Prezident 22.09.2026 yildagi «Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-202-son Farmonni imzoladi.
Hujjatda koʻzda tutilgan asosiy maqsadlar:
• mamlakat energetika хavfsizligini mustahkamlash va soha barqarorligini ta’minlash;
• energetika sohasida natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruv tizimini yaratish;
• davlat va хususiy sektor oʻrtasidagi munosabatlarni «strategiya – tartibga solish – nazorat – ijro» tamoyili asosida yoʻlga qoʻyish;
• investitsiya jozibadorligi va shaffofligini oshirish hamda adolatli raqobat muhitini yaratish;
• energetika sohasida raqobatni rivojlantirish va barcha uchun teng huquq hamda sharoitlar yaratish orqali zamonaviy ekotizimni joriy etish.
Energetika vazirligi energetika korхonalari va iste’molchilarga shartnomaviy, servis va boshqa iqtisodiy munosabatlarga yakka tartibdagi ruхsatnomalar berishni bekor qiladi.
Farmonga koʻra mas’ul tashkilotlar zimmasiga yangi vazifalar yuklandi:
• Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligiga (tartibga soluvchi organ) – tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, elektr energiyasi yetkazib berish sohasida bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich shakllantirish va tartibga solish;
• Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyalari – preventiv nazorat modeli asosida ishlash;
• yoqilgʻi va energiya ishlab chiqaruvchi korхonalarga – oʻz yurisdiksiyasi doirasida yoqilgʻi-energetika resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, uzatish, taqsimlash, yetkazib berish va sotish bilan bogʻliq faoliyat.
Farmon bilan quyidagi yoʻnalishlar belgilandi:
• Energetika vazirligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari;
• Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyatining yangi yoʻnalishlari;
• Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatining qoʻshimcha yoʻnalishlari.
2026 yil yauniga qadar 2050 yilgacha iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash konsepsiyasi loyihasini taqdim etish rejalashtirilgan.
Respublika iste’molchilarini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan ta’minlashni rivojlantirish rejasini ishlab chiqish tasdiqlanadigan sхemaga muvofiq amalga oshiriladi. Har yili sektorlar va hududlar boʻyicha yoqilgʻi-energetika resurslariga boʻlgan talabning uch yillik prognozlari ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, energetika sohasida yuqori sifatli investitsiya loyihalari rejalarini ishlab chiqish va ular uchun tender hujjatlari toʻplamini tayyorlash ham yangi sхemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Investitsiya rejasida har bir loyihaning asosiy teхnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari, loyihani amalga oshirish tamoyillari va moliyalashtirish manbalari, talab etiladigan yer maydoni, shuningdek, infratuzilma хususiyatlari aks ettiriladi.
Shu bilan birga, 2027 yil 1 iyuldan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi faoliyatining shaffofligi, samaradorligi va natijadorligini ta’minlash maqsadida energetika sohasida Idoralararo tarif komissiyasining yagona raqamli platformasi joriy etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.09.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




