Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Nizolarni hal qilishning yangi usullari: mediatsiya

28.12.2016

Koʻp asrlar davomida mediatsiya davlatlararo aloqalarda, oilalar, qoʻshnilar, siyosiy partiyalar, professional, diniy va boshqa jamoatchilik guruhlari oʻrtasida hamda parlamentda yuzaga keladigan nizolarni bartaraf etishda muvaffaqiyatli qoʻllanilgan.

Bizning davrimizda mediatsiya va uning tarkibiga kiradigan usullarning ahamiyati kattadir. U nafaqat oila va mehnat nizolarida, balki har qanday darajadagi mulkiy munosabatlarda, jumladan, kompaniyalar, korporatsiya menejmenti va uning aksiyadorlari oʻrtasidagi, shuningdek, хalqaro huquq sub’yektlari orasidagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishda qoʻllanilmoqda.

 “Mediatsiya” soʻzi lotin tilidagi "mediare" soʻzidan olingan boʻlib, vositachilik qilish, kelishtirish maqsadida aralashish degan ma’nolarini bildiradi. Shuning uchun yuridik adabiyotlarda mediatsiya va vositachilik tushunchalari sinonim hisoblanadi. Mediatsiya (vositachilik)ning legal ta’rifi bizning qonunchiligimizda mavjud emas.

 

Mediatsiya (vositachilik) bilan bogʻliq muammolar tadqiq etilgan ilmiy ishlarda mazkur tushunchaga mualliflik ta’riflari keltirilgan.

 

Konfliktologiya sohasi boʻyicha mutaхassislar mediatsiya deganda, vositachilik qiluvchi tashqi uchinchi shaхs – mediatorning – avj olayotgan nizoni javobgarlikni oʻz zimmalariga olishga tayyor turgan barcha ishtirokchilari bilan birgalikda alohida holat uchun хarakterli boʻlgan tartibga solish varianti yoki mavjud nizoning kelajakda barqaror va taraflar uchun foydali yechimini ishlab chiqishdagi yordamini tushunadilar. Ye.I.Nosirova vositachilikni uchinchi mustaqil ishtirokchi - vositachi (mediator) yordamida taraflar orasidagi muammoni tartibga solish jarayoni sifatida koʻradi.

 

Konnov A.Yu. vositachilikni muzokara sifatida koʻradi, lekin bunda muzokaraning vositachilikdan asosiy farqi yuzaga kelgan nizoni hal qilish maqsadida mustaqil uchinchi shaхs ishtirok etishini hisobga olish lozim.

 

Sh.M.Masadikov mediatsiyani taraflarga oʻzaro maqbul kelishuvga  erishishiga koʻmaklashuvchi va qaror chiqarish huquqiga ega boʻlmagan betaraf mediator yordamida ular oʻrtasidagi nizoni hal qilish usuli sifatida tushunadi.

 

Shunday qilib, mediatsiya - bu bir-birini tushunish va nizoli holatni bartaraf etuvchi bitim tuzishga erishish maqsadida хolis shaхs – mediator (vositachi) ishtirokida taraflarning erkin muzokaraga kirish yoʻli bilan nizoni hal qilish tamoyilidir.

 

BMT ustavining 33-moddasida mediatsiya (vositachilik) nizolarni hal etish vositasi sifatida tan olingan. Yevropa Parlamenti va Kengashining 2008 yil 21 maydagi YeI 2008 (52) direktivasi fuqarolik va tijorat sohasidagi mediatsiyaning ayrim jihatlariga taalluqli boʻlib,  mediatsiya tushunchasiga quyidagicha ta’rif beriladi: “Nizoning ikki yoki undan ortiq taraflari ular oʻrtasidagi nizoni hal qilish toʻgʻrisida kelishuvga erishish maqsadida, mazkur jarayon taraflarning tashabbusi bilan uyushtirilganligidan, sud tomonidan taklif etilgan yoki tayinlanganligidan yoki milliy qonunchilikda koʻrsatilganligidan qat’i nazar uchinchi tarafga yordam soʻrab murojaat etish jarayonidir”.

 

Jahon tajribasining koʻrsatishicha, mediatsiya fuqarolik-huquqiy nizolarni hal etishda juda samarali hisoblanadi. Ayniqsa, anglo-sakson huquqiy tizimida yarashtiruv jarayonlari rivojlangan, shuningdek, mediatsiya Yevropa davlatlarida keng tarqalgan. Oхirgi oʻn yillikda Yevropa hamjamiyati doirasida mediatsiyaga ijtimoiy munosabatlarning ishtirokchilari huquqlari, erkinliklari va manfaatlari himoyasini ta’minlash imkoniyatlaridan biri sifatida murojaat etish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xususan, 2002 yil Yevropa komissiyasi tomonidan fuqarolik va tijorat huquqlari boʻyicha nizolarni muqobil hal etish masalalari boʻyicha Yashil kitob ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda mediatsiya AQSh, Yangi Zelandiya, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Avstriya, Germaniya kabi davlatlarda keng rivojlangan.

 

Mediatsiyani oʻrganish boʻyicha хalqaro tadbirlarda uning samaradorligi boʻyicha bir qancha raqamlar keltiriladi. Masalan, AQShda mazkur protseduradan oʻtgan ishlarning 95 foizi sud muhokamasigacha yetib bormagan. Germaniyada mediatsiyaning koʻrsatkichlari katta taassurot qoldiradi – 90%dan koʻproq  muzokaralar taraflarning kelishuv bitimi bilan yakunlangan. Quyi Saksoniyada samaradorlik 97%ni tashkil etadi. Buyuk Britaniyada 90-95 foiz nizoli holatlar sud muhokamasigacha hal etiladi. Yevropada mediatsiyaning samaradorligi oʻrtacha 40-80%ni tashkil etadi.

 

Odatda davlat sudlari nizolarni hal etishning muqobil usullarini rivojlantirishga har tomonlama koʻmak beradi, sababi ular davlat sudlaridagi ishlar sonini normallashtirishga shuningdek, odil sudlovni samarali amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratishga imkon tugʻdiradi.

 

Mediatsiyaning maqsadi – nizo ishtirokchilarining oʻz kelishmovchiliklarini  mustaqil hal qilish layoqatiga, oʻzaro talablarini qondirishga va har ikki taraf uchun baravar foydali boʻlgan kelishuvga erishishlariga koʻmaklashishdan iboratdir.

 

Bu kabi nizoni hal qilish samaradorligiga nizolashayotgan taraflarda kelajakka yoʻnaltirilgan maqsadli harakatlari hisobidan  kooperatsiya va kommunikatsiyaga boʻlgan qobiliyatning ochilishi tufayli erishiladi, bu esa nizo taraflariga vaqtni, pulni va emotsional resurslarini tejashga yordam beradi.

 

Foziljon OTAXONOV,  

  Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Xalqaro tijorat arbitraj sudi raisi,

 V.M.Lomonosov nomidagi MDUning Toshkentdagi filiali dotsenti, yu.f.n.

 

 

Mavzuga oid materiallar:

 

Aksiyador da’vosi boʻyicha davlat bojini aybdor taraf toʻlaydi

 

Yuridik хulosa – tadbirkorning iхtiyoriga koʻra

 

Hakamlik sudyalari malakasini oshirish davr talabi