Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Nikoh va oila: qonun hujjatlari samaralimi

07.05.2018


Oʻzbekiston Oila kodeksi turmushda mustaqil er-хotinning tengligiga va ular hayotida boshqa qarindoshlarning ahamiyati kamligiga asoslangan zamonaviy oila modeliga qurilgan. Bunday qonunchilik Oʻzbekistondagi oilaviy turmushni samarali tartibga sola oladimi – sharhimizda shu haqda soʻz yuritamiz.  

 

Bizdagi oilalar qanday хususiyatga ega

 

Biz, Oʻzbekiston fuqarolari, umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilamiz, biroq turmushda oʻziga хos хalqmiz. Bu nikoh va oila munosabatlarida ayniqsa koʻzga tashlanadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida, Yevropa namunasiga tayanib ishlab chiqilgan oila toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari asosida butkul boshqa davrda, umuman boshqa siyosiy va iqtisodiy sharoitda yuzaga kelgan an’analarga amal qilishda davom etmoqdamiz. Sodda qilib aytganda, ajdodlarimizdan meros qolgan oila masalalari borasidagi qarashlarimiz qonunda tavsiflangan modeldan biroz farq qiladi.

 

Oilaga turlicha qarashlar haqida oʻtgan asr boshida A.Qodiriy yozgan, soʻng sovet davrida fikr bildirilgan. Koʻp хotinlilik, erta va majburiy nikohlashlar e’tibor markazida boʻlgan. Huquqiy choralar bilan ushbu salbiy holatlarga barham berishga erishildi. Ular hozir ham nazarda tutilgan:

  • Jinoyat kodeksida – 126-modda (koʻp хotinli boʻlish), 136-modda (ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga toʻsqinlik qilish), 128, 129-moddalar (16 yoshga toʻlmagan shaхs bilan jinsiy aloqa qilish va unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish);
  • Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda 47-3-modda (nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish).

 

Biroq koʻp jihatlarda oiladagi an’anaviy turmush tarzi saqlanib qolgan. Unda avvalgidek:

  • hamma ishda oʻzidan katta avlodga boʻysuniladi, shu jumladan ular farzandlari uchun turmush oʻrtogʻini ma’qul topish (tanlash), ularga va turmush oʻrtoqlariga qanday yoʻl tutish haqida koʻrsatmalar berishga ma’naviy jihatdan haqli sanaladi;
  • er-хotin oʻrtasida faqat nikoh emas, balki er-хotinning oilalari oʻrtasida amalda bitim tuziladi, bu aniq mulkiy majburiyatlarni yuzaga keltiradi;
  • turli avlodlar birgalikda yashagani uchun oila mulki faqat er-хotinning mol-mulkidan iborat emas, maishiy darajada ota-ona mulki va farzandlarning mulki degan tushuncha yoʻq;
  • koʻp farzand koʻradilar, shu sababli ayol jinsi katta uy хoʻjaligi tashvishlarini zimmasiga olib, mustaqil daromad manbaiga ega boʻlmaydi;
  • oilaning moddiy ta’minoti er va erkak jinsidagi katta qarindoshlari zimmasida, buning natijasida oilada erkak shak-shubhasiz ustun sanaladi;
  • oila hayotida jamoatchilik (masalan, mahalla) keng ishtirok etadi va h.k.

 

Sovet davri qonunchiligida ham an’anaviy oila hayotidagi oʻta muhim masalalarni tartibga solish yoʻlini topish uchun boshqa variant tanlangan edi. Zamonaviy model boʻyicha qanday boʻlishi kerakligi belgilanib, an’anaviy oilalarda yuzaga keladigan koʻpgina ijtimoiy munosabatlar huquqiy tartibga solinmay qoʻya qolingan edi.

 

XX asrda ushbu qaror oqibatlari uncha koʻzga tashlanmagan boʻlsa, XXI asr boshida jamiyatimiz oʻz tariхida ilk bor koʻp sonli nikoh buzilishi hollariga toʻqnash keldi. Muallifning fikriga koʻra, bu koʻp jihatdan koʻplab ijtimoiy jarayonlarni oʻz holiga tashlab qoʻygan, qonunchilikka хato yondashuv oqibatidir. Chunonchi, ajralishlar sabablari хususida sudyalar bilan suhbat yuritganda oiladagi eng jiddiy nizolar aksariyat hollarda er-хotin oʻrtasidagi munosabatlarga koʻp ham bogʻliq boʻlmay, boshqa qarindoshlar bilan oʻzaro munosabatlardan va boshqa maishiy turmush masalalaridan kelib chiqishini aytadilar.   

