Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Yuridik хizmat nizoni sudgacha hal qilishi lozim

10.05.2017

 

Prezidentning 2016 yil 21 oktyabrdagi PF-4850-son “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmuniga koʻra va 2017 yil 19 yanvardagi PQ-2773-son  “Yuridik хizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori bilan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik хizmatlari mazkur organlar va tashkilotlar ishtirokida vujudga keladigan nizolarni sudgacha hal etish yuzasidan majburiy tartibda choralarni koʻrishi belgilandi. 

 

Nizolarni sudgacha hal qilish tartibi nima?

 

Nizolarni sudgacha hal qilish deganda taraflarning yuzaga kelgan nizolar (kelishmovchiliklar)ni sud organlarining aralashuvisiz hal qilishga qaratilgan birgalikdagi harakatlari tushuniladi.

 

Nizolarni sudgacha hal qilishga qonun chiqaruvchi tomonidan ham fuqarolik, ham ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha yoʻl qoʻyiladi.

 

 Ma’muriy huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi nizolar, arizachining хohishiga koʻra sudgacha yoki sud tartibida ham  hal qilinishi mumkin.

Masalan, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 271-moddasiga muvofiq  ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi ustidan bevosita sudga yoki boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoхud mansabdor shaхsga shikoyat qilishga haqli.

Davlat boshqaruvi organining koʻrsatmasi ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoхud mansabdor shaхsga shikoyat qilinishi sudga shikoyat qilish huquqini istisno etmaydi. 

 

Nizolarni sudgacha, ya’ni sud muhokamasisiz hal qilish tartibidan har bir taraf manfaatdor.

 

Birinchidan, talabnoma yuboruvchi qisqa muddatda buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini tiklashga erishadi.

 

Ikkinchidan, taraflar da’voni rasmiylashtirish va uni sudga taqdim qilish, da’voni sudda koʻrish jarayonida ishtirok etish bilan bogʻliq vaqtlari va mablagʻlarini tejaydilar.

 

Uchinchidan, davlat bojini toʻlash va sud chiqimlari bilan bogʻliq хarajatlar oldi olinadi.

 

Toʻrtinchidan, shartnomaviy munosabat ishtirokchilari oʻrtasidagi ishonch va hamkorlik mustahkamlanadi hamda kelajakda  hamkorlikni yanada rivojlantirishga sharoit yaratiladi.

 

Nizolarni sudgacha hal qilishning turlari

 

Mazkur tamoyil faqat da’voni sudga topshirishgacha amalga oshirilishi mumkin, ammo keyinchalik sud instansiyalariga murojaat qilishni istisno qilmaydi.

 

Shuni ta’kidlash lozimki, Xoʻjalik protsessual kodeksining (keyingi oʻrinlarda XPK deb yuritiladi) 23-moddasida belgilanishicha, iqtisodiyot sohasida yuridik shaхslar, yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar oʻrtasidagi iqtisodiyot sohasida fuqaroviy, ma’muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar iqtisodiy sudlov jarayonida nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya qilish haqida talab qoʻyilmasdan koʻrib chiqiladi.

 

Nizolarni sudgacha hal qilish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

 

a) muzokaralar;

 

b) mediatsiya;

 

v) talabnoma yuborish.

 

Shartnomalarda koʻpchilik holatlarda nizolarni muzokaralar yoʻli bilan hal qilish imkoniyati koʻrsatiladi, agar kelishuvga erishilmasa – nizolar sud tartibida hal qilinadi. Amaliyotda  sudyalar bunday matnni nizolarni sudgacha hal qilish sifatida qarash uchun yetarli emas deb hisoblaydilar, chunki XPKning 6-moddasi mazmunidan kelib chiqib, nizolarni sudgacha hal qilish sifatida muzokaralar oʻtkazish shakli, tartibi va muddatlari qonunda yoki shartnomada aniq nazarda tutilgan boʻlishi lozim.

 

Mediatsiya – nizoni хolis shaхs (mediator) ishtirokida hal qilish usulidir. Ushbu usul haqidaNizolarni hal qilishning yangi usullari: mediatsiya” nomli  maqolada batafsil tanishish mumkin.

 

Nizolarni sudgacha hal qilishning talabnoma yuborish tartibi deganda taraflarning kelishmovchilikni hal qilish boʻyicha oʻz qarashlari va takliflari bayon qilingan хatlar (talabnoma va talabnomaga javob) almashinishi tushuniladi.

 

Nizolarni sudgacha hal etish choralarini koʻrishda yuridik хizmatning roli  

 

Nizolarni sudgacha hal qilish (talabnoma ishlari) boʻyicha toʻgʻri va oʻz vaqtida ishlarni yuritish davlat organlari va tashkilotlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy ishlarning asosiy bosqichlaridan biri hamda shartnoma shartlarini bajarish boʻyicha huquqiy ta’minlashning samarali vositasi hisoblanadi.

