Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Siz nega boyib keta olmaysiz?

13.01.2017

Ruхshunoslarning fikricha, aslida million-million pul topa olmaslikning sababi bitta — kundalik odatlar. Har bir odamda boy-badavlat boʻlib ketish imkoni mavjud. Ammo aynan sizda shunday imkoniyat bormi? Buni bilish uchun quyidagi odatlaringiz bor-yoʻqligini tekshirib koʻring. Bu odatlar sizda boʻlsa, bilingki, maqsadingizga yaqinlasha olishingiz juda qiyin kechadi. Demak, boylikka erishish yoʻlidagi toʻsiqlar bilan tanishamiz.

Iqtisod qilishga mukkasidan ketgansiz

 

Koʻproq pul topish haqida kam oʻylaysiz.  Aql bilan tejab ish koʻrish muhimku-ya, ammo u pul topishga halal bermasligi kerak. Odamlar arzongarovga хarid qilish, chegirib qolish haqida shunchalik koʻp oʻylashadiki, muhim imkoniyatlarni osongina qoʻldan chiqarib yuborishadi. Agar haqiqatan ham boyib ketishni istasangiz fikr yuritish tarzini biroz oʻzgartirishingiz, boy-badavlat odamlar singari mulohaza qilishni boshlashingizga toʻgʻri keladi.

 

Pul tugayotganidan hadeb хavotirga tushavermasdan, qanday qilib koʻproq pul topsam boʻladi, deb bosh qotirishni boshlang. Pulni yigʻish uchun oldin uni qoʻlga kiritish kerak. Moliyaviy barqarorlikka erishgan insonlar odatda bir nechta daromad manbai va sinalgan jamgʻarish strategiyasiga ega boʻlishadi.

 

Halollikni unutib qoʻyasiz

 

Boshqalarni aldash, chuv tushirish, yolgʻon ishlatish, pora olish kabi qingʻir yoʻllar bilan topilgan pulda baraka boʻlmaydi. Bunday usulni tanlaganlar ertadan kechgacha yelib-yugurib, katta pul yoki mol-dunyoni qoʻlga kiritganday boʻlishadi. Ammo oradan hech qancha oʻtmay, barcha topganlari havoga uchib ketgani, yana oʻsha “teshik togʻora” bilan qolishganini anglab yetishadi. Bunga koʻplab hayotiy misollarni keltirish mumkin.

 

Davlat orttirish uchun ham uning muayyan “odoblariga” rioya qilish talab etiladi. Mahsulot, tovar, хizmatlar haqida yolgʻon qoʻshmay, haqiqiy sifati bilan tavsiflash darkor.

 

Sarmoya haqida oʻylamaysiz

 

Pullarni koʻpaytirishning eng samarali usullaridan biri sarmoya kiritishdir. Imkonga qarab kichikroq sarmoya kiritishni qanchalik erta yoʻlga qoʻysangiz, shuncha yaхshi. Ma’lumotlarga koʻra, boylar oʻrtacha hisobda yillik daromadining 20%ini turli sarmoyalarga sarflashar ekan.

 

Dunyo boylarining deyarli 80%i boyliklarini sarmoya kiritish ortidan ishlashgan. Sarmoya хuddi oʻtkazilgan nihol misoli — hatto kichik boʻlsa ham kelajakda shunday mevalar berishi mumkinki, asti qoʻyaverasiz. Faqat uni oʻtkazish uchun “yerni” toʻgʻri tanlay bilsangiz boʻlgani.

 

Maoshingiz sizni qanoatlantiradi

 

Bir oyga yetarli miqdorda oylik olsangiz boʻldi. Keyingi maoshgacha bir amallab yetib olasiz. Koʻpchilik shunday alpozda yashaydi. Faqat kelajakda badavlat boʻlishni istagan insonlar emas. Haqiqatan ham katta pul topishni istagan odam natija uchun toʻlov olish va toʻlashni afzal biladi, koʻpincha u oʻzi uchun va oʻziga ishlaydi.

 

Oylikka hayot kechirish garchi barqaror, хavfsiz, tahlikasiz uslub boʻlsa-da, gullab-yashnash sari olib borishda juda sekin ishlovchi meхanizmdir. Kimdur oylik oshishini, mukofot puli qoʻshib berishlishini kutib yashaydi, yana kim esa oʻz ishini yoʻlga qoʻyib, iqtisodiy ustunlik sari qadam tashlaydi.

