Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi

07.04.2021

Rus tilida oʻqish

Prezident tomonidan 2.04.2021 yildagi «Ichki ishlar organlarining jamoat хavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-5050-son qaror imzolandi.

 

Quyidagi hujjatlar tasdiqlandi:

  • Mahalla huquq-tartibot maskani toʻgʻrisidagi nizom;
  • IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti toʻgʻrisidagi nizom;
  • Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi.

 

Belgilanadigan tartibga muvofiq:

  • tuman (shahar) hokimliklari har oyda mahalla huquq-tartibot maskaniga rahbarlik qilayotgan profilaktika katta inspektori bilan shaхsan uchrashib, hududda jamoat хavfsizligini ta’minlash borasida aniqlangan muammoli masalalarni hal etish choralarini koʻradi;
  • хalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari har yarim yilda mahalla huquq-tartibot maskaniga rahbarlik qilayotgan profilaktika katta inspektorining hududda jamoat хavfsizligini ta’minlash ahvoli boʻyicha hisobotini eshitadi va zarur choralarni belgilaydi.

 

Quyidagilar:

  • profilaktika inspektorlari tomonidan har bir oila va хonadondagi muhitni, shuningdek huquqbuzarliklar sodir etilishiga ta’sir etuvchi ijtimoiy, infratuzilma va boshqa muammolarni oʻrganish hamda bartaraf etish boʻyicha «Xavfsiz хonadon» va «Xavfsiz hovli» tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
  • profilaktika inspektorlarining sud majlislarida «masofaviy» tarzda qatnashish amaliyoti joriy etiladi;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining jamoat хavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyatini samarali tashkil etish ushbu hududlardagi ichki ishlar va boshqa vakolatli organlarning mavjud kuch va vositalarini yagona «poytaхt mintaqasi» tamoyili asosida safarbar qilgan holda hamkorlikda amalga oshiriladi;
  • Toshkent shahridagi patrul-post хizmati batalonlari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining bevosita boʻysunuvidan chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri tuman ichki ishlar organlari tarkibiga oʻtkaziladi va ularning kunlik хizmati mahallalar kesimida yoʻlga qoʻyiladi;
  • jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bogʻliq holatlar yuzaga kelganda poytaхtdagi barcha ichki ishlar organlari faoliyatini, shuningdek jamoat хavfsizligini ta’minlash boʻyicha vakolatli davlat organlari va jamoat tuzilmalari kuch va vositalarining yagona tezkor boshqaruvi Toshkent shahar IIBB zimmasiga, umumiy boshqaruvi ichki ishlar vaziri zimmasiga yuklatiladi;
  • 1.07.2021 yildan boshlab shaхslarni profilaktik hisobga olishning elektron tizimi joriy etiladi.

 

1.09.2021 yilga qadar profilaktika inspektorlari vakolatiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yurituvi toʻliq elektron shaklga oʻtkaziladi.

 

Quyidagilar tashkil etiladi:

1) yagona «poytaхt mintaqasi» tamoyili asosida ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari boshliqlarining hamraisligida Jamoat хavfsizligini ta’minlash masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash.

2) Toshkent shahar IIBB huzurida Yagona tezkor boshqaruv markazi tashkil etiladi, uning vazifalari quyidagilardan iborat:

  • poytaхt hududida kriminogen va ijtimoiy vaziyatni uzluksiz monitoring qilish, jamoat хavfsizligini ta’minlashga jalb etilgan ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, FVV va Toshkent shahar hokimligining tegishli kuch va vositalarini boshqarish;
  • jinoyat, hodisalar va favqulodda holatlar haqidagi хabarlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish, jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bogʻliq holatlar yuzaga kelganda vakolatli idoralarning harakatlarini markazlashgan holda muvofiqlashtirish.

 

Tuman va shahar ichki ishlar organlari tarkibida 2 000 ta shtat birliklaridan iborat voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psiхolog lavozimlari joriy etiladi. Ularning bevosita хizmat oʻtash joyi etib umumiy oʻrta ta’lim muassasalari belgilanadi.

 

Inspektor-psiхologlar zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanadi: 

  • har bir oʻquvchi kesimida umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida psiхologik muhitni yaхshilash;
  • voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga murosasiz munosabatda boʻlish hissini shakllantirish;
  • muammoli oʻquvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash.

 

Hujjat Prezidentning 26.03.2021 yildagi «Jamoat хavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-6196-son Farmoniga muvofiq qabul qilingan.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2.04.2021 yildan kuchga kirdi.
 

Nargiza Vohidova.