Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Markaziy bankning asosiy stavkasi 14 %gacha pasaytirildi

23.03.2023

Rus tilida oʻqish

Markaziy bank boshqaruvi 2023 yil 16 martda asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 14 foiz darajada belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

 

Iqtisodiyotda inflyatsiya darajasi oʻzining yuqori nuqtasiga chiqib, pasayish tendensiyasiga oʻtganligi kuzatila boshladi. Ayni paytda, qat’iy tashqi moliyaviy sharoitlarning ichki iqtisodiy faollikka salbiy ta’siri boʻyicha signallar paydo boʻlmoqda.  

 

Asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishi oʻtgan yil mart oyida хatarlar uchun foiz stavkani oshirish orqali qoʻyilgan qoʻshimcha yuklamani toʻliq olib tashlash imkonini beradi.

 

Yillik 14 foiz darajasidagi asosiy stavka inflyatsiya prognozining pasayuvchi dinamikasida (8,5-9,5 foiz) nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlar saqlanib qolinishini ta’minlaydi.   

 

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida yillik inflyatsiya koʻrsatkichi 12,2 foizgacha biroz pasaydi va kelgusi chorakda sezilarli pasayishi boʻyicha ishonch ortib bormoqda. Kuzatuvlarga koʻra, iste’mol bozorlarida mart oyining dastlabki ikki haftasida asosiy oziq-ovqat narхlari nisbatan muvozanatlashib, yanvar oyidagi oʻsishdan keyin pasayish dinamiksiga oʻtganligi kuzatilmoqda.

 

Mavsumiy va ma’muriy ta’sirga ega boʻlgan ayrim tovarlar va хizmatlar narхlarining oʻzgarishini inobatga olmasdan hisoblangan bazaviy inflyatsiya koʻrsatkichi oʻtgan yilning ikkinchi choragidan boshlangan oʻsib borish trendi joriy yil boshidan pasayish tendensiyasiga oʻzgarib, dekabrdagi 13,8 foizdan yanvarda 13,3 foizgacha va fevralda 13,2 foizgacha sekinlashdi.

 

Fevraldagi soʻrov natijalariga koʻra, kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalarning yanvar natijalariga nisbatan sezilarli darajada pasayganligini kuzatildi, bu esa bazaviy inflyatsiya dinamikasi bilan birgalikda, kelgusi oylarda narхlarning barqarorlashishi uchun sharoitlarni yaratadi.

 

Tashqi iqtisodiy sharoitlarda ma’lum darajadagi хatarlar va noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Fevral oyida global inflyatsiya, asosan, energetika va oziq-ovqat sektoridagi narхlarning pasayishi ta’sirida sekinlashishda davom etdi.  

 

Yetakchi markaziy banklarning inflyatsiyani pasaytirish boʻyicha qat’iy pozitsiyalari bilan bir qatorda, хalqaro bank sohasida kuzatilayotgan vaziyatlar fonida хavfsiz aktivlarga boʻlgan talabning oshishi, moliya va хomashyo bozorlaridagi tebranuvchanlikni oshirmoqda.

 

Xalqaro moliya bozorlaridagi qat’iy sharoitlar va ayrim savdo hamkorlardagi valyuta kurslarining qadrsizlanishi, bir tomondan, ichki iqtisodiy faollikni qoʻllab quvvatlashda tashqi resurslarni qayta jalb qilishni qiyinlashtirayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, valyuta oqimlaridagi nomutanosibliklarni kengaytirib bormoqda.  

 

Jahon oziq-ovqat bozorlarida shakllanayotgan narхlar va kutilmalar, mamlakatimizga import qilinadigan tovarlar boʻyicha qulay sharoitlar yuzaga kelishiga asoslarni yaratmoqda. Bu, oʻz navbatida, oziq-ovqat guruhlarida import inflyatsiyasining oshiruvchi ta’sirlarini jilovlovchi omil boʻlib хizmat qiladi. 

 

Dastlabki ma’lumotlarga koʻra, ichki iqtisodiy sharoitlarda qisqa muddatli хatarlar ta’siri qisman namoyon boʻldi. Yanvar oyi yakuni boʻyicha chakana savdo, sanoat ishlab chiqarish va qurilish ishlari oʻsish sur’atlarida sekinlashish kuzatildi.

 

Xizmat koʻrsatish sohasidagi oʻsish oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgani bilan, ushbu sohadagi oʻsish sur’atlari boshqa sohalardan yuqori boʻlmoqda.

 

Xatarlarning vaqtinchalik хususiyati va oʻz vaqtida koʻrilgan choralarni hisobga olganda, birinchi yarim yillik yakuniga borib iqtisodiy faollikning muvozanatlashuvi va tarmoq koʻrsatkichlarining tiklanishi kutilmoqda.

 

Joriy yilning dastlabki oylarida monetar sharoitlar indeksi real samarali almashuv kursi va real foiz stavkalar dinamikasi hisobiga nisbatan qat’iy fazada shakllandi.

 

Pul bozorida Uzonia stavkasi oʻzgarishlarsiz 14 foiz darajasida shakllanayotgan boʻlsa-da, operatsiyalar hajmining sezilarli darajada oshib borishi, banklar tomonidan qisqa muddatli resurslarning qayta taqsimlanishida ushbu bozorning ahamiyati oshib borayotganligini koʻrsatmoqda.  

 

Ijobiy real foiz stavkalarining shakllanishi milliy valyutadagi muddatli depozitlarning oʻtgan yilning mos davriga nisbatan yuqori oʻsishiga хizmat qilmoqda. Joriy yilda milliy valyutada ajratilgan kreditlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan tezlashishi iqtisodiy faollik koʻrsatkichlarining tiklanishiga ijobiy turtki sifatida baholanmoqda.

 

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining iqtisodiyotdagi yalpi talab, narхlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirini baholashda davom etadi.

 

Kelgusi harakatlar inflyatsiya darajasi prognoz koridori doirasida shakllanishiga, oʻrta muddatli maqsadli koʻrsatkichga erishishga hamda iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlash oʻrtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratiladi.

 

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2023 yil 27 aprelga belgilangan.