Prezident tomonidan 05.11.2024 yildagi "Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida"gi OʻRQ-989-sonli Qonun imzolandi. U uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Aholiga psixologik yordam koʻrsatishning asosiy tamoyillari qonuniylik, ixtiyoriylik, ijtimoiy himoyalanganlik, inson huquq va erkinliklariga rioya etish, professionallik va ma’lumotlar maxfiyligidan iborat.
Psixologik yordam koʻrsatish standartlari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi hamda quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- ruxsat etilgan psixologik yordam koʻrsatish usullari va vositalari;
- psixologik yordam koʻrsatish turlari, shakllari va davomiyligiga qoʻyiladigan talablar;
- psixologlarga qoʻyiladigan malaka talablari;
- psixologik yordam koʻrsatish joyiga qoʻyiladigan talablar;
- psixologik yordam soʻrab murojaat qilgan shaxsni ma’lumot bilan ta’minlash boʻyicha talablar.
Davlat tomonidan quyidagi toifadagi shaxslarga bepul psixologik yordam kafolatlanadi:
- Oʻzbekiston fuqarolariga kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmi doirasida;
- favqulodda vaziyat va favqulodda holatlardan jabrlangan shaxslarga, ularning oila a’zolariga;
- ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan kam ta’minlangan oilalarga;
- yolgʻiz keksalar, yolgʻiz yashovchi keksalar va begona parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan shaxslarga;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga va boshqalarga.
Qonun bilan psixologlar hamda psixologik yordam soʻrab murojaat qilgan shaxslarning huquq va majburiyatlari belgilangan.
Psixologik yordam soʻrab murojaat qilgan shaxs, psixologik yordam natijalari va psixologik yordam koʻrsatishda olingan boshqa ma’lumotlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar psixologning kasbiy siri hisoblanadi va tibbiy sirga tenglashtiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 06.02.2025 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova



