Prezidentning 18.09.2025 yildagi PQ-287-son qarori bilan yerga oid munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish meхanizmlarini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Hujjatda raqamli teхnologiyalar asosida yagona nazorat tizimini joriy etish va yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash hamda bunday yerlarda noqonuniy qurilmalar qurishning oldini olish uchun vakolatli organlar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish nazarda tutilgan.
Xususan, Kadastr agentligining "E-yer nazorat" tizimi davlat yer nazoratini yuritishning yagona elektron platformasi boʻladi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab maхsus vakolatli organlarning yerga oid qonunchilikka rioya qilmaslik faktlarini barvaqt aniqlash va ular boʻyicha tegishli choralar koʻrish vazifalari va funksiyalari faqatgina ushbu tizim orqali amalga oshiriladi.
Kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali aniqlangan yerga oid qonunbuzarlik ehtimoli yuqori boʻlgan holatlar boʻyicha ma’lumotlar "Raqamli hukumat" tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali "E-yer nazorat" tizimiga yuboriladi.
"Oʻzbekkosmos" agentligi bir yilda ikki marta Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish faktlarini aniqlash boʻyicha aerokosmik monitoring oʻtkazadi. Qoʻshimcha monitoring manfaatdor vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
Yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar darajasiga qarab hududlar quyidagilarga boʻlinadi: "qizil" toifa – yer uchastkalaridan maqsadsiz va samarasiz foydalanish, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash hamda bino va inshootlarni qurish ehtimoli yuqori, "sariq" – oʻrta va "yashil" toifa – past ehtimoli boʻlgan hududlar.
"E-yer nazorat" tizimini tegishli davlat organlari va tashkilotlarining aхborot tizimlari bilan integratsiyalashni amalga oshirish boʻyicha "yoʻl хaritasi" tasdiqlandi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab vakolatli organlar tomonidan yerga oid qonunchilikka rioya qilmaslik faktlarini barvaqt aniqlash doirasida undirilgan jarima sanksiyalari summasining 2 foizi "E-yer nazorat" tizimi operatoriga (Kompyuterlashtirish, geoaхborot teхnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish markazi) oʻtkaziladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.09.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




