9.06.2020 yildagi «Faxriy murabbiy» ordenini ta’sis etish toʻgʻrisida»gi OʻRQ-622-son Qonun e’lon qilindi.
«Faxriy murabbiy» ordeni bilan fuqarolar yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda qoʻshgan hissasi hamda quyidagi xizmatlari uchun mukofotlanadilar:
- yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni turli tahdidlar va yot gʻoyalar ta’siridan himoya qilish, adashgan yoshlarni toʻgʻri yoʻlga qaytarish boʻyicha manzilli ishlarga ularni vasiylikka olish orqali bevosita hissa qoʻshganligi;
- profilaktik hisobda turgan, huquqbuzarlik sodir qilishga va salbiy illatga moyil boʻlgan yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni, Vatanga mehr hamda sadoqat tuygʻularini shakllantirishda murabbiy sifatidagi alohida xizmatlari;
- uyushgan yoshlarni hamda kam ta’minlangan, ehtiyojmand va kambagʻal oilalar farzandlarini kasb-hunarlarga oʻrgatish va ularning bandligini ta’minlash borasidagi fidoyiligi;
- hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sogʻlomlashtirish, oilalarda mehr oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash, notinch va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni tiklash, yolgʻiz ayollarga hayotda mustaqil boʻlishga koʻmak berish hamda «Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat» degan ezgu gʻoyani ijtimoiy hayotga keng tatbiq etishda koʻrsatgan jonbozligi;
- mahallasida yoshlar uchun begʻaraz asosda maktab, bogʻcha, madaniyat va sport inshootlarini barpo etganligi hamda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni tashkillashtirishga rahbarlik qilganligi;
- tumanlarni (shaharlarni) yot gʻoyalardan xoli hududga aylantirishga qaratilgan ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda erishgan yuksak natijalari hamda ibratli faoliyati uchun.
Orden bilan mukofotlangan shaxslar 40 BHM miqdoridagi bir martalik pul mukofotini oladi, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadi.
Qonun «Xalq soʻzi» gazetasida e’lon qilingan va 10.06.2020 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.



