Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan Maishiy chiqindilarni tashish qoidalari tasdiqlandi (roʻyxat raqami 3195, 8.11.2019 y).
Hujjat 2019-2028 yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi doirasida va Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi 95-son “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan qabul qilingan.
Ma’lumot uchun:
- qattiq maishiy chiqindilar - jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil boʻluvchi organik va noorganik chiqindilar, shuningdek ularning hududida va obodonlashtirish ob’yektlaridagi tabiiy jarayonlar natijasida hosil boʻluvchi chiqindilar (oziq-ovqat va oʻsimlik chiqindilari, toʻqimachilik mahsulotlari, oʻrash-joylash (qadoqlash) materiallari, shisha, rezina, qogʻoz, plastmassa, yogʻoch chiqindilari, oʻzining foydalanish xususiyatlarini yoʻqotgan uy-roʻzgʻor buyumlari, supurindi, shuningdek qattiq yoqilgʻida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bugʻqozonlaridan foydalanish natijasida hosil boʻluvchi chiqindilar);
- suyuq maishiy chiqindilar - jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil boʻluvchi chiqindilar (oqova suvlar, chiqindi toʻkiladigan oʻralar va septiklarda yigʻilgan turli xil suyuq chiqindilar, ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan yuvindi chiqindilari, markazlashmagan kanalizatsiyaning najas chiqindilari);
- yirik gabaritli maishiy chiqindilar - jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirgan mebellar, maishiy texnikalar (sovutkichlar, kir yuvish mashinalari, televizorlar va shu kabilar), tashkiliy texnikalar (kompyuterlar, printerlar va shu kabilar), texnik uskunalar, avtotransport vositalarini almashtirish natijasida hosil boʻladigan qattiq maishiy chiqindilar, shuningdek daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishda hosil boʻladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, kesish ishlari qoldiqlari, barglar va boshqalar) va oʻlchamlari boʻyicha 0,75 kub.m hajmli konteynerlarga joylashtirishning imkoni boʻlmagan qurilish chiqindilari.
Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish rejali (jadvalga asosan) yoki rejadan tashqari (iste’molchi buyurtmasiga asosan, alohida toʻlov evaziga) boʻlishi mumkin. Rejadan tashqari tartibda suyuq va yirik gabaritli maishiy chiqindilar, chorvachilik, qurilish chiqindilari, tuproq, shuningdek daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilar (daraxt va buta shox-shabbalari, kesish ishlari qoldiqlari, barglar va boshqalar) va smyotni olib chiqib ketish amalga oshiriladi.
Xizmat koʻrsatuvchi tashkilot qattiq maishiy chiqindilarning uzluksiz olib chiqib ketilishini tashkil etish maqsadida:
- ixtisoslashtirilgan transportning harakat yoʻnalishlarini belgilaydi;
- ixtisoslashtirilgan transportning ekipajiga xavfsizlik texnikasi, sanoat va yongʻin xavfsizligi, yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari, shuningdek ekologik nazorat boʻyicha yoʻriqnoma va tushuntirishlar beradi;
- ishchi xodimlarni maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal hamda boshqa jamoaviy, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan ta’minlaydi;
- QMChni olib chiqib ketish boʻyicha yoʻnalish chizmasi va jadvaliga rioya qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi.
Ixtisoslashtirilgan transport yoʻnalish chizmasi va harakat jadvalini ishlab chiqishda quyidagilar inobatga olinadi:
- ixtisoslashtirilgan transport vositalarida harakatlanishda yoʻldan va yuk koʻtarish imkoniyatidan unumli foydalanish koeffitsiyentining maksimal darajasiga erishish;
- qattiq maishiy chiqindilarni transport harakati serqatnov boʻlgan koʻchalardan olib chiqib ketish sutkaning tungi paytlarida amalga oshirilishi;
- turar joy va noturar joy ob’yektlar yoʻnalishlarini birlashtirish;
- qayta yuklash yoki zararsizlantirish ob’yektlariga olib boruvchi har bir yoʻnalishni imkon qadar maqbul yoʻllar boʻyicha belgilash.
Qattiq maishiy chiqindilar ixtisoslashtirilgan transport vositalarida tashiladi, yirik gabaritli maishiy va qurilish chiqindilari, shuningdek daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishdan hosil boʻladigan chiqindilar bundan mustasno. Ixtisoslashtirilgan transportga boʻshatish texnik mexanizmlar (manipulyatorlar) yoki zarurat boʻlganda ekipaj a’zolari tomonidan qoʻl kuchi bilan amalga oshiriladi. Konteynerlar toʻliq, qoldiqsiz tozalangandan keyin sanitariya talablariga muvofiq dezinfeksiya qilinishi kerak.
Ixtisoslashtirilgan transport vositalarining har bir qatnovi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar ip oʻtkazib tikilgan jurnalda yoki elektron shaklda qayd etib boriladi.
Suyuq maishiy chiqindilarni boʻshatish va tashish shu maqsadlar uchun moʻljallangan ixtisoslashtirilgan transport vositasida (assenizatsiya transport vositasida) amalga oshiriladi. Bunda texnika xavfsizligi qoidalariga alohida e’tibor berilishi lozim: transport vositasi va ekipaj a’zosining chiqindi yigʻiladigan oʻraga xavfsiz yaqinlashish masofasi, himoya vositalaridan (respiratorlardan) foydalanish, qoʻl tormozi va tormoz moslamalaridan foydalanish, shlanglar, nasoslar, boshqa texnika va tutash hududni tozalash. Suyuq maishiy chiqindilarni bu maqsadlar uchun moʻljallanmagan va nosoz transportda tashish taqiqlanadi.
Maxsus ajratilgan maydonchalarda toʻplangan yirik gabaritli maishiy chiqindilar ularning toʻplanish me’yorlariga muvofiq, biroq har oyda kamida 2 marta olib chiqib ketilishi zarur.
Poligon hududiga kirayotgan va chiqib ketayotgan ixtisoslashtirilgan transport kirish/chiqish punktida maxsus nazorat-dezinfeksiya hududidan oʻtadi, ogʻirligi tarozida yuk bilan va yuksiz tortiladi. Ma’lumotlar yoʻl varaqalari hamda ip oʻtkazib tikilgan jurnalda yoki elektron shaklda qayd etib boriladi. Ekipaj yuklovchilarining poligon hududiga kirishlari taqiqlanadi, ular transport vositasining qaytishini poligonning maishiy xonalarida kutishadi.
Xizmat koʻrsatuvchi tashkilot maishiy chiqindilarni tashishda atrof muhitning chiqindilar bilan ifloslanishini oldini olish choralarini koʻrishi zarur. Maishiy chiqindilarni aholi yashash punktlari yerlariga, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlarga va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarga, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, shuningdek tabiatni muhofaza qilish ob’yektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazish tahdidi kelib chiqishi mumkin boʻlgan boshqa joylarga koʻmib tashlash taqiqlanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 8.11.2019 yildan kuchsga kirdi.
Anvar Irkaxodjayev.



