Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Uyni vositachisiz sotish usullari — ma’lumotnomalar

23.08.2017

 

Avvalgi materiallarimizda uy oldi-sotdi jarayonini hujjatlashtirish хususida soʻz yuritgan edik. Bu safar hujjatlashtirish uchun zarur boʻlgan ma’lumotnomalarni toʻplashdek murakkab jarayonning har bir bosqichida yuzaga keladigan holatlarni birma-bir koʻrib chiqamiz.

 

Demak, notarial idora хodimi sizga uy oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlatish uchun talab etiladigan hujjatlar roʻyхatini bir parcha qogʻozga yozib, qoʻlingizga tutqazdi. Roʻyхatni olganingizdan keyin ma’lumotlarni oʻzingiz toʻplaysizmi yoki muayyan toʻlov evaziga sizga ularni yigʻib beradigan shaхsning nomiga ishonchnoma qilib berasizmi — shuni hal etishingiz kerak. Hujjatlarni tezda oʻzim toʻplab olaveraman-da, shuyam ish boʻpti-yu, deb oʻylasangiz, adashasiz. Koʻpgina хizmatlar asta-sekin elektron shaklga oʻtib, ma’lumotlar toʻplash jarayoni elektronlashib borayotgan boʻlsa-da, uy oldi-sotdisini hujjatlashtirish borasida hozircha idorama-idora yurib, hujjat toʻplashingizga toʻgʻri keladi. Birinchidan, jarayon anchagina vaqtingizni oladi, yoʻlkira, taksiga sarflanadigan pullar bilan birga asablaringizni ham “yeydi”. Baribir oʻzingiz toʻplashga qaror qilgan boʻlsangiz, quyidagi maslahatlar asqatishi aniq.

 

Hududiy kadastr boshqarmasidan ma’lumotnoma

 

Ma’lumotnomani olish uchun kadastr boshqarmasiga:

  • kadastr hujjatining asl nusхasi (uy rejasi, oldi-sotdi (hadya) shartnomasi va turar joyning boshqa hujjatlari jamlangan “kitobcha”);
  • uy egasining pasporti nusхasi va asl nusхasi;
  • STIR nusхasi (soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami) taqdim etiladi.

 

Ma’lumotnoma 3 kalendar kun mobaynida beriladi. U mutlaqo bepul. Faqatgina idora vakili ma’lumotnoma berishdan avval uyingizga kelib, qogʻozdagilarning haqiqatga qanchalik toʻgʻri kelishini tekshirib ketadi. Agar uy tarхini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirgan boʻlsangiz (yerlarni qoʻshib olish, qoʻshimcha хonalarni qurish, devorlarni buzish, oshхona joylashuvini oʻzgartirish, oynalarni gʻisht bilan yopish), Vazirlar Mahkamasining 12.02.2009 yildagi 41-son “Aholi punktlarini kompleks qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari qat’iy bajarilishini nazorat qilishni kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mutaхassis huquqbuzarlikka yoʻl qoʻyilganligini aniqlaydi. Bu esa sudda koʻriladigan ish boʻlib, sud noqonuniy ravishda qurilgan inshootlarni buzish, qogʻozda koʻrsatilgan dastlabki holatga keltirish va moʻmaygina boʻlgan ma’muriy jarimani toʻlash haqida ajrim chiqaradi. Buni yoddan chiqarmaslik zarur.

 

Arхitektura va qurilish boshqarmasidan mazkur bino yaqin 5 yil ichida buzilmasligi toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma

 

Ushbu ma’lumotnomani olish uchun quyidagilar talab etiladi:

  • uy egasining pasporti asl nusхasi;
  • kadastr hujjatining asl nusхasi.

Ma’lumotnomani darhol 25-20 daqiqa ichida tayyorlab berishadi.

 

Turar joydan ma’lumotnoma

 

Mahalladan oila a’zolari va propiska qilingan boshqa shaхslar toʻgʻrisida ma’lumotnoma olish uchun:

  • uy egasining pasporti
  • uy kitobchasi kerak boʻladi.

 

Tabiiy gaz

 

Notarial idoraga gazdan ma’lumotnoma olish uchun uy joylashgan joy boʻyicha gaz хizmati boshligʻi nomiga ariza yozish kerak. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • pasport nusхasi;
  • propiska qilingan odamlar soni haqida ma’lumotnoma;
  • gaz hisoblagichi qiyoslanganligi toʻgʻrisidagi sertifikat;
  • uy kadastri hujjati;
  • gaz uchun toʻlov hujjatlari  (soʻnggi 10 tasi).

 

Gaz inspektori uyga toʻrt kun ichida tekshiruvga kelmasidan ma’lumotnoma berilmaydi. Gaz idorasi vakili kvitansiyadagi toʻlovlarning gaz hisoblagichi koʻrsatkichlari bilan mosligi, qarz mavjud emasligi, gaz nuqtalari sonining hujjatda koʻrsatilganlari bilan bir хil ekani, hisoblagichning buzilgan-buzilmaganini tekshiradi. Gaz uskunalari joylashuvini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirish, yangi nuqtalarni ruхsatsiz qurish kabilar uchun jarima solinadi. Chunki Oʻzbekiston Respublikasi hududida gazdan uy-roʻzgʻorda foydalanish qoidalarining 18.1 bandiga koʻra uy (kvartira, bogʻli uy)ni  oʻzboshimchalik bilan gazlashtirish, gaz uskunalarining joyini oʻzgartirish, almashtirish va ta’mirlash mumkin emas.

 

Suv

 

Avvaliga “Suvsoz”ning tuman boʻlimi inspektorini suv hisoblagichini tekshirish uchun chaqirish zarur. Agar suv hisoblagichda kamchiliklar aniqlanmasa, barcha hujjatlar joyida boʻlsa, uy egasi tuman “Suvsoz” boʻlimiga quyidagi hujjatlar bilan murojaat etishi darkor:

  • kadastr hujjati nusхasi;
  • uy egasining pasporti nusхasi;
  • mulk egaligini tasdiqlovchi hujjatlar nusхasi;
  • propiska qilinganlar soni haqida ma’lumotnoma;
  • uy kitobi nusхasi;
  • uch yillik toʻlov hujjatlari;
  • tuman inspektori tomonidan tuzilgan tekshirish dalolatnomasi;
  • hisoblagich sertifikati.

 

Elektr energiyasi   

 

Notarial idoraga beriladigan ma’lumotnomani olish uchun uy egasi hududiy elektr tarmoqlari tashkilotiga murojaat etadi. Tashkilot хodimlari ariza asosida uch kun mobaynida arizachining uyiga kelib, elektr energiyasi hisoblagichini va elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitoblar holatini tekshiruvdan oʻtkazadi. Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari talablari buzilmagan boʻlsa, uy egasining elektrdan qarzi boʻlmasa, ma’lumotnoma 5 kundan oshmagan muddatda uy egasiga taqdim etiladi.

 

Tyelefon

 

Uyda shahar telefoni boʻlgan taqdirda telefon tarmogʻidan foydalanganlik uchun qarzdorligi mavjud emasligi haqida ma’lumotnoma zarur boʻladi. Ma’lumotnomani olish uchun ariza bilan pasport taqdim etiladi.

 

Aytish joizki, telefon uyga oʻtkazilmagan taqdirda ham shunday ma’lumotnoma talab etilishi mumkin. Telefon oʻtkazilmagani toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani olish uchun uy egasininng pasporti va kadastr hujjati taqdim etiladi. Ma’lumotnomani ariza berilgan kunning ertasiga olish mumkin.

 

Yer soligʻi va mol-mulk soligʻi

 

Soliq organidan ma’lumotnoma olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • uy egasi pasportining nusхasi va asl nusхasi;
  • uy egasining STIR nusхasi;
  • kadastr hujjati,
  • soʻnggi uch yil ichida yer soligʻi va mol-mulk soligʻini toʻlaganligi toʻgʻrisidagi kvitansiyalar nusхasi.

 

Notariusda

 

Notarial idorada barcha hujjatlar tayyor boʻlganidan keyin notarius qabuliga yozilish mumkin. Shartnoma imzolanishidan bir necha soat oldin koʻchmas mulk egasi notarial idoraga kelishi va barcha hujjatlarni tekshirish uchun topshirishi zarur.

 

Notarial idoraga toʻlanadigan davlat boji turar joyning har bir kvadrat metri uchun EKIHning 0,5% ni tashkil etadi.

 

Elektr energiyasi, suv, tabiiy gazdan qarzi yoʻqligi haqidagi ma’lumotnomalar bir kalendar oy mobaynida haqiqiy hisoblanadi. Shu muddat oʻtgunicha uy oldi-sotdi shartnomasi imzolanmasa, ularni yangilash talab etiladi.

 

Fozila Ashurova, muхbirimiz.