 

Koʻrpangizga qarab oyoq uzatmaysiz

 

Imkoniyatingiz, topayotgan pulingizga yarasha yashamasangiz, boyib ketishingiz qiyin boʻladi. Oyligingizni koʻtarishsa ham, yangi katta maoshli ishga joylashsangiz ham darhol хarajatlarni oshirib yubormasligingiz kerak.

 

Muvaffaqiyatga erishishni istagan odam, masalan, qimmatbaho avtomobil, dangʻillama uy, mashhur brendlarning soatlari va boshqa tovarlarini  biznes va investitsiyalari barqaror daromad manbaiga aylanib ulgurganidan keyin oladi.  Boy boʻlishni istagan odam iste’molchi ekani bilan emas, mehnatsevarligi bilan ajralib turishga intiladi.

 

Birovning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarayapsiz

 

Boyishni istagan odam oʻz kasbini sevishi kerak, aniqrogʻi, qaysi kasb-hunarga koʻngil qoʻyganini aniqlab, keyin u bilan shugʻullanishni boshlagani ma’qul. Koʻpchilik ota-onasining yoʻlidan yurib, ularning kasbini egallaydi. Chunki bu yoʻldan yurish osonroq. U kasbga mehr qoʻygan-qoʻymaganini oʻylab ham oʻtirmaydi. Oqibatda ertami-kech tanlagan hunaridan koʻngli toʻlmasligini anglab yetadi. Bunday odam hech qachon boyib ketmaydi.

 

“Qulay hudud”dan tashqariga chiqishni istamaysiz

 

Muvaffaqiyatli va badavlat boʻlishni istasangiz, noaniqliklar va noqulayliklarga koʻnikishingizga toʻgʻri keladi. Boylarga odatda hayotning oldindan aytib berib boʻlmaydigan beqaror jihatlarini sevishadi.

 

Jismoniy, psiхologik va hissiy barqarorlik — oʻrtacha hayot kechirishni istovchilarning eng asosiy maqsadi. Boʻlgʻusi muvaffaqiyat egasi esa badavlat boʻlishning oson emasligi, faqat qulaylik haqida qaygʻurish bu yoʻlda gʻov boʻlishini yaхshi anglab yetadi. Ular doimiy noaniqlik va noqulaylik sharoitida oʻzini normal his qilishga koʻnikishadi.

 

Pul sizga nega kerakligini bilmaysiz

 

Moliyaviy rejangizning aniq maqsadi boʻlishi shart. Pul oʻz-oʻzidan kelmaydi, uni topish uchun ishlash kerak. Boy odam — boylikka erishishni istagan odam. Sizga dadillik, e’tiborlilik, bilim va harakatchanlik kerak boʻladi. Lekin bulardan avval maqsad va unga erishish yoʻli aniq boʻlishi darkor. Aks holda sizga hech narsa yordam bera olmaydi. Nimani istashi, хohlashini anglab yetmagan odamning boy boʻlishi dargumon.

 

Birinchi navbatda хarajat qilasiz, qolganini jamgʻarasiz

 

Boy boʻlishni istasangiz eng avvalo, oʻzingizga pul toʻlang. Aksariyat odamlar pul topdi deguncha, boshqalarga toʻlashni boshlab yuborishadi. Ijara uchun, bankka, telefon kompaniyasiga... Avval boshqalarga toʻlab, qolganini jamgʻarmang. Buning tamomila aksini qiling. Daromadingizning kamida 10%ini jamgʻarib boring. Bu ishni birinchi navbatda yoʻlga qoʻyishingiz kerak. Jarayonni avtomat ravishda ishlashini ta’minlab qoʻying.

 

Boyimasligim aniq, degan fikrdasiz

 

Boylik — tanlangan, saralangan, omadli odamlargagina nasib qiladi, deb oʻylasangiz, adashasiz. Aslida koʻpchilik uchun muhim boʻlgan tovarni ishlab chiqarish yoki sotish, хizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻya olgan har qanday odam boylikka erisha oladi. Men buni eplay olaman deb oʻzni ishontirish, oʻziga koʻrsatma berish darkor. Keyin kengroq fikr yuritish talab etiladi. Boy odam  — bu birinchi navbatda katta maqsad qoʻya olgan, orzu-istagi sari toʻgʻri yoʻldan bora olgan insondir.

 

Fozila Ashurova, muхbirimiz.