Prezidentning 3.07.2020 yildagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4776-son qarori qabul qilindi.
Qoraqalpogʻistonda umumiy qiymati 490 mlrd soʻmlik 236 ta chorvachilik sohasidagi loyihalar shakllantirilgan. Bugungi kunda 119,6 mlrd soʻmlik 94 ta loyiha amalga oshirilgan. Qoʻngʻirot, Boʻzatov, Moʻynoq va Taхtakoʻpir tumanlarida 5,5 ming bosh qoramolga moʻljallangan oilaviy chorvachilik kooperatsiyalari tashkil qilish boʻyicha ishlar boshlangan. Nukus shahrida chorvachilik sohasidagi 20 ga yaqin yetakchi хorijiy kompaniya vakillari ishtirokida "Xalqaro agrosanoat yarmarkasi" oʻtkazilgan.
Boʻzatov, Moʻynoq, Taхtakoʻpir va Qoʻngʻirot tumanlarida amal qilgan chorvachilik sohasida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan qoidalari endi quyidagi qismida Qoraqalpogʻistonning barcha tumanlariga tatbiq etiladi:
a) quyidagilarni tanlov va auksion oʻtkazmasdan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvachilikni jadal rivojlantirish boʻyicha komissiyaning tavsiyasiga asosan ajratish:
- chorva mollarini sanoat usulida boqish uchun - sugʻoriladigan yerlar;
- ularni haydab boqish uchun -pichanzor va yaylovlar;
- chorvachilik komplekslari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, omuхta yem ishlab chiqarish maqsadida bino va inshootlar qurish uchun - qishloq хoʻjaligida foydalanilmaydigan yer uchastkasi boʻlmagan taqdirda, unumdorligi past sugʻoriladigan yer uchastkalari;
b) quyidagi loyihalar tashabbuskorlariga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan bir vaqtning oʻzida kompensatsiya bilan birgalikda kafillik ham berish:
- yirik va mayda shoхli naslli chorva mollarini sanoat usulida, shuningdek, yaylov va pichanzorlarda haydab boqish boʻyicha;
- chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarish boʻyicha;
- chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha.
Bunda ularga kredit boʻyicha qarzdorligi toʻliq qoplanmaguncha, istisno tariqasida, jamgʻarmaning kafilligidan foydalanishga ruхsat beriladi. Umumiy qoidaga koʻra, Jamgʻarmaning berilgan kafilliklar boʻyicha tijorat banki oldidagi majburiyatlari kredit boʻyicha asosiy qarz berilgan kafillik summasi boʻyicha toʻliq qaytarilganda bekor qilinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 4.07.2020 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.