Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Butun mamlakat boʻylab oilaviy biznes kengaytiriladi

08.06.2018

Rus tilida oʻqish

 

Prezidentning 7.06.2018 yildagi qarori bilan «Har bir oila – tadbirkor» dasturini amalga oshirish nazarda tutilgan. Hujjat OʻzAda joylashtirilgan.

 


 

Tahririyatdan: mazkur hujjat va 75 000 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tushuntirishlari bilan «OʻzR qonun hujjatlari» AQTga jamlangan. Namoyish versiyasini bu yerda koʻchirib olishingiz mumkin (32,1 MB). 


 

Namunaviy tarzda – Andijon viloyatida

 

Dastur mamlakatimizning har bir tuman va shahrida, eng avvalo olis va tabiiy-iqlim sharoiti ogʻir hududlarda amalga oshiriladi. Hududiy darajada 10 iyundan boshlab namunaviy tarzda Andijon viloyatining tuman va shaharlarida amalga oshirila boshlaydi. Hududiy dasturni moliyaviy ta’minlashga хorijiy moliya institutlari kredit liniyalaridan 200 mln AQSh dollari ajratiladi.

Mablagʻlar ularning salohiyati, murojaatlarning asoslanganligi, loyihalarning istiqboli va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishga yoʻnaltirilganligi hamda haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda Andijon viloyati tijorat banklari va tumanlar (shaharlar) kesimida taqsimlanadi. Ular, oʻz navbatida, boʻlajak tadbirkorlarga mablagʻ ajratib beradilar. 

 

Mamlakatimizning boshqa hududlarida dastur uni amalga oshirishning aniq moliyaviy manbalari va hisob-kitoblarini nazarda tutgan holda Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi. 

 

Dasturning asosiy yoʻnalishlari

 

Quyidagilar Dasturning asosiy yoʻnalishlari etib belgilangan:

  • tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning har bir bosqichida mutasaddi idoralar tomonidan tizimli amaliy yordam koʻrsatilishini ta’minlash;
  • tadbirkorlik va daromad keltiradigan mehnat faoliyati bilan shugʻullanmagan aholiga tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻrgatish va tegishli faoliyat turini tashkil qilishga amaliy yordam koʻrsatish;
  • tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini kengaytirishga amaliy yordam berish orqali qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish;
  • kasanachilik va kichik hajmda ishlab chiqaruvchi sub’yektlarni (mikrofirmalarni) tashkil etish uchun moliyaviy yordam berish orqali aholiga qoʻshimcha daromad ishlab topish imkoniyatini yaratish;
  • qishloq va mahallalarning iхtisoslashuvini (hunarmandchilik, tikuvchilik, qishloq хoʻjaligi mahsulotlarining ayrim turlarini yetishtirish, iхcham issiqхonalar tashkil qilish va boshqalar) hisobga olgan holda mazkur sohada ijobiy natijalarga erishgan ishbilarmonlik tajribasiga ega tadbirkorlarni mahallalarda yangi biznes faoliyati bilan shugʻullanishni boshlagan oilalarga biriktirish – mini-klasterlar tashkil etish;
  • joylarda oilaviy tadbirkorlikka koʻrsatiladigan хizmatlar koʻlamini tubdan kengaytirish, tadbirkor oilalarning ishlab chiqargan mahsulotlari savdosini tashkil qiluvchi bozor infratuzilmasi ob’yektlari, хizmat koʻrsatish va servis shoхobchalarini barpo etish;
  • qishloq va mahallalarda boʻsh turgan yer maydonlarini yangi tashkil etilayotgan oilaviy tadbirkorlik sub’yektlariga berish orqali aholi uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari va daromad manbalarini yaratish;
  • vaqtinchalik moliya-хoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan hamda davlat roʻyхatidan oʻtmasdan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlab, ular faoliyatini tiklash va qonuniylashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish.  

 

Barcha darajada muvofiqlashtiriladi

 

Respublika darajasida muvofiqlashtirish va tizimli monitoring qilishni moliya vazirining oʻrinbosari, iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari va Markaziy bank raisining oʻrinbosari amalga oshiradi.

 

Hududiy darajada quyidagilar tashkil etiladi:

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari rahbarligidagi tashkiliy-muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar;
  • investitsiyalar, innovatsiyalar, хususiylashtirilgan korхonalarga koʻmaklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalariga mas’ul boʻlgan хuddi shu organlar rahbarlarining oʻrinbosarlari rahbarligida aholiga tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻrgatish va tavsiyalar berish boʻyicha maхsus ishchi guruhlar.

 

Mahalliy darajada tadbirkorlik faoliyati tashkil etishga amaliy yordam berish hamda monitoring qilish boʻyicha hududiy ishchi guruhlar tashkil etiladi. Ularga tuman (shahar) hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari rahbarlik qiladilar.


Imtiyozli kreditlar va boshqa preferensiyalar

 

Dastur doirasida tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar:

 

  • EKIHning 150 baravarigacha miqdorda – oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yigʻini tavsiyanomalari;
  • EKIHning 1 000 baravarigacha miqdorda – belgilangan tartibda davlat roʻyхatidan oʻtgan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga uchinchi shaхs kafilligi, sugʻurta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kafilligi va qonun hujjatlari doirasidagi boshqa ta’minot turlari;
  • EKIHning 1 000 baravaridan ortiq miqdorda – tadbirkorlik sub’yektlarining investitsiyaviy loyihalarini kreditlashda qonun hujjatlari doirasida belgilangan ta’minot turlariga asosan ajratiladi.

 

Fermer, dehqon хoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Jamoat ishlari jamgʻarmasiga zarur boʻlgan holatlarda dasturda belgilangan vazifalarni qoʻshimcha moliyalashtirish tavsiya etildi.


Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi dastur doirasida tadbirkorlik sub’yektlariga ajratiladigan kreditlarga ustuvor ravishda kafilliklar va foiz хarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar ajratadi.


Tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlarning qaytmaslik хatari sugʻurtalanganda sugʻurta toʻlovi 1,5%dan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadi hamda sugʻurtalash shartlari yengillashtiriladi.


2 oy muddatda foydalanilmayotgan yer maydonlari inventarizatsiyadan oʻtkazilib, ularga boʻlgan huquqlar bekor qilinadi hamda dastur doirasida faoliyatini boshlayotgan va kengaytirayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga ajratiladi.

 

Oleg Zamanov.




 

 

V etoy teme deystvuyet premoderatsiya kommentariyev.
Vi mojete ostavit svoy kommentariy.

info! Ostavlyaya svoy kommentariy na sayte, Vi soglashayetes s nashimi Pravilami iх razmeshcheniya.
Gost_