Vazirlar Mahkamasi tomonidan 11.08.2021 yildagi «Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va ularni moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 509-son qaror qabul qilindi.
«Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida»gi Qonunga muvofiq davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim doirasida xususiy sherikning va (yoki) kreditorning (kreditorlarning) manfaatlarini himoya qilish maqsadida qoʻllab-quvvatlashning quyidagi turlari taqdim etilishi mumkin:
- subsidiyalar, shu jumladan xususiy sherikning DXSh loyihasini amalga oshirishdan oladigan, kafolatlangan eng kam daromadini ta’minlashga yoʻnaltiriladigan subsidiyalar;
- DXSh loyihalarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan aktivlar va mol-mulk tarzidagi qoʻyilmalar;
- DXSh loyihasini amalga oshirish jarayonida ishlab chiqarilgan yoki yetkazib berilgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) muayyan miqdorini yoki bir qismini iste’mol qilganlik yoki ulardan foydalanganlik uchun toʻlovga yoʻnaltiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi byudjeti tizimining byudjet mablagʻlari;
- byudjet ssudalarini, qarzlarini, grantlarini, kredit liniyalarini va moliyalashtirishning boshqa turlarini berish;
- investorlar tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash maqsadida oʻzaro kelishuvga koʻra qoʻshimcha kafolatlar;
- soliq imtiyozlari va preferensiyalari, shuningdek boshqa imtiyozlar;
- boshqa kafolatlar va (yoki) kompensatsiyalar.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (1);
- 2021 yilda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining manzilli roʻyxati.
Nizom (1) davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi byudjeti tizimining byudjet mablagʻlari, subsidiyalar, byudjet ssudalari va kredit liniyalarini berish tartibini belgilaydi. Moliyalashtirish va qoʻllab-quvvatlashning har bir turi boʻyicha ariza berish va uni koʻrib chiqish tartibi, xarajatlarni tahlil qilish, DXSh loyihasini amalga oshirish uchun mablagʻlar ajratish mexanizmi nazarda tutiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.08.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.



