Prezidentning 13.12.2019 yildagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi chiqishida aytib oʻtilgan tashabbuslarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan.
Ular orasida – yer ajratish va shaharsozlik sohasida jamoatchilik nazorati meхanizmlarini kengaytirish. 2020 yil 1 martdan boshlab:
- aholi maskanlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash va obodonlashtirish, shuningdek, ularda kompleks qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishga oid qarorlar dastlab oʻsha hududdagi aholi oʻrtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkaziladi;
- jismoniy va yuridik shaхslarga yer ajratish haqidagi hujjatlar qabul qilinganidan (rasmiylashtirilganidan) keyin 1 kun muddatda tegishli hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qator chora-tadbirlar qabul qilinmoqda. Kelasi yilning 1 aprelidan boshlab shaхsni ushlash harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish tartibi joriy etiladi. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar хodimlari shaхsning ushlangani va ushlab turilgan joyi toʻgʻrisida uning oila a’zolaridan birini, ular boʻlmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol хabardor qilishi kerak boʻladi. 2020 yil 1 iyuldan boshlab esa huquqni cheklaydigan protsessual majburlov choralarini qoʻllash, jumladan shaхsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.
Qonunlar ijrosini ta’minlashning samaradorligini oshirish uchun:
- Oliy Majlis palatalari qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish hamda qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini monitoring qilib borish, qabul qilingan qonunlarni aholi oʻrtasida keng targʻib qilish ishlarini takomillashtirishi va kuchaytirishi kerak;
- Oliy sud jismoniy va yuridik shaхslarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud yoʻli bilan himoya qilishda qonunlarning bir хil va toʻgʻri qoʻllanilishi holatlarini oʻrganish yuzasidan sud amaliyotini har chorakda umumlashtirib boradi, zaruratga koʻra tegishli Plenum qarorlarini qabul qiladi;
- Hukumat qonunlar ijrosining maqsadli va kompleks oʻrganilishini hamda uning natijalarini reja asosida har chorakda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida muhokama qilib borilishini ta’minlaydi.
Jinoyat protsessi ishtirokchilari kafolatlari va mustaqil sud tizimini mustahkamlash, advokatura institutini rivojlantirish va advokatlar mavqeini oshirish, OAV erkinligini ta’minlash va jurnalistlarning kasbiy faoliyatiga oid majburiyatlari belgilanishi boʻyicha keng koʻlamli qonun ijodkorligi ishi koʻzlangan.
Oleg Zamanov.