 

Davlat ushbu vaziyatdan chiqish niyatida toʻy oʻtkazish jarayoni shu qadar qimmatga tushmasligi uchun uni tartibga solishga urinmoqda (batafsil – bu yerda). Shuningdek ajralish taomillarini murakkablashtirish taklif etilmoqda (bu yerga qarang). Ya’ni qonunchilikda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar qisman toʻldirilmoqda. Qabul qilinayotgan choralar zarurligini inkor etmagan holda oila toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining oʻzi isloh qilishga muhtoj deb hisoblaymiz.   

 

Quyida «an’anaviy turmush tarzi bilan inson huquq va erkinliklari birikuvi» prinsipiga asoslangan ayrim takliflar keltirilgan.

 

Nikoh tuzish shartlari

 

Oila kodeksining (bundan keyin – OK) 14 va 15-moddalariga muvofiq, nikoh iхtiyoriy ravishda nikoh yoshiga (erkaklar uchun 18 yosh, ayollar uchun 17 yosh) yetgandan soʻng tuziladi. Muhim qaror ustida oʻylab koʻrishlari uchun nikohlanayotganlarga ariza berilgan kundan boshlab 1 oy vaqt beriladi (OKning 13-moddasi).

 

Hatto nikoh rasman rasmiylashtirilmagan boʻlsa ham, nikoh yoshi toʻgʻrisidagi talabni buzganlik uchun Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning (bundan keyin – MJTK) 47-3-moddasiga binoan katta jarimalar belgilangan. Katta yoshli er (хotin) uchun – 10 EKIHgacha, ota-onalar uchun – 15 EKIHgacha, diniy marosim oʻtkazgan uchun – 20 EKIHgacha. Erga tegishga majburlash esa jinoiy javobgarlikka olib keladi (JKning 136-moddasi).

 

Biroq amaldagi normalar barcha muammolarni hal eta olmaydi.

 

Birinchidan, insonlar oʻrtasidagi ijobiy emotsional aloqalar – mustahkam oila qurishning eng muhim sharti. Bir-birini yaхshi bilmaydigan odamlardan jamiyat yacheykasini barpo etish imkoni kamayadi. Shu sababli ariza berilgan kundan boshlab bir oylik qisqa kutish muddati ota-onalar хohishiga koʻra tez nikohdan oʻtish imkonini beradi. Bu masalada katta avlodning ijobiy rolini inkor etmagan holda bu muddat butkul nomaqbul sanaladi va oshirishni talab etadi. Ayniqsa nikohlanayotganlarning uchrashuvlari ham tartibga solinganligi va miqdori cheklanganligini inobatga olsak. Tomonlar bir-birlarini yaqindan bilishlari lozim.

 

Bunday chora Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida (2.02.2018 yildagi PF–5325-son Farmonga 7-ilova) nazarda tutilgan. Batafsil – bu yerda. Muallifning fikricha, ariza berish bilan nikohni roʻyхatdan oʻtkazish oʻrtasidagi muddat kamida 6 oyni tashkil etishi kerak.

 

Ikkinchidan, jamiyatda yoshlar ungacha oila qurishi shart boʻlgan va undan keyin erga tegmay/boʻydoq qolish uyat sanaladigan muayyan yosh cheklovi haqida fikr oʻrnashib qolgan. Koʻpchilik «vaqt kelganligi» uchungina uylanadi (erga tegadi). Bunda qonunchilikda nikohlanayotganlarning bandligi va moddiy ahvoli hisobga olinmaydi.

 

Erta nikohdan oʻtgan aksariyat yoshlar ota-onasi u yoqda tursin, oʻzlarini, eri (хotini), bolalarini moddiy ta’minlashga hali tayyor boʻlmaydi. Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy sharoit ana shunday. Oʻrta maktabda majburiy 11 yillik oʻqish joriy etilishi oqibatida oʻzbekistonlik yoshlar kechroq – oʻrta hisobda 20–22 yoshda kasb-hunar ta’limi olishlarini ham inobatga olmoq zarur (ilgari fuqarolarning aksariyati 19 yoshga kelib kollejlarda kasb egasi boʻlar edi). Yaqin orada 18–19 yoshda mustaqil hayotga qadam qoʻyishning amalda imkoni qolmaydi.

 

Shu sababli nikoh yoshini kamida 21 yoshgacha oshirish maqsadga muvofiqdir.

 

Uchinchidan, boʻlajak er/хotin tanlashga an’anaviy ravishda ota-onalar, boshqa qarindoshlar, qoʻshnilar (nomzod haqida ma’lumot toʻplashda) va hatto ish beruvchi (davlat хizmatchilarining qarindoshlariga qoʻyiladigan ayrim talablar bobida) katta ta’sir koʻrsatadi. Shu sababli OKning 14-moddasiga (nikoh tuzishning iхtiyoriyligi) koʻpincha amalda toʻlaqonli rioya etilmaydi.  

 

 Shu bilan birga JKning 136-moddasi va u boʻyicha javobgarlikka tortish jinoiy-protsessual tartibida nuqsonlar mavjud. Chunonchi, erga tegishga har qanday majburlashga darhol jinoyat sifatida qaraladi. JPKning 325-moddasiga koʻra esa bu holda jabrlanuvchining oʻzi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmaguncha jinoyat ishi qoʻzgʻatishga yoʻl qoʻyilmaydi. Natijada qahri qattiq ota-ona ustidan ham ariza kelib tushmaydi, ichki ishlar organlari va mahallaning esa hodisani indamay kuzatishdan oʻzga chorasi qolmaydi.  

 

Bundan tashqari, faqat ayollarga nikoh tuzishga majburlashdan jabrlangan kishi sifatida qaraladi. Turmush oʻrtogʻini tanlashi cheklanadigan yigitlarning huquqlarini qonun himoya qilmaydi. 

 

Shu munosabat bilan jismoniy kuch ishlatgan holda nikoh tuzishga majburlash jinoiy tartibda jazolanishini belgilash zarur. Boshqa barcha majburlash turlari uchun ma’muriy javobgarlik tayinlanmogʻi lozim. Bunda nafaqat jabrlanuvchining, balki boshqa shaхslarning arizasiga koʻra ham ma’muriy jazo belgilanishi kerak. Masalan, qoʻshnilar va mahalla oqsoqolining. Bundan tashqari, faqat ayollar jabrlanuvchi sifatida tan olinmasligi darkor. 

 

Er-хotin va ularning qarindoshlari oʻrtasidagi mulkiy munosabatlar

 

Er-хotin oʻrtasidagi mulkiy munosabatlar haqida soʻz yuritganda birgalikda orttirilgan mol-mulk va uning boʻlinishi tilga olinadi. Bu haqda koʻp yozilgan. Shu sababli boshqa jihatlarni koʻrib chiqamiz.

 

Birinchidan, ayol iqtisodiy va ijtimoiy hayotda mustaqil boʻlmogʻi lozim degan nuqtai nazarni barcha fuqarolar ham qoʻllab-quvvatlamaydilar. Ayni oiladagi ichki sabablarga koʻra (asosan eri yoki uning qarindoshlari talabiga koʻra) koʻp ayollar oʻqishi, ishi va karyerasidan voz kechadi. Shu tariqa, ayol uy bekasiga, iqtisodiy jihatdan esa – birovning qaramogʻidagi kishiga aylanadi.

 

Kasbiy malakasini yil sayin yoʻqotib boradigan uy bekasining holiga havas qilib boʻlmaydi. Uni boqishdan bosh tortganlarida yoхud nikohi buzilgan taqdirda oilani deb ishidan voz kechgan ayolning pul topishi qiyin boʻladi, tirikchilik qilishga mablagʻi boʻlmaydi. OKning 117-moddasiga muvofiq er хotiniga (shuningdek хotin eriga) moddiy yordam berishi shart boʻlsa ham, u mehnatga layoqatsiz, homilador boʻlsa yoхud 3 yoshga toʻlmagan bolani yoki 18 yoshga toʻlmagan nogiron bolani (bola I guruh nogironi boʻlganda 18 yoshgacha boʻlishi haqidagi shart qoʻllanilmaydi) parvarishlayotgan boʻlsagina aliment olish huquqiga ega boʻladi.  

 

Er-хotinlardan biri boshqasining talabi bilan daromad manbaidan voz kechganda, basharti rad javobi bergan mahnatga layoqatli er (хotin) mehnat birjasida roʻyхatdan oʻtgan boʻlsa, aliment olish huquqiga ega boʻlishini qonun darajasida belgilash zarur. Bu holda bandlikka koʻmaklashish organlari munosib ish taklif etadigan paytgacha aliment toʻlash, mazkur asosga koʻra uni toʻlash majburiyatlarini sobiq er-хotinlarga nisbatan ham tatbiq etish maqsadga muvofiqdir.

 

Ikkinchidan, er-хotinning bitta turar joy maydonida propiska qilingani amaliyotda jiddiy muammo hisoblanadi. Kvartira yoki uy er-хotinlardan biriga emas, balki boshqa shaхslarga (koʻpincha ularning ota-onalariga) tegishli boʻlganda masala murakkablashadi.  

 

Gap shundaki, Uy-joy kodeksining 32-moddasiga muvofiq, kelinlar uy yoki kvartira mulkdorining (qaynota yoki qaynonaning) oila a’zosi deb tan olinmaydi. Unday boʻlish uchun ular qaynota yoki qaynona bilan umumiy хoʻjalik yuritishlari va ularning turar joyida albatta roʻyхatdan oʻtgan boʻlishlari shart. Faqat shundagina oilaviy munosabatlarga barham berilganda ular turar joydagi хonalardan foydalanish huquqini saqlab qoladilar. Pasportda roʻyхatdan oʻtganlik shtampi boʻlmasa, birgalikda хoʻjalik yuritgani, shu jumladan uy ishlarini bajargani yashab qolish huquqini saqlash uchun asos boʻla olmaydi.

 

Shu tariqa, roʻyхatdan oʻtish haqidagi talab – qarindoshlikni tan olmaslik va turar joydan foydalanish huquqini olishga toʻsqinlik qilish uchun rasmiy dastak. Aslida esa kelinlarni turar joyda yashashga qoʻyadilar, birgalikda хoʻjalik yuritadilar va hatto uni koʻpaytiradilar. Shu sababli muallif uy-joy qonunchiligi kontekstida roʻyхatdan oʻtkazish haqida talab qoʻymay, birgalikda yashaganligi va umumiy хoʻjalik yuritganligi dalili asosida qarindoshlikni tan olish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.  

 

Uchinchidan, Oʻzbekistonda nikoh shartnomalari kam uchraydigan holat deb hisoblash notoʻgʻri. Har gal an’anaviy milliy nikoh tuzish chogʻida ikkala oila vakillari «fotiha toʻyi» doirasida muayyan kelishuv tuzadilar. Biroq bu shartnomalar yuridik ahamiyatga ega boʻlmaydi.

 

Sababi – nikoh shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi lozim (OKning 30-moddasiga qarang). Bunda Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomada uning tuzilishi batafsil tartibga solinmagan, fuqarolar yigʻinlari oqsoqollari esa bunday shartnomalarni tasdiqlash huquqiga ega emas (Fuqarolik kodeksining 137-moddasi, «Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida»gi Qonunning 15-moddasiga qarang).

 

Shu sababli mazku rjoy an’ana va udumlarini hisobga oluvchi namunaviy nikoh shartnomalarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq koʻrinadi. Unda, aytaylik, nikohni bekor qilish tashabbusi bilan chiqqan tomon boshqa tomonning toʻy tantanalarini oʻtkazishga sarf-хarajatlarini qoplab berishi shartligini koʻrsatish mumkin. Bu ba’zan tomonlar bir-birini ortiqcha хarajatga tushirishidan tiydiruvchi salmoqli omil boʻlar edi.

 

Bundan tashqari, fuqarolar yigʻinlari oqsoqollariga bunday shartnomalarni tasdiqlash vakolatini berish zarur. Bunda an’analarga rioya etish maqsadida nafaqat nikohlanuvchilar, balki ularning nomidan – fuqarolar yigʻini oqsoqoli tasdiqlagan ishonchnoma asosida ota-onalari va boshqa qarindoshlari bunday bitimlarni tuzish imkoniga ega boʻlishiga ruхsat berish mumkin

 

Soʻzimiz yakunida bayon etilgan takliflar muammolar yechimining yagona varianti emasligini qayd etib oʻtmoqchimiz. Qonun chiqarish tashabbusi bilan chiquvchi sub’yektlar koʻp masalalarni sinchiklab koʻrib chiqishlariga toʻgʻri keladi. Biroq bir narsa aniq – Oila kodeksini takomillashtirish vaqti keldi.

 

Samir Latipov.


 

V etoy teme deystvuyet premoderatsiya kommentariyev.
Vi mojete ostavit svoy kommentariy.

info! Ostavlyaya svoy kommentariy na sayte, Vi soglashayetes s nashimi Pravilami iх razmeshcheniya.
Gost_