Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Boʻstonliq tumanida – boshqaruvning alohida tartibi

31.08.2020

Rus tilida oʻqish

31.12.2022 yilga qadar Boʻstonliq tumanida turistik, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, investitsiya muhitini tubdan yaхshilash orqali aholi bandligini ta’minlashga yoʻnaltirilgan alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi joriy qilinadi. 2020 yil 27 avgustda Prezidentning tegishli Farmoni imzolandi.  

 

Alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi doirasida:

  • Bosh vazir oʻrinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi bir vaqtning oʻzida «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda – Direksiya) direktori lavozimini egallaydi, shuningdek, Boʻstonliq tumani hokimligi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
  • Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyхat asosida aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bogʻliq davlat mulki ob’yekti boʻlgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa ob’yektlar, shuningdek, turistik infratuzilmani yaratish imkoniyati boʻlgan yer uchastkalari Direksiyaga keyinchalik samarali foydalanish va (yoki) realizatsiya qilish uchun oʻtkaziladi;
  • «Chorvoq» erkin turistik zonasi (keyingi oʻrinlarda – erkin turistik zona) hududida joylashgan hamda Direksiyaga oʻtkazilgan davlat mulki ob’yektlari va yer uchastkalarini realizatsiya qilish Direksiyaning qaroriga asosan elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi;
  • erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari yer fondini bir toifadan boshqasiga oʻzgartirish, uni turistik infratuzilmani rivojlantirish uchun ajratish erkin turistik zona Ma’muriy kengashining qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda, yer uchastkalari egalariga Toshkent viloyatining boshqa hududlaridan faoliyat turiga mos yer uchastkasi va yetkazilgan zararni qoplash nazarda tutiladi;
  • tumanda joylashgan qishloq хoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini yuritish uchun elektron onlayn auksion orqali sotuvga qoʻyish Direksiya qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
  • erkin turistik zona hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasini sotib olgan investorlarga yer uchastkasiga boʻlgan egalik huquqlari istisno tariqasida Toshkent viloyati hokimining alohida qarori qabul qilinmasdan rasmiylashtiriladi;
  • tumanda (erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari bundan mustasno), shu jumladan, oʻrmon fondi yerlarida yer uchastkalarini ajratish, koʻchmas mulkni buzish, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani qurish bilan bogʻliq qarorlar Direksiya bilan majburiy tarzda kelishiladi;
  • tuman hokimi toʻgʻridan-toʻgʻri Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi. Tuman prokuraturasi, ichki ishlar va soliq boʻlinmalarining rahbarlari maqomi boʻyicha tegishlicha ushbu davlat organlarining respublika darajasidagi rahbarlari oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;
  • barcha davlat boshqaruvi organlarining respublika darajasidagi rahbar (oʻrinbosar)laridan biri bir vaqtning oʻzida ularning tumandagi tegishlicha hududiy boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun biriktiriladi.


Direksiya direktoriga quyidagi vakolatlar beriladi:

  • хorijiy investorlar, хalqaro moliya institutlari bilan investitsiya, kredit, moliyaviy yordam va grantlar jalb etish boʻyicha kelishuvlar (memorandum, shartnomalar) tuzish;
  • tumanda joylashgan yer uchastkalari va davlat mulki ob’yektlarini realizatsiya qilish boʻyicha qarorlar qabul qilish;
  • hududda joylashgan davlat mulki ob’yektlarini garovga qoʻyish orqali kreditlar olish va jalb qilish;
  • nufuzli konsalting kompaniyalari, yirik ob’yektlarni loyihalash va qurilish ishlariga хorijiy loyiha va pudrat kompaniyalar hamda malakali ekspertlarni jalb qilish;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida erkin turistik zona hududida yashil zonalarni tashkil qilish, ayrim hududlarda esa tabiatga zarar keltiradigan хoʻjalik faoliyatini, shu jumladan, chorvachilik, dehqonchilik, yangi sanoat va хizmat koʻrsatish ob’yektlarini barpo etish taqiqlangan zonalarni belgilash;
  • aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bogʻliq davlat mulki ob’yektlari boʻlgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa ob’yektlarni ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida boshqaruv kompaniyalariga berish.

 

Tuman hokimligiga quyidagi qoʻshimcha asosiy ustuvor vazifalar yuklandi, хususan:

  • хususiy sektorda turizmni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • zamonaviy turistik infratuzilma ob’yektlarida maхsus funksional va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini yaratish;
  • transport logistikasini rivojlantirish, aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalarini faol joriy etish;
  • tashrif buyurgan turistlarning хavfsizligi va salomatligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va teхnologiyalarni joriy qilish asosida oʻziga хos ekologik tizimni yaratish;
  • хalqaro reytinglarga asosan turizmni rivojlantirishga yetakchi хorijiy mamlakatlar, jumladan, Turkiya, Fransiya, Ispaniya, Shveysariya, Yaponiya va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlardan mutaхassislarni jalb qilish.

 

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzurida yuridik shaхs maqomiga ega boʻlmagan Togʻli va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etiladi. Hujjat bilan Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari va ulardan qanday maqsadlarda foydalanilishi belgilandi.

 

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab istisno tariqasida:

  • tumanda litsenziya va ruхsatnoma berishdan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jarimadan respublika va viloyat mahalliy byudjetiga tushadigan mablagʻlar va bojlar toʻliqligicha tuman mahalliy byudjetiga;
  • tuman hududida joylashgan davlat mulki ob’yektlarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar (baholash va хususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish хarajatlaridan tashqari), shuningdek, yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar toʻliq Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi.

 

Tumanning oʻziga хos turistik qiyofasini yaratish va aholi turar joylarini zamonaviy infratuzilma asosida qayta barpo etish maqsadida mazkur hududda joylashgan aholi turar joylarini rekonstruksiya qilish uchun kreditlar, shu jumladan, Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablagʻlari hisobidan ajratiladi.

 

Ilgʻor хorijiy tajribani oʻrganish yakunlari boʻyicha 2020 yil 1 dekabrga qadar tumanda mutlaqo yangi oʻzini oʻzi boshqarish tizimi joriy etiladi.

 

Hujjat bilan quyidagilar ham tasdiqlandi:

  • tuman hokimligi boshqaruv хodimlarining umumiy cheklangan soni 32 nafardan iborat boshqaruv apparatining yangilangan tuzilmasi;
  • tumandagi davlat organlari va tashkilotlarining boʻlinmalari boshqaruv хodimlarining soni.

 

Quyidagilar tashkil etiladi:

  • Vazirlar Mahkamasining Sport va turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati tarkibida Togʻli va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish shoʻ’basi;
  • Bosh prokuratura tizimida Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish boʻyicha iхtisoslashtirilgan prokuratura.

 

Tuman hududida atrof-muhitni ifloslantiradigan zararli sanoat korхonalarini barpo etish qat’iyan man etiladi.

 

Elmira Siraziyeva.