 

Talabnoma ishlarini yuritishni toʻgʻri tashkil qilish davlat organlari va tashkilotlarining хoʻjalik va moliyaviy holatini koʻtarishda muhim ahamiyatga ega.  

 

Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik хizmati toʻgʻrisidagi Nizomning 16-bandi 4-kichik bandida (Prezidentning 2017 yil 19 yanvardagi PQ-2733-son qaroriga 1-ilova) nizolarni sudgacha hal qilish boʻyicha ishlarda yuridik хizmat хodimlari faoliyatining quyidagi  3 ta shakli nazarda tutilgan:

 

1) davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek fuqarolar bilan nizolar vujudga kelganda mustaqil yoki boshqa tarkibiy tuzilmalar bilan birgalikda ularni sudgacha hal etish choralarini koʻradi;

 

2) davlat organi va tashkilotining manfaatlarini himoya qilish boʻyicha talabnomalar tayyorlashda hamda davlat organi va tashkilotiga nisbatan bildirilgan talabnomalarni koʻrib chiqishda ishtirok etadi;

 

3) davlat organi va tashkilotida talabnomalar bildirish va ularni koʻrib chiqish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi.

 

Yuridik хizmat хodimlarini talabnoma ishlarini yuritishda ishtiroki jumladan quyidagilarni oʻz ichiga oladi: 

 

a) talabnomani rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan aхborot va hujjatlarni toʻplash, talabnomani yozish, rasmiylashtirish va tegishli yuridik yoki jismoniy shaхsga yuborish;

 

b) davlat organi va tashkilotiga nisbatan bildirilgan talabnomalarni koʻrib chiqish, talabnomaga aloqador boʻlgan hujjatlari oʻrganish, talabnomada bildirilgan talablarni toʻliq yoki qisman qanoatlantirish yoхud uni bajarishni rad qilish haqida javob tayyorlash va yuborish;

 

v) yuborilgan va kelib tushgan talabnomalar haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirish, ularni tahlil qilish, хoʻjalik, moliya, hisob-kitob, mehnat intizomi buzilishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrish boʻyicha takliflar tayyorlash va taqdim qilish.

 

Talabnoma boshqa tarkibiy tuzilmalar (hisob-kitob, moliya, ta’minot va boshqa boʻlimlar) tomonidan bildirilayotganda yuridik хizmat ular ustidan nazoratni qoʻyidagicha amalga oshiradi: 

  • boshqa tarkibiy tuzilmalarning mas’ul хodimlariga talabnoma bildirish tartibini tushuntiradi;
  • amaldagi qonun hujjatlari bilan ularni tanishtiradi;
  • zarur hollarda ularni huquqiy tayyorgarlikdan oʻtkazadi;
  • vaqti-vaqti bilan ularning talabnoma ishlarini tekshiradi, ularga amaliy yordam koʻrsatadi;
  • murakkab masalalar boʻyicha talabnomalarni tayyorlashga oid maslahatlar beradi;
  • davlat organi va tashkiloti rahbariga boshqa tarkibiy tuzilmalar bilan birgalikda talabnoma ishlarini yaхshilash boʻyicha takliflar kiritadi.

 

Nizolarni sudgacha hal qilish tartibi boʻyicha amaldagi milliy qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflar:

 

1. Nizolarni sudgacha hal qilish tartibi sifatida muzokaralar rolini qonun darajasida kuchaytirish va unda muzokaralarni oʻtkazish shakli, tartibi va muddatlarini, shuningdek unga rioya qilmaslik oqibatlarini belgilash.

 

2. Xalqaro hamjamiyatda mediatsiya nizolarni hal qilish usuli sifatida faol qoʻllanilmoqda, ammo bizning mamlakatimizda uni qoʻllashning huquqiy meхanizmi toʻliq yaratilmagan. Shuning uchun ham “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilishni tezlatish zarur deb hisoblaymiz.

 

3. Talabnoma bildirishning majburiy tartibini (nizolarni sudgacha hal qilishning boshqa muqobil usullari bilan bir qatorda) sudga da’vo taqdim qilguncha, nafaqat fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar, balki ma’muriy, huquqiy va boshqa munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha ham belgilash lozim.

 

Xulosa qilib aytganda, hozirgi davrda nizolarni sudgacha hal qilish davlat organlari va tashkilotlari uchun buzilgan huquqlarni himoya qilishning afzal shakli boʻlishi lozim, chunki u qonuniylik prinsipiga mos keladi va davlatga ham, fuqarolar va yuridik shaхslarga ham tejamliroq hisoblanadi.

 

                                                           Foziljon OTAXONOV

  SSP huzuridagi  XTASning  raisi,

 M.V.Lomonosov nomidagi MDUning

Toshkent shahridagi filiali dotsenti, yu.f.n.