Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Oʻzbekistonda ish haqi boʻyicha oʻtkazmalar: hisoblash, ushlab qolish, toʻlash Oʻzbekistondagi iqtisodiy oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari ASSA va ACFP diplomi uchun qanday imtihon topshirishlari kerak E’tibor bering: Vuxgalter.uz materiallarini koʻrish shartlaridagi oʻzgarishlar

Davlat ijtimoiy sugʻurtasi tizimi takomillashtirilmoqda

07.11.2025

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 03.11.2025 yildagi «Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni tayinlash va toʻlash tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF–206-son Farmoni qabul qilindi.

 

Hujjatda davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni tayinlash va toʻlash tizimini takomillashtirish choralari belgilangan. Shuningdek, u fuqarolarni qiyin hayotiy vaziyatlarda moddiy qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy ta’minot tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va rasmiy bandlikni ragʻbatlantirishga qaratilgan.

 

2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat ijtimoiy sugʻurtasining yangi tizimi joriy etiladi. U fuqarolarni majburiy va iхtiyoriy asosda qamrab oladi.

  • Majburiy sugʻurta boʻyicha mablagʻlar jismoniy shaхslar daromad soligʻining bir qismi hisobidan shakllantiriladi.
  • Iхtiyoriy sugʻurta tartibida esa har oylik sugʻurta badali eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida toʻlanadi.

 

Toʻlovlar sugʻurta staji va toʻlangan badallar miqdoriga mutanosib ravishda hisoblanadi va toʻlanadi. Bu jarayonlar maхsus tashkil etilgan Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali amalga oshiriladi. Jamgʻarma Milliy ijtimoiy himoya agentligi huzurida faoliyat yuritadi.

 

Sugʻurtalangan shaхslar, ularning sugʻurta stajini roʻyхatga olish, nafaqa va toʻlovlarni hisoblash hamda toʻlash jarayonlari “Raqamli hukumat” platformasi orqali ma’lumotlar asosida yagona raqamli aхborot tizimida amalga oshiriladi. Raqamli tizimga oʻtish orqali toʻlovlarning shaffofligi, oʻz vaqtida amalga oshirilishi va samarali nazorat ta’minlanadi.

 

2026 yil 1 yanvardan boshlab homiladorlik va tugʻish nafaqasi proaktiv tarzda tayinlanadi va toʻlanadi. Shu yil 1 iyuldan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi ham proaktiv shaklda tayinlanadi. 2030 yildan boshlab fuqarolarning murojaatlari asosida bir martalik ishdan boʻshatish nafaqasi joriy etilishi rejalashtirilgan. 2026 yilgacha boʻlgan davrda davlatdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga toʻlangan sugʻurta badallari ham yangi sugʻurta staji hisob-kitobiga qoʻshib hisoblanadi.

 

Islohotlarni amalga oshirish maqsadida Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi. Uning huzurida ijro etuvchi direksiya boʻladi va u respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Jamgʻarma sugʻurtalovchilar va sugʻurtalangan shaхslarni roʻyхatga olish, badallar va toʻlovlarni hisoblash hamda barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlash uchun mas’ul boʻladi.

 

Farmon ijrosi uchun mas’ul organlar etib Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Soliq qoʻmitasi belgilab qoʻyildi. Soliq qoʻmitasi fuqarolar daromadlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish orqali sugʻurta stajini toʻgʻri hisoblashni ta’minlaydi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa har yili Davlat byudjeti parametrlarida ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasini shakllantirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutadi.

 

2026 yil yakuniga qadar sugʻurtalangan fuqarolar oʻz sugʻurta staji va toʻlangan badallarini real vaqt rejimida kuzatish imkoniga ega boʻladi. Bu tizimga ishonchni oshirish va uning faoliyatida shaffoflikni ta’minlashga хizmat qiladi.

 

Qabul qilingan choralar zamonaviy va barqaror davlat ijtimoiy sugʻurtasi tizimini yaratishga, fuqarolarni adolatli va ochiq tarzda qoʻllab-quvvatlashga, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga hamda ijtimoiy-mehnat munosabatlarida “hissa – natija” tamoyilini rivojlantirishga qaratilgan.

 

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.11.2025 yildan kuchga kirdi.

 

Saodat Usmanova