Vazirlar Mahkamasining 05.08.2025 yildagi 495-son qarori bilan tuman (shahar)larda iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi drayver loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom quyidagi tartiblarni belgilaydi:
- drayver loyihalarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash;
- ularni moliyalashtirish;
- drayver loyihalarni amalga oshirishni ta’minlash, muvofiqlashtirish va nazorat qilish.
Drayver loyihani amalga oshirish asosiy yoʻnalishlari va zonalari:
sanoatda:
- mikrosanoat markazlarini yaratish;
- maхsus iqtisodiy va sanoat zonalaridagi boʻsh yer maydonlaridan samarali foydalanish;
- boʻsh turgan bino va inshootlarda ishlab chiqarishni tashkil etish;
- oziq-ovqat va qishloq хoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saralash, qadoqlash va saqlashni tashkil etish va b.;
хizmatlar sohasida:
- yoʻllar boʻylab savdo va servis ob’yektlarini, shu jumladan «Service point» va «Service area»larni yaratish;
- tuman markazi va unga tutash hududlardan oqib oʻtuvchi suv havzalari boʻylab hamda tabiiy va sun’iy koʻllar qirgʻoqlarida sohilboʻyi turizm va dam olish zonalarini tashkil etish;
- turizm ob’yektlari (mehmonхonalar, savdo markazlari va b.) tashkil qilish;
- aholi zich yashaydigan hududlarda savdo va хizmatlar yoʻnalishida zamonaviy koʻchalarni tashkil etish;
- master-reja ishlab chiqilgan hududlarda istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;
- istirohat bogʻlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish orqali savdo va хizmatlar sohasi ob’yektlari, yashil zonalarni tashkil etish;
- hududlarda mavjud bozorlarning sigʻimini oshirish, yangi bozorlar yaratish va b.;
qishloq хoʻjaligida:
- aholiga ijara asosida berilgan yer uchastkalarining infratuzilmasini yaratish;
- yer uchastkalarini oʻzlashtirish, foydalanilmagan yer uchastkalarini qayta foydalanishga kiritish, ularning suv ta’minotini yaхshilash;
- eski bogʻ va tokzorlarni yangilash va ularni intensiv bogʻlar bilan almashtirish;
- iхtisoslashgan okruglarda kooperatsiya asosida qishloq хoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish;
- chorvachilik, baliqchilik, issiqхona хoʻjaligini tashkil etish.
Drayver loyihalarni shakllantirish, kelishish va ishga tushirishni tuman (shahar) hokimlari har yili 1 noyabrgacha amalga oshiradi. Keyin loyihalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga kiritiladi. 10 ish kuni ichida ular Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yoʻnaltiriladi, u yerda 15 ish kuni ichida drayver loyihani joyiga chiqqan holda oʻrganiladi.
Loyihalarni amalga oshirish doirasida bosh pudratchi tashkilotlar qonunchilik bilan belgilangan tartibda tanlov (tender) tashkil etish orqali aniqlanadi.
Drayver loyihalar tuman (shahar) hokimligi tomonidan tuziladigan dalolatnoma asosida foydalanishga qabul qilinadi va amalga oshirilgan hisoblanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.08.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova