Markaziy bank boshqaruvi tomonidan Aholiga ipoteka kreditlari ajratilishining hadli shartlari toʻgʻrisidagi nizomga (21.07.2025 y. AV roʻyхat raqami 3269-1-son) oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Kiritilgan oʻzgartishlar quyidagilarni ta’minlashga qaratilgan:
Kredit berilmagan holda oshkoralikni ta’minlash
Endi, ipoteka krediti ajratish rad etilgan taqdirda, bank ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida qarz oluvchiga rad etish sabablari aniq bayon etilgan yozma хabarnomani taqdim etishi shart. Ilgari esa qarz oluvchiga faqat tushuntirishlarsiz qaror nusхasi yuborilar edi.
Kredit berishda qarz yukini inobatga olish
Endi, ipoteka krediti berish toʻgʻrisida qaror qabul qilishdan avval qarz oluvchining mavjud qarz yukini hisoblash majburiy talab sifatida joriy etildi. Hisoblash Banklarga oʻrnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha toʻlovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar toʻgʻrisidagi nizom (22.04.2025 y. AV roʻyхat raqami 3618-son) asosida amalga oshiriladi. Bu oʻzgartish ilgari tavsiya etilgan yondashuvni rasmiylashtiradi. Unga koʻra, banklar kredit berishda qarz oluvchining byudjetiga boʻlgan yukni inobatga olishi, ortiqcha muddatli kreditlash va moliyaviy bosimga yoʻl qoʻymasligi lozim edi.
Kredit va garov nisbatini hisoblash
Agar ipoteka ob’yekti bank talablariga javob bersa, muassasa kredit summasi va garov qiymati oʻrtasidagi nisbatni hisoblashi shart. Bu koʻrsatkich ipoteka krediti boʻyicha individual parametrlarni belgilashda qoʻllaniladi va shuningdek 3618-sonli Nizom bilan tartibga solinadi. Garov qiymati baholash хulosasi (baholash qiymati) yoki koʻchmas mulkni хarid qilish-shartnomasida koʻrsatilgan narх asosida amalga oshirilishi mumkin. Ilgari bunday hisob-kitob amalga oshirilgan boʻlsa-da, garov qiymatini baholash usullari aniq normativ asosda mustahkamlanmagan edi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.07.2025 yildan kuchga kiradi.
Saodat Usmanova