"Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda buyurtmachilar ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Vazirlar Mahkamasining 8-son qarori qabul qilindi.
Quyidagi tartiblarni belgilovchi Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining buyurtmachilar bilan oʻzaro hamkorligini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi:
- kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari boʻyicha vazirlik, idora va tashkilotlarning buyurtmalariga muvofiq ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari orasidan munosib nomzodlarni tanlab olish;
- ish beruvchi, oliy ta’lim muassasasi va talaba oʻrtasida talaba oʻqishni tugatgandan soʻng ishga joylashishi sharti bilan uning kontrakt toʻlovini ish beruvchi tomonidan qoplanishini nazarda tutuvchi uch tomonlama kelishuv tuzilishi;
- ish beruvchining talablariga muvofiq asosiy fanlarga qoʻshimcha ravishda tanlov fanlari sifatida qoʻshimcha ta’lim modullarini joriy etish va ushbu fanlar boʻyicha talabaga kredit ballarini qoʻyish;
- semestr yakunida ish beruvchining talabaning oʻrganilayotgan fanlarni oʻzlashtirishi ustidan nazorati;
- ish beruvchining takliflari asosida talabaning diplom ishi mavzusini uning faoliyati yoki investitsiya loyihalari bilan bogʻliq masalalarni hisobga olgan holda belgilash;
- uch tomonlama kelishuv asosida oʻqiyotgan bitiruvchilarni ish beruvchi tomonidan kafolatlangan ish bilan ta’minlash sharti bilan ishga qabul qilish.
Uch tomonlama shartnomalarni tuzishda buyurtmachi sifatida qiymati 1 mln AQSh dollaridan kam boʻlmagan investitsiya loyihalariga ega boʻlgan yoki хodimlarining soni 50 nafardan ortiq boʻlgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar ishtirok etishi mumkin.
Talabalar har yili 20 sentyabrga qadar oʻqishni tugatgandan soʻng buyurtmachi korхona yoki tashkilotda ishlab berish sharti bilan tanlovda ishtirok etish uchun elektron ariza topshiradi.
Bunda oʻzlashtirish koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma ilova qilinadi. Talabgorlardan joriy oʻquv yilida GPA koʻrsatkichi 3 va undan yuqori darajada boʻlishi talab etiladi.
Tanlov komissiyasi har yili 15 oktyabrga qadar OTMda suhbat asosida talabgorlarni tanlab oladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.01.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



