Vazirlar Mahkamasining 15.05.2025 yildagi "Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Koʻchmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida"gi 320-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning 05.03.2025 yildagi PF-43-son Farmoniga muvofiq Kadastr agentligi huzuridagi Koʻchmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tashkil etilgan.
Hujjat bilan Milliy markaz toʻgʻrisida Nizom tasdiqlangan boʻlib, unda quyidagilar belgilangan:
- markazning vazifalari, funksiyalari va huquqlari;
- uning boʻlinmalari va rahbariyatining majburiyatlari;
- quyidagi tartiblar:
- markazning yetakchi tashkilotlar bilan hamkorligi;
- moliyalashtirish, moddiy-teхnik ta’minlash;
- хodimlar mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish.
Milliy markazning asosiy vazifalari:
- koʻchmas mulk ob’yektlarining bozor bahosiga yaqin boʻlgan qiymatini ommaviy baholash orqali aniqlash;
- ommaviy baholashning elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, yuritish va yangilab borish, ommaviy baholash natijalarini ushbu bazaga kiritish;
- koʻchmas mulk ob’yektlarini ommaviy baholash bilan bogʻliq ma’lumotlarni oʻrganish, toʻplash va qayta ishlash asosida koʻchmas mulk bozorini monitoring va tahlil qilish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.05.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova