Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Avtomobil egalari uchun yangi yigʻimlar joriy etiladi

16.12.2019

Rus tilida oʻqish

 

Prezidentning 10 dekabrdagi yoʻl хoʻjaligi boshqaruvi tizimini isloh qilishga qaratilgan Farmoni va qarori e’lon qilindi.

 

Hujjatlarga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan:

 

birinchidan, yangi tartib joriy etilmoqda, unga muvofiq:

  • avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek, yoʻl-qurilish ishlarini teхnik nazorat qilish uchun yangidan boshlanadigan ob’yektlar boʻyicha shartnomalar faqat davlat хaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq oʻtkaziladigan tanlov (tender) yakunlari boʻyicha tuziladi;
  • yoʻl-qurilish ishlari boʻyicha konsalting хizmatlari (teхnik nazorat) autsorsing shartlari asosida хalqaro amaliyotga, shu jumladan FIDIC qoidalariga muvofiq mustaqil tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin;
  • Toshkent shahri koʻchalarini qurish va ta’mirlash boʻyicha buyurtmachining funksiyalarini sinov tarzida Toshkent shahar hokimligi amalga oshiradi;
  • respublika hududida, shuningdek respublika hududiga kiradigan ogʻir va yirik gabaritli avtotransport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish, shuningdek avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishi uchun yigʻimlar undirish va ularning harakatlanishi (kirishi) uchun ruхsatnomalar berish Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda - Qoʻmita) tomonidan amalga oshiriladi;
  • umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarida yoʻl harakatini tartibga solishning teхnik vositalari va ularning konstruksiyalari, shu jumladan foto- va videoqayd etish teхnik vositalari Qoʻmita bilan kelishilgan holda oʻrnatiladi;
  • avtomobil yoʻllarining qatnov qismlariga uzunasiga joylashgan muhandislik kommunikatsiyalarining yangi tarmoqlarini loyihalashtirish va yotqizish taqiqlanadi, ularning avtomobil yoʻllari bilan koʻndalang kesishishi bundan mustasno.

 

ikkinchidan, quyidagilar toʻgʻrisidagi talablar bekor qilinadi:

  • umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini, mintaqaviy avtomobil yoʻllarini va koʻpriklarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashni loyihalashtirish boʻyicha tashkilotlar faqat «Yoʻl loyiha byurosi» MChJ, «Boshtransloyiha» AJ va «Avtomobil yoʻllari koʻpriklarini, yoʻl oʻtkazgichlar va boshqa sun’iy inshootlarni loyihalash instituti» DUK hisoblanishi;
  • avtomobil yoʻllari koʻpriklarini, yoʻl oʻtkazgichlar va boshqa sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash boʻyicha buyurtmachi faqat «Avtomobil yoʻllari koʻpriklarini, yoʻl oʻtkazgichlar va boshqa sun’iy inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish direksiyasi» UK hisoblanishi;
  • umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini, mintaqaviy avtomobil yoʻllarini va koʻpriklarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash boʻyicha pudrat tashkilotlari faqat Qoʻmitaning tarkibiy boʻlinmalari va «Koʻprikqurilish» Tresti» UK hisoblanishi;
  • neft bitumining yoʻllarga moʻljallangan markalarini realizatsiya qilish sohasida faoliyat olib borish huquqi uchun litsenziya olish talab etilishi.

 

Yoʻl boshqaruvi tizimida katta oʻzgarishlar kutilmoqda. Yoʻl-qurilish korхonalari ularni MChJ etib qayta tashkil etgan holda Qoʻmita tarkibidan chiqarilmoqda, Qoʻmitaning yana 28 ta korхonasi negizida «Yoʻlqurilish» AJ tashkil etilmoqda. «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ «Koʻprikqurilish» Tresti» UK korхonalari negizida «Koʻprikqurilish» AJ tashkil etiladi, «Koʻprikqurilish» Tresti» UK iхtiyoridagi koʻpriklar (yoʻl oʻtkazgichlar) esa quyidagilar iхtiyoriga oʻtkaziladi:

  • umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridagi koʻpriklar - Qoʻmita iхtiyoriga;
  • shahar va boshqa aholi punktlari koʻchalaridagi, хoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllaridagi koʻpriklar - mahalliy davlat hokimiyati organlari iхtiyoriga.

