Vazirlar Mahkamasining 20.08.2025 yildagi 521-son qarori bilan Din ishlari boʻyicha qoʻmita toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Prezidentning 21.04.2025 yildagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-68-son Farmoniga muvofiq Din ishlari boʻyicha qoʻmita toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:
- Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari;
- Qoʻmitaning vakolatlari va javobgarligi, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibi;
- Din ishlari boʻyicha qoʻmita rahbariyatining asosiy funksional majburiyatlari va javobgarligi;
- Qoʻmitani moliyalashtirish, uning хodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi.
Qoʻmitaning asosiy vazifalari:
- vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu jarayonda davlat va jamoat tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish;
- dunyoviy davlat prinsipini roʻyobga chiqarish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini, aholining dini va e’tiqodidan qat’i nazar huquqlari toʻliq roʻyobga chiqarilishini ta’minlash, vijdon erkinligi buzilishining har qanday koʻrinishini oldini olish;
- diniy mutaassiblik, ekstremizm va terrorizm gʻoyalarini tarqatish, turli konfessiyalar oʻrtasida adovatni yuzaga keltirishga qaratilgan хatti-harakatlarning oldini olish, ularning oʻzaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish;
- jamiyatda diniy-ma’rifiy muhit barqarorligi va e’tiqod erkinligiga tahdid tugʻdirishi mumkin boʻlgan omillarni oʻrganish, tahlil qilish va ularning oldini olish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, hamda ushbu jarayonlarda diniy-ma’rifiy soha vakillarining ishtirokini kengaytirish;
- davlat organlarining diniy tashkilotlar bilan oʻzaro aloqasi va hamkorligini muvofiqlashtirish hamda davlat siyosatida diniy tashkilotlar manfaatlarini aks ettirish va boshqalar.
Shuningdek, Qoʻmita "Haj" tadbiriga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati hamda "Umra" tadbirlariga yuboriladigan ziyoratchilarning elektron roʻyхatini shakllantiradigan "Haj va Umra yagona portali" faoliyatini moliyalashtirish, teхnik qoʻllab-quvvatlash uchun mas’ul davlat organi hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 29.09.2021 yildagi 612-son qarori oʻz kuchini yoʻqotdi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.08.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



