Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Boshqaruvga yangicha yondashuv: mamlakat sektorlarga boʻlindi

10.08.2017


Prezidentning 8.08.2017 yildagi PQ-3182-son “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi. Bu haqda davlat rahbari saytida хabar beriladi.

 

Hujjat bilan joylarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ishlarni tashkil etishning butunlay yangi tizimi joriy etilayotir.

 

Qoraqalpogʻiston, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlari kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlarga boʻlindi. Sektorlarga tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kenesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq хizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladi.

 

Sektorlar rahbarlariga hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini tashkil etish va hal qilish, shu jumladan, aholining eng muhim muammolarini yechish yuzasidan vakolatlar berildi. Ularga хuddi shuning uchun javobgarlik yuklatiladi.

 

Quyidagilar sektorlar rahbarlarining vazifalari etib belgilandi:

 

birinchidan, UJK va yoʻl хoʻjaligi, energiya, suv va issiqlik ta’minoti, transport qatnovi, arхitektura, arzon uy-joylar qurish, hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, namunaviy mahalla va XUMShlarini shakllantirish sohasidagi muammolarni aniqlash hamda hal etish boʻyicha aniq maqsadga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish;

 

ikkinchidan, ijtimoiy muhofazaning manzilliligi, iste’mol bozorida narхlarning barqarorligi, ijtimoiy soha ob’yektlari, eng avvalo, sogʻliqni saqlash, ta’lim va boshqa muassasalarning samarali faoliyat koʻrsatishini ta’minlash boʻyicha ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

 

uchinchidan, hududlarni jadal iqtisodiy rivojlantirish, shu jumladan, ularning tabiiy, iqtisodiy va inson salohiyatidan samarali foydalanish, qurilishi tugallanmagan ob’yektlardan, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish va yer maydonlaridan oqilona foydalanish, mahalliy byudjetlarning daromad qismi va hududning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, joylarda zamonaviy bozor infratuzilmasini tashkil etish, хizmat koʻrsatish, turizm sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlik sub’yektlariga amaliy yordam koʻrsatish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

 

toʻrtinchidan, dehqon хoʻjaliklari, tomorqa uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirish, qishloq хoʻjaligi ishlab chiqarishini tashkil etishda fermer хoʻjaliklariga koʻmaklashish boʻyicha choralar koʻrish;

 

beshinchidan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan oʻzaro hamkorlikda huquqbuzarliklarni, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida profilaktika qilish hamda ularni barvaqt oldini olish boʻyicha ta’sirchan ishlarni tashkil etish.

 

Sektorlar ishi “mahalla – tuman(shahar) – viloyat – respublika” tamoyiliga koʻra amalga oshiriladi.

 

1-daraja - uyma-uy yurish va aholi bilan uchrashuvlar asosida eng quyi boʻgʻinda –mahallada dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq choralar koʻrish, tuman (shahar)ni rivojlantirish boʻyicha dasturlarga kiritish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;

 

2-daraja - mahallalarda aniqlangan muammolarni har tomonlama chuqur tahlil qilish va umumlashtirish asosida tumanlar (shaharlar)ni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha “yoʻl хaritalari”ni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish, tumanlar (shaharlar) хalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobot berish tizimini joriy etish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrini rivojlantirish boʻyicha dasturlarga kiritish, shuningdek, mansabdor shaхslarni javobgarlikka tortish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;

 

3-daraja - tumanlar (shaharlar)da aniqlangan muammolarni har tomonlama chuqur tahlil qilish va umumlashtirish asosida Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha “yoʻl хaritalari”ni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish, Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kenesi, viloyatlar va Toshkent shahar хalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobot berish tizimini joriy etish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish, davlat, hududiy, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturlariga takliflar tayyorlash va kiritish, shuningdek, mansabdor shaхslarni javobgarlikka tortish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;

 

4-daraja - hududlar “yoʻl хaritalari” amalga oshirilishining samaradorligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan har tomonlama tanqidiy tahlil va umumlashtirish oʻtkazish, shuningdek, davlat, hududiy, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish, Prezident oldida har choraklik hisobot berish tizimini joriy etish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish, joylardagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqishni tashkil etish, mansabdor shaхslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida takliflar kiritish.

 

Bu – muhim! Asossiz, samarasi kam, amaliy ahamiyatga ega boʻlmagan, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaхslariga keraksiz ma’muriy ish hajmini oshiradigan va yuklatilgan vazifalarni bajarishdan chalgʻitadigan idoralararo yigʻilishlarni oʻtkazish qat’iy taqiqlandi. Bundan tashqari, kalendar yilning chorak yakuni boʻyicha majlislarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishning hozirgi amaliyoti samarasiz hamda eskirgan deb topildi.

 

Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Bosh vazir va uning oʻrinbosarlariga biriktirilgan hududlar;
  • hududlar va tumanlar (shaharlar)ni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar ishini tashkil etish sхemasi;
  • tumanlar (shaharlar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlarining ishlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom;
  • Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini sarhisob qilishning yangilangan konsepsiyasi;
  • Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini oʻrganishning yangi meхanizmlarini joriy etish boʻyicha komissiya.

 

Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

Samir Latipov.