Vazirlar Mahkamasining qarori (24.08.2020 yildagi 506-son) bilan 2020-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 30.12.2019 yildagi «2020 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida»gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4555-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Qaror bilan tasdiqlangan Strategiya davlat moliyasi sohasida rejalashtiriladigan va oʻtkaziladigan islohotlarning aniq maqsad va vazifalari, asosiy yoʻnalishlarini bir hujjatga jamlaydi. Strategiya 2018 yilda PEFA uslubiyati boʻyicha Jahon banki tomonidan oʻtkazilgan amaldagi byudjet tizimi tahliliga, davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash natijalariga, shuningdek Xalqaro valyuta jamgʻarmasining shaffoflik kodeksi doirasida fiskal siyosatning shaffofligini diagnostik baholash natijalariga asosan ishlab chiqilgan.
Oʻzbekistonda davlat moliyasi tizimini takomillashtirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan Davlat byudjeti Parlament tomonidan tasdiqlangan, «Fuqarolar uchun byudjet» nashri chop etilgan, mazkur nashr openbudget.uz aхborot portalida joylashtirilgan. Davlat byudjeti ijrosi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Davlat moliyaviy statistikasi (GFS) standartlariga muvofiq e’lon qilinadi, mahalliy byudjetni shakllanlantirishda kengashlar va hokimliklar roli oshirildi.
Strategiyada 2020-2024 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishning oltita asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilangan:
- oʻrta muddatli byudjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik byudjetni shakllantirishning yangi «natijaga yoʻnaltirilgan byudjet» tizimini joriy etish;
- makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta’minlash boʻyicha institutsional salohiyatni va byudjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish;
- byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish;
- fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
- byudjet hisobi standartlarni unifikatsiya qilish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash, shuningdek byudjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
- byudjet ma’lumotlarining ochiqligi, toʻliqligi va хalqaro standartlarga mosligini ta’minlash.
Shuningdek qaror bilan Strategiyani amalga oshirish boʻyicha harakatlar rejasi tasdiqlangan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.08.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.