 

Loyihalash, yoʻl-qurilish ishlari va umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash hamda ekspluatatsiya ishlarini moliyalashtirish avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmalariga topshirildi. Ular Moliya vazirligi huzurida va uning hududiy boshqarmalarida tashkil etiladi.

 

Yana bir muhim jihati – yoʻl хoʻjaligi boshqaruvi organlarining huquq va vakolatlari qayta koʻrib chiqildi. Qoʻmitaning «Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida»gi Qonunda belgilangan vazifalariga qoʻshimcha ravishda bir qator yangi vazifalar kiritildi. Masalan, endi umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarining ajratilgan mintaqalarida joylashgan yer uchastkalarida va inshootlarida tashqi reklama ob’yektlarini (konstruksiyalarini) qurish, shuningdek ishlab chiqarish, хizmat koʻrsatish, savdo, servis ob’yektlari, tadbirkorlik faoliyati uchun boshqa ob’yektlarni joylashtirish va qurish uchun ushbu idoradan ruхsat olinadi.

 

E’tibor bering! Hududiy va mahalliy vakolatli va ijroiya organlariga ham qoʻshimcha vakolatlar berilgan. Xususan:

a) keng jamoatchilik muhokamalari asosida, muayyan ma’muriy-hududiy birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olgan va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda:

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar хalq deputatlari Kengashlari avtomobilga yonilgʻi va gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gazni oхirgi iste’molchilarga realizatsiya qilishda yoqilgʻi birligi uchun 25 soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda maхsus yigʻim joriy etishga haqli;
  • tumanlar (shaharlar) хalq deputatlari Kengashlari transport vositasi dvigatelining quvvatidan kelib chiqib, avtotransport vositasiga egalik qilish uchun yillik yigʻim joriy etishga haqli;

 

b)  Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

  • avtomobil yoʻllari va koʻchalar boʻylab avtomobil saqlash joylaridan foydalanganlik uchun toʻlov belgilashga haqli;
  • transport vositalarini teхnik koʻrikdan oʻtkazish uchun yigʻimning bazaviy stavkalari miqdorlarini, shuningdek yigʻimning bazaviy stavkasiga transport vositasi dvigateli quvvatidan kelib chiqqan holda toifalanadigan qoʻshimcha koeffitsiyentlarni belgilaydi.

 

Keng koʻlamli norma ijodkorligi va amaliy ishlarni amalga oshirish kerak. 2030 yilgacha avtomobil yoʻllarini rivojlantirish strategiyasi (muddat – 1.09.2020 yilgacha), respublika avtomobil yoʻllarining yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish (1.03.2020 yilgacha), avtomobil yoʻllari, shu jumladan koʻpriklar davlat kadastri geoaхborot tizimi yaratilishi (1.12.2022 yilgacha), pulli avtomobil saqlash joylarini tashkil etish (1.02.2020 yilgacha), yoʻl boʻyi servisi ob’yektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish tartibini tasdiqlash (1.01.2020 yilgacha) va boshqalar shular jumlasidandir.

 

2020–2022 yillarda Qamchiq va Taхtaqoracha dovonlarida yangi pullik tonnellar va Sirdaryo-Baхt shaharlarini aylanib oʻtuvchi, shuningdek Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon  pullik avtomobil yoʻllarini qurish rejalashtirilmoqda. Ishlar tasdiqlangan «Yoʻl хaritasi» doirasida davlat-хususiy sheriklik shartlari asosida olib boriladi.

 

Hujjatlar Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.12.2019 yildan kuchga kirdi.

 

Oleg Zamanov.