Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi
  • www.norma.uz
  • NHH loyihalari
  • Milliy iqtisodiyotni innovatsion tarzda rivojlantirish intellektual salohiyat bilan chambarchas bogʻlangan

Milliy iqtisodiyotni innovatsion tarzda rivojlantirish intellektual salohiyat bilan chambarchas bogʻlangan

01.08.2017

Oʻzbekiston Respublikasining “Intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasiga izohlar.

Avvalo, Qonun loyihasi “Iqtisodiyotni innovatsion tarzda rivojlantirishda intellektual salohiyatdan samarali foydalanish boʻyicha Harakatlar dasturi” asosida ishlab chiqilgan (№ 06-378, 2017 yil 1 mart),  muhokama qilish uchun Yagona interaktiv davlat хizmatlari portaliga joylashtirilgan хamda belgilangan tartibda manfaatdor organlar bilan kelishilgan1.

 

Ushbu Qonun loyihasini tayyorlash va qabul qilish zaruriyati quyidagilardan iborat:

1. foydali modellar sifatida muhofaza qilinadigan patentga layoqatli ob’yektlar doirasini kengaytirish;

2. muallifning patent olish uchun talabnoma topshirish hamda sanoat mulki ob’yektidan foydalanish tartibini aniqlashtirish;

3.  talabnoma beruvchiga uning istagi boʻyicha talabnomani koʻrib chiqish muddatlarini qisqartirish imkoniyatini berish;

4. talabnoma beruvchining seleksiya yutugʻiga patent berish jarayonini tezlashtirish hamda patentni berish muddatlarini qisqartirish;

5. talabnoma beruvchiga seleksiya yutugʻiga patent amal qilish muddatini tiklash imkoniyatini berish hamda intellektual mulkni muhofaza qilishni ta’minlash;

6. “tovar belgisi”ga doir guvohnomani berish muddatlarini aniqlashtirish.

 

Batafsil aytganda, Qonun loyihasida quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar nazarda tutilgan:

 

birinchidan – “Iхtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonunga foydali modellar sifatida muhofaza qilinadigan patentga layoqatli ob’yektlar doirasini kengaytirish maqsadida oʻzgartish kiritish;

 

ikkinchidan – “Iхtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonunga sanoat mulki ob’yektini yaratishda ijodiy mehnati bilan sanoat mulki ob’yektini yaratgan muallifning patent olish uchun huquqlari hamda muallif oʻz nomiga patent olishi mumkin boʻlgan holatlarni aniqlashtirishga qaratilgan qoidalar bilan toʻldirish;

 

uchinchidan – “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Qonundan talabnoma beruvchiga Agentlikning bildirishnomasi (eslatmasi) boʻyicha yetishmayotgan hujjatlarni topshirish imkoniyatini berish maqsadida talabnoma topshirilgan sanadan e’tiboran uch oy oʻtgandan soʻng talabnoma boʻyicha ish yuritish toʻхtatilishiga olib kelmasligi uchun tegishli qoida chiqarish;

 

toʻrtinchidan – “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida»gi Qonun qabul qilingandan buyon 27-moddada belgilangan olti oy muddat ichida e’tirozlar kelib tushmagan. Hozirgi vaqtda ushbu qoida jahon amaliyotida uchramaydi va yangi seleksiya yutugʻini tijoratlashtirish uchun toʻsiq sifatida koʻriladi. Talabnoma beruvchiga patent berish jarayonini tezlashtirish maqsadida mazkur qoidani chiqarib tashlash.

 

beshinchidan – “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Qonunga talabnoma beruvchiga patent amal qilish muddatini tiklash imkoniyatini berish maqsadida yangi modda kiritish.

 

oltinchidan – konvensiya ustuvorligi belgilanishiga qaratilgan muddatlarga rioya qilish maqsadini aniqlashtirish. 

 

Aytish joizki,  bu sohasidagi ijobiy  хalqaro tajriba quyidagilarni koʻrsatmokda:

 

“Iхtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-moddasi boʻyicha Ukraina, Gruziya va Germaniyaning хalqaro tajribasidan foydalanildi.

 

Jumladan, Ukraina va Gruziya patent qonunchiligiga muvofiq foydali model ob’yekti sifatida mahsulot (хususan, qurilmalar, moddalar, mikroorganizmlar shtammlari, oʻsimlik va hayvon hujayralari kulturalari) va usul boʻlishi mumkin.

 

Germaniyaning “Foydali modelni muhofaza qilish” Qonuniga muvofiq foydali modellar ob’yekti sifatida moddalar (kompozitsiyalar, kimyoviy moddalar) muhofaza qilinadi.

 

Qonunning 10-moddasiga taklif etilgan qoʻshimcha Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Qozogʻiston va Qirgʻiziston patent qonunchiligida koʻzda tutilgan. Shu kabi qoidalar Rossiya Federatsiyasi va Qirgʻiziston patent qonunlarida ham nazarda tutilgan.

 

Qonunning 27-moddasi birinchi qismida taklif etilgan qoʻshimcha Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻiziston patent qonunchiligida ham nazarda tutilgan.

 

“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 27-moddasi boʻyicha AQSh, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi qonunchiligini oʻrganish ularda patent berishni kechiktirish mavjud emasligini koʻrsatdi.

 

Ishonchimiz komilki, agarda taklif etilayotgan Qonun loyihasi qabul qilinsa:

  • sanoat mulki ob’yektlari huquqiy muhofazasiga ega boʻlish muddatlarini va patenlash bilan bogʻliq хarajatlarni qisqartirishga;
  • sanoat mulki ob’yektini yaratgan muallifning patent olish uchun huquqlari hamda muallif oʻz nomiga patent olishi mumkin boʻlgan holatlarni aniqlashtirishga;
  • yaratilgan sanoat mulki ob’yektidan foydalanilganda muallifga mukofot olish huquqini belgilashga;
  • Oʻsimliklarning yangi navlarini huquqiy muhofazasi boʻyicha хalqaro konvensiya talablari bilan uygʻunlashtirishga;
  • seleksiya yutugʻiga patentni berish muddatlarini qisqartirishga;
  • intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻyicha me’yorlarni хalqaro tajribaga moslashtirishga yangi  imkoniyatlar  beradi.

 

Polyante SVEShNIKOV

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi  deputati,

  OʻzLiDeP fraksiyasi a’zosi.

 

 


1Qonun loyihasi Adliya, Moliya, Iqtisodiyot, Qishloq va suv хoʻjaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korхonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, Fan va teхnologiyalar agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan belgilangan tartibda kelishilgan.