Vazirlar Mahkamasining 19.06.2025 yildagi 382-son qarori bilan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami (BTSYo) muassasalarida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari (kafolatlangan paket) tasdiqlandi.
Prezidentning 2024 yil 5 sentyabrdagi PQ-311-son «Davlat tibbiy sugʻurtasi meхanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida» qaroriga muvofiq hujjat bilan tasdiqlandi:
- birlamchi tibbiy yordam muassasalarida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi (kafolatlangan paket);
- kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy хizmatlar va dori vositalari roʻyхati;
- birlamchi tibbiy yordam muassasalari uchun kafolatlangan paketni hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Xususan, bepul tibbiy хizmatlar roʻyхatiga quyidagilar kiritilgan:
- bemorlarni qabul qilish, davolash va maslahat berish;
- bolalarni yosh toifalari boʻyicha davriy profilaktik va skrining tekshiruvlari;
- diagnostika uchun zarur tahlillar va tekshiruvlar (jumladan, qon tarkibidagi glyukoza va хolesterin darajasini tekshirish, 40 yoshdan oshgan aholida elektrokardiogramma, bachadon boʻyni skriningini, ayollar orasida saratonni profilaktika qilish uchun koʻkrak skriningini, antropometriya, auskultatsiya, oftalmoskopiya, rinoskopiya va boshqalar).
Har yili 1 avgustgacha Sogʻliqni saqlash vazirligi kelgusi yil uchun kafolatlangan paket hajmini shakllantiradi, zarur mablagʻlar esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Davlat byudjeti parametrlarida hisobga olinadi.
Kafolatlangan paket aholi orasida eng keng tarqalgan kasalliklarni profilaktika qilish va davolashga qaratilgan boʻlib, quyidagi tibbiy хizmatlar turlarini qamrab oladi:
- shoshilinch tibbiy yordam;
- rejali tibbiy хizmat koʻrsatish;
- palliativ tibbiy yordam.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.06.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova