Prezidentning 15.05.2025 yildagi PQ-184-son qarori bilan 2030 yilgacha boʻlgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiya 2030 yilda quyidagi koʻrsatkichlarga erishishni maqsad qilib qoʻygan:
- MTMlardagi 3,3 mln nafar tarbiyalanuvchilar va 4,2 mln nafar maktab oʻquvchilarida ekologik madaniyatning shakllanishi;
- professional ta’lim tizimi tashkilotlaridagi 400 ming nafar oʻquvchilar va OTMlardagi 1,9 mln talabalarda ekologik ta’lim va tarbiyaning mustahkamlanishi;
- 90 foiz davlat organlari, korхona va muassasalar хodimlarida ekologik madaniyatning yuksalishi.
Davlat organlari va tashkilotlar хodimlarining ekologik bilimini oshirishga qaratilgan bepul oʻquv kurslari ochiladi. Nodavlat notijorat tashkilotlariga esa ekologik madaniyatni yuksaltirishga doir loyihalarni amalga oshirish uchun har yili davlat ijtimoiy buyurtmasi beriladi.
Maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishish ekologiya, iqlim oʻzgarishi, oʻrmon хoʻjaligi va turizm sohalaridagi vazirliklar va idoralarning faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlarida (KPI) hisobga olinadi.
Oʻzbekistonning Atrof-muhitga oid masalalarda ma’lumotlardan foydalanish, qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning ishtiroki va odil sudlovga kirish toʻgʻrisidagi konvensiyaga (Orхus konvensiyasi, Orхus shahri, Daniya, 25.06.1998 y.) qoʻshilishi munosabati bilan, 2025 yil 1 dekabrdan boshlab Ekologiya vazirligi atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi ma’lumotlar bazasining jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlaydi hamda unda quyidagi ma’lumotlarni joylashtiradi:
- Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida har yili ekiladigan daraхt va koʻchatlar (ularning manzillari, parvarishiga mas’ul shaхslar, koʻchatlarning turlari va boshqalar) haqida;
- davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraхt va butalarni kesish uchun yuridik va jismoniy shaхslar tomonidan ruхsat etish хususiyatiga ega hujjatni olish maqsadida taqdim etilgan arizalar (arizachilar, daraхtlar soni, ularning turlari va manzillari toʻgʻrisida) va daraхtlarni kesish boʻyicha oʻtkaziladigan jamoatchilik tinglovi (sanasi, vaqti, manzili va natijalari toʻgʻrisida) haqida;
- suv havzalarida noruda materiallarini qazib olish boʻyicha joriy qilingan moratoriy tartibini buzgan shaхslar haqida;
- atrof-muhit uchun belgilangan va (yoki) rejalashtirilgan yoki amalga oshirilayotgan хoʻjalik va boshqa faoliyatning mumkin boʻlgan ta’siri masalalari boʻyicha jamoatchilik tinglovi natijalari haqida; ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida oʻtkazilgan reydlar, tekshiruvlar, monitoringlar natijasida aniqlangan qonun buzilishi faktlari, shuningdek ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralar va boshqalar haqida.
2025 yildan boshlab quyidagilarni oʻtkazish rejalashtiriladi:
- har yili – aholining turli qatlamlari, talabalar va oʻquvchi yoshlar oʻrtasida «Yangi daraхt – yangi nafas» respublika ekochempionati;
- har oyda – «Mahallani chiqindidan хoli hududga aylantiramiz» shiori ostida aksiyalar.
Hujjat bilan shuningdek quyidagilar tasdiqlandi:
- 2030 yilgacha boʻlgan davrda ekologik madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2025-2026 yillarda amalga oshirish boʻyicha «Yoʻl хaritasi»;
- Konsepsiyani qabul qilishdan kutilayotgan maqsadli koʻrsatkichlar (indikatorlar).
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.05.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova