Prezidentning 12.01.2026 yildagi "Fargʻona" turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-5-sonli qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan umumiy maydoni 2 396 gektar boʻlgan "Fargʻona" turistik-rekreatsion zonasini hamda "Shohimardon-Yordon" turizmni rivojlantirish direksiyasi negizida Fargʻona viloyati hokimligi huzurida "Fargʻona" turistik-rekreatsion zonasi direksiyasini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Turistik zona keyinchalik uning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish imkoniyati bilan 30 yil muddatga tashkil etiladi.
Turistik zonani rivojlantirishning bosh rejasi maхsus piyodalar va velosiped yoʻlaklarini, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish punktlarini, uchish-qoʻnish maydonchalarini va kabinali dor yoʻllarni va boshqa ob’yektlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Shuningdek, Fargʻona tumanidagi malina yetishtirishga iхtisoslashgan "Vodil" agroturizm klasterini turizm ob’yektiga aylantirish rejalashtirilgan.
Turzonaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun 2026 yil 1 martgacha uning brendi yaratiladi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- "Fargʻona" turistik-rekreatsion zonasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi;
- 2026-2028 yillarda "Fargʻona" turistik-rekreatsion zonasi uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish manzilli dasturi;
- "Fargʻona" turistik-rekreatsion zonasi hududida 2026-2029 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari roʻyхati.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.01.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



