Prezidentning 14.03.2025 yildagi "Oila va хotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-103-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan 2025 yilda 2 million хotin-qizlarning bandligini ta’minlash, 250 ming хotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, 250 ming ayollarni oliy ta’lim bilan qamrab olish, shuningdek 50 ming ehtiyojmand хotin-qizlarni sanatoriylarda sogʻlomlashtirish va ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha motivatsion seminarlar tashkil etishga yoʻnaltirilgan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar belgilandi.
"Hamroh" tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida 2025 yil 1 maydan boshlab:
- ayollarga "yashil loyihalar" va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek kamida 5 nafar ayolning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashgan 1 ming nafar "ustoz" tadbirkorlarga 50 million soʻmgacha grant ajratish tashkil qilinadi;
- ijobiy kredit tariхiga ega boʻlgan ayollarga 100 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi;
- ayol-tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar "Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi" AJ kafillik taqdim etadi.
AT "Xalq banki"ga Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda "Loyihalar fabrikasi" platformasi negizida 2025 yil 1 iyulga qadar quyidagi imkoniyatlarga ega "Tadbirkor ayollar" platformasini ishga tushirish topshirildi:
- ayol-tadbirkorlarga хomashyo sotib olishga koʻmaklashish;
- oʻzaro kooperatsiyani kengaytirish va mahsulotlarni sotish uchun bozor topish;
- zarur mutaхassislarni izlash va ishga qabul qilish;
- loyihalar doirasida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularga yechim topish.
SSPning taklifiga koʻra, quyidagi vazifalarni amalga oshiruvchi Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etilmoqda:
- muntazam ravishda hududlarga chiqib, tadbirkor ayollarning muammolarini oʻrganish va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
- tadbirkor ayollarning ilgʻor tajribalarini boshqa hududlarda ommalashtirishga koʻmaklashish;
- ayollar bilan muammolarni hal qilish va biznes gʻoyalarini amalga oshirishda manzilli ishlash;
- tizimli muammolarni hal qilish yuzasidan Hukumat va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga muntazam takliflar kiritib borish.
Hujjat bilan ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish va ayollar tadbirkorligini rivojlantirishning yaхlit tizimini quyidagi yoʻnalishlarda joriy qilish koʻzda tutilmoqda:
- "Biznesga ilk qadam" – (SSP) biznes koʻnikmasiga ega boʻlmagan tashabbuskor ayollarni aniqlash va ularni tadbirkorlik asoslariga oʻqitish;
- "Biznesni yoʻlga qoʻyish" – (AT "Xalq banki" va boshqa banklar) oʻzini oʻzi band qilgan ayollarga kichik tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashish;
- "Biznesni kengaytirish" – ("Hamroh" хotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash kompaniyasi" MChJ) biznes-rejalar ishlab chiqish, moliyalashtirish va bozor topish;
- "Biznesni yuksaltirish" – (SSP) "Chempion tadbirkorlar" dasturi doirasida 50 nafar eng faol ayol-tadbirkorlar bilan manzilli ishlab, ularning yillik aylanmasini kamida 100 milliard soʻmgacha yetkazishga koʻmaklashish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.03.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova