Vazirlar Mahkamasining 22.06.2017 yildagi 413-son «Oʻzbekiston Respublikasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritish haqida»gi qarori qabul qilindi.
«Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida»gi Qonun kuchga kirgungacha (15.09.2011 yilga qadar) berilgan idoraviy hujjat (order) asosida Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida turar joy maqomini olgan yotoqxonalarda doimiy yashab kelayotgan hamda boʻlish joyida hisobda turgan shaxslarga mazkur turar joylarni xususiylashtirish huquqi berildi.
Xususiylashtirish imkoniyati 2018 yil 1 iyulgacha taqdim etiladi. Mazkur sanaga qadar ushbu kvartiralarni xususiylashtirishga doir bitimlarni notarial tasdiqlashga hamda Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishga ruxsat etildi.
Natijada Roʻyxatning 1-bandiga muvofiq xususiylashtirilgan kvartiralar mulkdorlari bunday yoʻl bilan tegishincha Toshkent shahrida yoki Toshkent viloyatida bunday turar joy maydonida doimiy propiskadan oʻtkaziladi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Samir Latipov.



