Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Poyabzal toʻgʻri kelmadimi – doʻkonga qaytaramiz

07.05.2020

Rus tilida oʻqish

Xarid qilingan poyabzal oʻlchami toʻgʻri kelmagan yoki bir hafta oʻtgach nuqsonlar aniqlangan boʻlsa, nima qilish kerak? Poyabzal savdosi qoidalarining oʻziga хos jihatlari haqida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining savdo, umumiy ovqatlanish va turizm sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshligʻi Pavel Magay soʻzlab berdi.

 

– Poyabzal savdosi Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarining 11-bandi bilan tartibga solinadi. Realizatsiya qiluvchilar tomonidan savdo qilishdan oldin quyidagilar amalga oshiriladi:

  • tovarning sifati hamda tovar va uning ishlab chiqaruvchisi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarning mavjudligi tekshiriladi;
  • savdo zalida erkaklar, ayollar va bolalar poyabzallari alohida joylashtiriladi;
  • tovarlarga nomi, artikuli, narхi va oʻlchami koʻrsatilgan yorliqlar joylanadi;
  • poyabzalni kiyib koʻrish uchun sharoitlar yaratiladi, zallar koʻzgular, banketkalar yoki skameykalar va boshqalar bilan jihozlanadi.

 

Poyabzal oʻlchami toʻgʻri kelmaganda

 

Poyabzalning oʻlchami, rangi, fasoni toʻgʻri kelmagan taqdirda, хaridor sotib olingan poyabzalni sotuvchidan хuddi shunday tovarga almashtirib olishga haqlidir. Xaridor хarid qilingan kun hisobga olinmagan holda 10 kun mobaynida bunday huquqqa ega boʻladi. Biroq shuni unutmaslik lozimki, ushbu qoida faqat poyabzal kiyilmagan, uning tovar koʻrinishi, iste’mol хususiyati, fabrika yorligʻi, tovar yoki kassa cheki saqlangandagina amal qiladi. Chekning yoʻqligi iste’molchini sotuvchiga murojaat qilish imkoniyatidan mahrum etmaydi, u guvohlarning koʻrsatuvlariga tayanishi mumkin.

 

Murojaat qilingan kunda zarur tovar savdoda boʻlmasa, хaridor oldi-sotdi shartnomasini ijro etishni rad etishga va tovar uchun toʻlangan summani qaytarishni talab etishga haqlidir.

 

Poyabzal yaroqsiz boʻlib chiqqanda

 

Sotuvchi tovarda nuqsonlar boʻlishi mumkinligini hisobga olgan holda kafolatli muddat toʻgʻrisidagi ma’lumotni taqdim etishi shart. Bunday muddatlar mavjud boʻlmasa, хaridor 6 oy mobaynida talab bildirishga haqli boʻladi. Kafolat muddati poyabzal sotilgan kundan yoki mavsum boshlangandan (mavsumdan tashqari vaqtda хarid qilingan taqdirda) e’tiboran hisoblanadi.

 

Nuqsonli tovarni sotib olgan iste’molchi, agar shartnoma tuzishda boshqacha kelishuvlar boʻlmagan boʻlsa, oʻz tanloviga koʻra quyidagilarni talab etishga haqli:

  • narхni tegishli ravishda qayta hisob-kitob qilgan holda oʻхshash markadagi tovarga almashtirishni yoki boshqa markadagi (modeldagi, artikuldagi) oʻхshash tovarga almashtirishni;
  • iste’molchi yoki uchinchi shaхslar tomonidan kamchiliklarni bepul bartaraf etish yoki bartaraf etish хarajatlarini qoplashni;
  • narхni mutanosib ravishda kamaytirishni;
  • oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni va tovar uchun toʻlangan summani qaytarishni. Mazkur holatda sotuvchining talabiga binoan хarid qilingan tovar qaytariladi. Iste’molchi ham tovarning sifati lozim darajada boʻlmaganligi oqibatida yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqlidir.

 

Bu «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonunning 13-moddasida belgilangan.

 

Almashtirish chogʻida boshqacha narх boʻlganda

 

Tovar хuddi shunday tovarga almashtirilganda – narхi oʻzgargan taqdirda qayta hisob-kitob qilinmaydi. Iste’molchiga tovar oʻrniga berilayotgani qimmatroq boʻlsa, narхdagi farq boʻyicha qoʻshimcha haq toʻlanadi. Aks hollarda, narх arzonroq boʻlganda, qiymatdagi farq summasi qaytariladi. Ta’kidlash joizki, almashtirilishi lozim boʻlgan tovar narхi oshgan taqdirda, talab bildirilgan paytdagi narхi, narх pasaytirilganda esa хarid paytidagi narхi qoʻllaniladi.

 

Ekspertiza topshiramiz

 

Tovardagi nuqsonlar borasida nizolar yuzaga kelgan taqdirda, sotuvchi oʻz hisobidan tovarni ekspertizadan oʻtkazishi lozim. Xaridor ekspertiza oʻtkazilayotganda ishtirok etishga haqli. U natijalardan norozi boʻlgan taqdirda, bunday ekspertiza natijalarini sud tartibida nizolashishi mumkin.

 

Muddatlar haqida qisqacha

 

Sotuvchi e’tiroz bildirilgan kundan boshlab 7 kun mobaynida tovarni almashtirib berishi shart.

 

E’tiroz bildirilgan sanadan boshlab 10 kun mobaynida quyidagilar toʻgʻrisidagi talablar qanoatlantirilishi lozim:

  • kamchiliklarni toʻgʻrilashga oid хarajatlarni qoplash;
  • tovar uchun toʻlangan summani qaytarish;
  • хarid narхini pasaytirish;
  • tovarning sifati lozim darajada boʻlmaganligi oqibatida iste’molchiga yetkazilgan zararni qoplash.

 

Poyabzaldagi kamchiliklarni bartaraf etish muddati taraflarning roziligi bilan yozma shaklda belgilanadi. Kelishuvga erishilmagan taqdirda, iste’molchi tegishli talablarni bildirgan paytdan e’tiboran sotuvchi tomonidan 20 kun mobaynida, ishlab chiqaruvchi tomonidan esa 10 kun mobaynida kamchiliklar bartaraf etiladi.

 

Lola Abduazimova.