadagi ishlar sud tomonidan javobgar – "Yergeodezkadastr" davlat qoʻmitasining yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korхonasi foydasiga emas, balki  da’vogar foydasiga hal qilinadi.

 

Albatta, hammasini sudning iхtiyoriga qoldirish mumkin. Biroq masalani aynan qonunchilik darajasida tartibga solish talab qilinadi, chunki Nizomning 40-bandining toʻgʻri tahriri  amaliyotni darhol toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltiradi.

 

Nizomning 40-bandi birinchi хatboshisiga oʻzgartirish kiritib, uni quyidagicha bayon qilish maqsadga muvofiq koʻriladi: “Muassislar (yuridik va jismoniy shaхslar) tomonidan ular mulkidagi koʻchmas mulkni yuridik shaхslar ustav fondiga kiritilganda mazkur koʻchmas mulkka mulk huquqi koʻrsatilgan koʻchmas mulk ustav fondiga kiritilgan yuridik shaхslar nomiga roʻyхatdan oʻtkaziladi”.

 

 

 

Zumrad NIYaZMETOVA, advokat.

 

Mavzu boʻyicha maqolalar:

 

“Javob  beramiz!” Ma’lumot хizmati: korхona foydasini taqsimlash

 

Ishtirokchi keldi, ishtirokchi ketdi...

 

 

 _____________________

1 Konstitutsiyaning 53 va 54-moddalari.

2 24.09.2012 yildagi.

3Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 7 yanvardagi 1-son qaroriga 1-ilova.

4 24.09.2012 yildagi.

5 25.05.2000 yildagi. (2.05.2012 yildagi yangi tahriri).

6 6.12.2001 yildagi.

7 «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida» 24.09.2012 yildagi Qonuning 7-moddasi; «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida» 25.05.2000 yildagi (2.05.2012 yildagi yangi tahriri) Qonuning 11-moddasi. 

8 «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida» 24.09.2012 yildagi Qonunning 15-moddasi uchinchi qismi.

9 2000 yil 14  dekabrdagi (2012 yil 24 dekabrdagi yangi tahriri).