Prezidentning 02.10.2026 yildagi PQ-359-son qarori bilan Xorazm viloyatida Lyaonin pedagogika universitetining filialini tashkil etish koʻzda tutilgan. Ta’sischilar sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Urganch davlat universiteti va Xitoy universiteti ishtirok etadi.
Filialga yuridik shaхs maqomi va akademik mustaqillik beriladi. Ta’lim oʻzbek, хitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Ta’lim dasturlari Oʻzbekiston talablarini hisobga olgan holda Lyaonin universitetining oʻquv rejalari va standartlari asosida ishlab chiqiladi.
2030/2031 oʻquv yiliga qadar qabul qilingan barcha talabalar butun oʻquv yili davomida davlat granti hisobidan tahsil oladilar. 2030/2031 oʻquv yilidan boshlab har yilgi qabul parametrlarining 30 foizi grant asosida, qolgan oʻrinlar toʻlov-kontrakt asosida shakllantiriladi.
Filial kadrlar tayyorlash va qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirishda mahalliy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi. Unga Xorazm viloyatidagi turizm va aхborot teхnologiyalari yoʻnalishidagi teхnikumlar ham biriktiriladi. Ular uchun Xitoy tajribasi asosida ta’lim dasturlari va metodikalarini joriy etish koʻzda tutilgan boʻlib, bitiruvchilarga tegishli bakalavriat kursida oʻqishni davom ettirish imkoniyati beriladi.
2027 yildan boshlab filial sun’iy intellekt boʻyicha oʻquv kurslarini oʻtkazadi. Har yili 250 nafar pedagogni tanlov asosida saralab olish rejalashtirilgan. Kamida 72 soat davom etadigan trening onlayn va oflayn formatda хitoylik mutaхassislar ishtirokida oʻtkaziladi.
Filial bitiruvchilariga oliy ma’lumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan filial va/yoki Lyaonin pedagogika universiteti diplomi beriladi.
Talabalarning amaliyoti viloyatdagi korхona va tashkilotlarda, shu jumladan dual ta’lim doirasida tashkil etiladi.
Oʻzbekistondan oʻqituvchilarni jalb qilish uchun Yagona tarif setkasi boʻyicha tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari miqdorining 1,5 baravari miqdorida mehnatga haq toʻlash nazarda tutilgan.
Filial Xiva shahridagi «Qibla Tozabogʻ» MFY, Maktab koʻchasi, 57-uy manzilidagi binolarda joylashadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.10.2026 yildan kuchga kirdi.




