U mamlakatimiz Prezidenti huzurida faoliyat koʻrsatadi. Davlat rahbari tegishli qarorni 13 noyabr kuni imzoladi.
Kengashning asosiy vazifalari:
- ilgʻor jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda Oʻzbekiston hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha maslahatlar berish;
- qulay investitsiya muhitini shakllantirishda, mahalliy hamda xorijiy tadbirkorlarni iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va hududlarga raqobatbardosh eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalarni tashkil etish maqsadida sarmoya kiritishlarini ragʻbatlantirishning samarali mexanizmlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etish, shuningdek, investitsiyalarni, eng avvalo toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishga va oʻzaro manfaatli savdoni rivojlantirishga koʻmaklashish;
- davlat organlari va xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiya va boshqa tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorligini ta’minlash;
- investitsiyalarni jalb qilish va investorlarning, shu jumladan, xorijiy investorlarning faolligiga toʻsqinlik qiluvchi asosiy omillarni aniqlash va tahlil qilish, respublikada qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini saqlab turishni ta’minlash;
- davlat organlari, Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiyaviy va boshqa tuzilmalarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari bilan investitsiya jarayonlariga toʻsqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan samarali takliflarni ishlab chiqish;
- eksportni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga, savdo infratuzilmasini, elektron tijorat tizimini izchil rivojlantirishga, mahalliy tovarlar va xizmatlarni tashqi bozorlarga olib chiqish uchun qulay sharoitlar yaratishga, samarali transport yoʻlaklari, zamonaviy logistika zanjirini shakllantirishga koʻmaklashish;
- mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini shakllantirish va ulardan foydalanish, mahalliy mahsulotlarning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiqligini ta’minlashning bosqichma-bosqich choralarini koʻrish, ularning raqobatbardoshligini oshirish, ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish jarayonlariga ijobiy xorijiy tajribani joriy etish;
- Oʻzbekiston Respublikasida investitsiyaviy faoliyatni tartibga solish sohasidagi huquqiy bazani yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar va tavsiyalar tayyorlash;
- Oʻzbekistonning xalqaro imijini, xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni aniqlash va samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
Xorijiy investorlar kengashi - maslahat organi. Uning tarkibiga Oʻzbekistonda investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan xorijiy kompaniyalar, banklar, investitsiyaviy va boshqa tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, shu jumladan, YeTTBning rahbarlari va vakillari, shuningdek, boshqa ishtirokchilar kiradi.
Yangi organ oraliq (yilda kamida 2 marta) va yalpi (yilda 1 marta) majlislar formatida ishlaydi. Yalpi majlislarning oʻtkazilishi Prezident Administratsiyasi, oraliq majlislar esa - Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Kengash majlislariga kelish va ularda ishtirok etish uning a’zolarining oʻz mablagʻlari, homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarning grantlari yoki taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan toʻlanadi. Ishtirokchilar va ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtiriladi.
Oleg Zamanov.



