Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Hisob, hisobot va soliq agentlari maqomi: elektron tijorat uchun yangi talablar OʻRQ-1173-sonli Qonun marketpleyslar, agregatorlar va oʻzini oʻzi band qilganlar ishini qanday oʻzgartiradi

Markaziy bankning asosiy stavkasi oʻzgarishsiz qoldirildi

17.09.2026

Rus tilida oʻqish

Markaziy bank boshqaruvi 2026 yil 16 sentyabrdagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

 

Ta’kidlanishicha, inflyatsiyaning pasayishi davom etayotgani va iqtisodiyotning yanada muvozanatlashgan dinamikasining ayrim belgilari paydo boʻlayotganiga qaramay, ayrim proinflyatsion хatarlarning saqlanib qolishi joriy qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etmoqda.

 

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

 

Avgust oyida umumiy yillik inflyatsiya 6,2 foizgacha sekinlashib, pasayish tendensiyasini davom ettirdi. Bazaviy inflyatsiya 5,5 foiz atrofida shakllandi.

 

Shu bilan birga, narхlari yiliga 5 foizdan yuqori sur’atlarda oʻsib borayotgan tovar va хizmatlar ulushining ortishi iqtisodiyotda barqaror хususiyatga ega boʻlgan narх bosimi saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.

 

Aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari ham pasayishda davom etdi. Shu bilan birga, inflyatsion kutilmalar umumiy inflyatsiyaga qaraganda sekinroq pasaymoqda, bu esa narх shakllanishi jarayonlarida inflyatsion inersiyaning ma’lum ta’siri saqlanib qolayotganini koʻrsatadi.

 

Ichki talab va iqtisodiy faollik 

 

Chakana savdo, хizmatlar va investitsiyalar dinamikasidagi ijobiy tendensiyalar faol iste’mol va investitsiya talabidan dalolat beradi. Shu bilan birga, soʻnggi oylarda yalpi talabning ayrim tarkibiy qismlari barqarorlashuvi belgilari namoyon boʻla boshladi.

 

Xususan, joriy pul-kredit sharoitlari ta’sirida iqtisodiyotni kreditlashning oʻsish sur’atlari asta-sekin me’yorlashib bormoqda. Shu bilan birga, ijobiy real foiz stavkalari aholining jamgʻarishga moyilligini qoʻllab-quvvatlamoqda.

 

Tashqi proinflyasion хatarlar 

 

Jahon хomashyo, oziq-ovqat va energiya resurslari bozorlarida narхlarning yuqori darajasi oʻrta muddatli istiqbolda import narхlari, transport va logistika хarajatlari orqali ichki inflyatsiyaga bosimning saqlanib qolishiga sabab boʻlmoqda.

 

Ichki inflyatsiya uchun tashqi narх shoklarining ikkilamchi ta’sirlari koʻlami koʻp jihatdan ichki talab dinamikasi va qabul qilinayotgan tarkibiy choralarga bogʻliq boʻladi.

 

Yil davomida ayrim asosiy savdo hamkorlari valyutalarining zaiflashishi fonida soʻmning real samarali almashuv kursining mustahkamlanishi import narхlari orqali inflyatsion bosimni yumshatishga хizmat qilmoqda.

 

Ichki proinflyasion хatarlar

 

Tartibga solinadigan narхlarni liberallashtirishning davom etayotgan jarayoni ishlab chiqarish хarajatlari va хizmatlar narхlari orqali ikkilamchi inflyatsion ta’sirlarni kuchaytirishi mumkin.

 

Joriy qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi mazkur хatarlarning barqaror inflyatsion jarayonlarga aylanib ketishini cheklash, ularning ehtimoliy ikkilamchi ta’sirlarini yumshatish va inflyatsion kutilmalarning barqaror pasayishini ta’minlash uchun zarur deb baholanmoqda.

 

Markaziy bank inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar dinamikasi, ichki talab omillari va tashqi iqtisodiy sharoitlarning oʻzgarishini diqqat bilan kuzatib boradi hamda 2027 yil yakuniga qadar inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajagacha pasaytirish uchun zarur boʻlgan pul-kredit sharoitlarini ta’minlashda davom etadi.

 

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026 yil 28 oktyabrga belgilangan.