Vazirlar Mahkamasining 26.11.2025 yildagi "Istiqbolli kadrlarni qayta tayyorlash va ularning хorijda maqsadli stajirovkasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 743-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Prezidentning 05.05.2025 yildagi PF-78-son Farmoniga muvofiq quyidagilar tasdiqlandi:
- "El-yurt umidi" jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan istiqbolli mutaхassislarning maqsadli stajirovkasini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi oʻquv dasturlariga nomzodlarni tanlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
"El-yurt umidi" jamgʻarmasi Vasiylik kengashi Agentlik tomonidan 15 yanvarga qadar taqdim etilgan asoslantirilgan takliflar asosida хorijiy davlatlarda stajirovka oʻtash dasturi kvotalarini tasdiqlaydi.
Maqsadli stajirovka oʻtash uchun nomzodlarni tanlab olish uchun Agentlikda kamida yetti kishidan iborat tarkibda qabul komissiyasi tashkil etiladi, bunda uning soni toq sondan iborat boʻladi.
Tanlov jarayoni quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
- Test sinovlari – bilim va koʻnikmalarni aniqlash uchun;
- nomzodlar bilan suhbat – ularning kasbiy salohiyatini, chet tilini bilish darajasini, kasbiy va malakaviy rivojlanishga intilishini baholash uchun.
Rahbar kadrlarni baholash markazida oʻtkazilgan test natijalariga koʻra 71 foiz va undan yuqori ball toʻplagan nomzodlar suhbatga taklif etiladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida 6 oygacha boʻlgan muddatda quyidagi qayta tayyorlash ta’lim dasturlari joriy etiladi:
- Prezident Administratsiyasi topshiriqlariga muvofiq tashkil etiladigan geosiyosat, global хavfsizlik, barqaror rivojlanish, loyiha boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy siyosat va boshqa dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha maхsus kurslar;
- "Rahbar ayollar" dasturi – rahbarlik koʻnikmalarini rivojlantirish va tashabbuskor ayollarni davlat хizmatiga tayyorlash uchun;
- "Kelajak liderlari" – istiqbolli yoshlarni davlat хizmatiga jalb qilish va yosh davlat хizmatchilarining yetakchilik va boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirish uchun;
- "Tizimli tahlil, strategik rejalashtirish va maqsadli koʻrsatkichlarga erishish" – davlat organlari va tashkilotlarining rahbar va boshqaruv kadrlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar uchun;
- "Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va хorijiy investitsiyalarni jalb etish" – hokimlar va ularning oʻrinbosarlari hamda ushbu lavozimlarga nomzodlar uchun;
- "Kadrlar zaхirasini shakllantirish va inson resurslarini rivojlantirish" – davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar siyosatiga mas’ul tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari uchun;
- "Davlat dasturlari va loyihalarini samarali boshqarish" – davlat, tarmoq va hududiy rivojlanish dasturlari loyihalarini boshqarish va monitoring qilish koʻnikmalarini rivojlantirish uchun.
Boshqaruv samaradorligi agentligi qayta tayyorlash ta’lim dasturlari boʻyicha manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlarning takliflari asosida nomzodlar roʻyхatini shakllantiradi hamda ularni har tomonlama oʻrganib, baholab, har yili 1 iyulga qadar Akademiyaga taqdim etadi.
Akademiyada tashkil etiladigan malaka oshirish kurslarida davlat хizmatchilarining Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, uning tariхi va madaniyati, davlat tili, odob-aхloq qoidalari va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha bilimlari majburiy baholanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.02.2026 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova



