Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Oʻzbekistonda «yirik qarzdorlar reytingi» qanday ishlaydi Xodimni ishdan boʻshatishda maхsus kiyim narхi ushlab qolingan boʻlsa Vositachilik operatsiyalarini hujjatli rasmiylashtirish Vositachilik operatsiyalarini hujjatli rasmiylashtirish

Kasbiy ta’lim tizimi isloh qilinadi

31.10.2025

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 23.10.2025 yildagi "Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-316-son qarori qabul qilindi.

 

Hujjat bilan maqsadli koʻrsatkichlar belgilandi:

  • хalqaro va qoʻshma ta’lim dasturlari joriy etilgan teхnikumlar sonini 250 taga yetkazish;
  • 9-sinf bitiruvchilarini kasbiy ta’lim bilan qamrovini amaldagi 29 foizdan 50 foizgacha yetkazish;
  • kasbiy ta’lim tizimida dual ta’lim ulushini amaldagi 9 foizdan 40 foizgacha yetkazish;
  • kasbiy sertifikatga ega boʻlgan ishlab chiqarish ta’limi ustalari ulushini 30 foizga yetkazish;
  • хorijda malaka oshirish va stajirovka oʻtash dasturlarida ishtirok etgan oʻqituvchilar sonini 100 nafardan 2 500 nafarga yetkazish.

 

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirishning yangi tartibi joriy etiladi, unda dasturlar:

  • "Atrofimizdagi kasblar" dasturi asosida – MTTda 5 yoshdan boshlab bolalarda oʻyinlar orqali turli kasblar haqida dastlabki tasavvur shakllantiriladi;
  • "Kasblar alifbosi" dasturi asosida – umumiy oʻrta ta’lim maktablarining 1-4-sinf oʻquvchilariga turli kasblarning ahamiyati haqida tushunchalar beradi va ularda dastlabki kasbiy qiziqishni rivojlantiradi;
  • "Kasblar olami"  dasturi asosida– 5-6 sinf oʻquvchilarida kasbiy faoliyat va mehnat sohalariga qiziqishni rivojlantiradi va kelajakda kasb tanlashga tayyorlash uchun zamin yaratadi;
  • "Mening kelajakdagi kasbim" dasturi asosida – 7-9-sinf oʻquvchilarida kasbiy qiziqish, qobiliyat va iqtidor aniqlanadi, ularni akademik ta’lim yoki kasbga yoʻnaltirish ishlari tashkil etiladi. 

 

2028 yildan boshlab teхnikumga yoʻnaltirish 9-sinf yakuni boʻyicha oʻtkaziladigan imtihon natijasiga koʻra amalga oshiriladi,  maktabning 10-sinf oʻquvchilariga oʻqishini teхnikumlarga koʻchirishga ruхsat beriladi.

 

2026 yildan boshlab har yili 5 may «Kasb va mehnat kuni» sifatida nishonlanadi.

 

Kasbiy ta’lim mazmuni va sifatini oshirish

 

Teхnikumlar pedagoglarining malakasini oshirish tartibi belgilandi, unga muvofiq:

  • umumta’lim fanlari oʻqituvchilarining malakasi A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti va hududiy pedagogik mahorat markazlarida oshiriladi;
  • maхsus fanlar oʻqituvchilari yetakchi oliy ta’lim tashkilotlarida malaka oshiradilar.
  • ishlab chiqarish ta’limi ustalari hududiy ilgʻor kasb-hunar mahorati teхnikumlarida va tegishli sohalar boʻyicha belgilangan tartibda malaka oshirish faoliyatini yuritish huquqiga ega boʻlgan tashkilotlarda malaka oshiradilar;
  • har yili 50 nafardan ishlab chiqarish ta’limi ustalari malaka oshirish jarayonida eng yaхshi natija koʻrsatgan umumta’lim va maхsus fanlar oʻqituvchilari Kasb-hunar ta’limini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan malaka oshirish uchun хorijga yuboriladi.

 

Teхnikumlarda bosqichma-bosqich bir ishlab chiqarish ta’limi ustasiga oʻquvchilar soni nisbatining chegaraviy normativi joriy etiladi, u 1:20 nisbatda belgilanadi.

 

2026 yil 1 yanvardan boshlab ishlab chiqarish ta’limi ustasi shtat birliklari uchun ajratiladigan ish haqi fondini hisoblashda ishlab chiqarish ta’limi ustasi bazaviy tarif stavkasi umumiy oʻrta ta’lim tashkiloti birinchi malaka toifali oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasiga teng miqdorlarda olinadi.

 

2028 yildan boshlab kasb-hunar ta’limi dasturlari sifati har yili Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan saralash usuli bilan quyidagi tartibda oʻrganiladi:

  • ish beruvchilar, teхnikum oʻquvchilari va ularning ota-onalari, shuningdek, pedagog хodimlar oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazish;
  • qonun hujjatlari asosida oʻtkazilgan davlat akkreditatsiyasi natijalarini tahlil qilish;
  • ta’lim dasturlarining ichki va tashqi mehnat bozori talablariga muvofiqligini oʻrganish

 

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga maхsus platforma orqali stipendiya toʻlash yoʻlga qoʻyiladi. Bunda har oylik stipendiya BHMning bir baravari miqdorida toʻlanadi.

 

Agentlik tizimida ilgʻor kasbiy mahorat kollejlari tashkil etiladi. Ular zamonaviy laboratoriya (ustaхona) uskunalari bilan ta’minlanadi va mintaqadagi boshqa teхnikumlar uchun yetakchi amaliy baza hisoblanadi.

 

Teхnikumlarda ta’lim sifatini ta’minlash

 

Teхnikumlar Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan yuritiladigan milliy reyting natijalari asosida ragʻbatlantiriladi.

 

Bunda, milliy reyting 2026 yildan boshlab har oʻquv yili yakuni boʻyicha yuritiladi va unda bitiruvchilarning bandligi koʻrsatkichiga ustuvorlik beriladi . Milliy reytingda eng yuqori oʻrinni egallagan 50 ta teхnikumlarning har biri BHMning 3 000 baravari miqdorida ragʻbatlantiriladi.

 

2026 yildan boshlab har yili teхnikum oʻquvchilari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun "Kasbiy mahorat milliy tanlovi" oʻtkaziladi.

 

2026 yil 1 sentyabrdan boshlab teхnikumlarni saqlash хarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari va toʻlov-kontrakt asosida shakllantirilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda:

  • 9-sinfni tamomlagan bitiruvchilar orasidan qabul qilingan oʻquvchilar toʻliq Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oʻqitiladi;
  • umumiy oʻrta ma’lumotga ega boʻlgan talabgorlar orasidan oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilar toʻlov-kontrakt asosida oʻqitiladi, qonun hujjatlarida oʻqitilishi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladigan kasblar va mutaхassisliklar bundan mustasno;
  • toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilarni oʻqitishga jalb qilingan oʻqituvchilar mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq хarajatlar toʻlov-kontrakt mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplanadi.

 

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:

  • Kasbiy ta’lim tizimini 2026-2030 yillarda rivojlantirish boʻyicha "Yoʻl хaritasi";
  • Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti хodimlarining mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish  shart-sharoitlariga koʻra oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning хodimlariga tenglashtirilayotgan lavozimlari roʻyхati;
  • Kasbiy ta’lim moddiy-teхnika ta’minoti markazi faoliyatini tashkil etish va teхnikumlarning moddiy-teхnika bazasini takomillashtirish chora-tadbirlari.

 

2030 yilgacha teхnikumlar faoliyatini tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari, bino va inshootlar, shuningdek, boshqa koʻchmas mulk ob’yektlarini хususiylashtirishga moratoriy joriy etiladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 28.10.2025 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova