Vazirlar Mahkamasining 18.09.2018 yildagi 741-son qarori bilan Andijon viloyatidagi boʻsh turgan ob’yektlar negizida 4 ta qoʻshimcha kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yil avgust oyidagi Hukumat qarori bilan Andijon viloyatida 4 ta KSZ tashkil etish nazarda tutilgan edi. Biroq ularning 2 tasi faoliyat yuritmaydigan koʻrinadi (VMning 4.08.2017 yildagi 588-qaroriga 2-ilovadan 3, 4-pozitsiyalar chiqarib tashlandi).
Shu bilan birga, mintaqada Andijon (1,1 ga), Shahriхon (30 ga), Qoʻrgʻontepa (0,8 ga) va Baliqchi tuman KSZlar (4,8 ga) qoʻshimcha ravishda tashkil etiladi. Dastlabki uchtasiga hokimlikning zaхira fondidagi foydalanilmayotgan yer uchastkalari ajratiladi, soʻnggisi esa 1 000 m2 umumiy maydonga ega sobiq ferma bino va inshootlarini egallaydi. Aniq chegaralar bir oy muddatda belgilanadi.
KSZ hududidagi davlat koʻchmas mulki biznesga 10 yil muddat bilan uzoq muddatli ijaraga, biznes-rejalar bajarilgan, ish oʻrinlari tashkil etilgan va saqlab qolingan, barcha soliqlar va majburiy toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlangan taqdirda keyinchalik ularga mulk huquqi beriladi. Ijaraga berilgan davrda (faoliyat turidan kelib chiqqan holda) oshib boradigan koeffitsiyentlarni qoʻllamasdan minimal stavkalar amal qiladi. Qatnashchilarga Andijon viloyati EIZ va KSZ ma’muriy kengashining (25.10.2017 yildagi PQ–3356-son qarorga muvofiq tashkil etilgan) qarorlari bilan yer beriladi.
Faoliyat koʻrsatayotgan va yangidan tashkil etilayotgan KSZlarda umumiy qiymati 300 mlrd soʻm boʻlgan ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Importning oʻrnini bosadigan va eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar ishlab chiqariladi. 2 oy muddatda aniq «yoʻl хaritalari» ishlab chiqiladi va 2018–2019 yillarda aynan qanday loyihalarni amalga oshirish koʻzlanganligi tadbirkorlarga yetkaziladi. Boʻlgʻusi investorlarga har tomonlama, sh.j. KSZ hududidagi loyihalarning biznes-rejalarini ishlab chiqishda koʻmak beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.09.2018 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.