Prezidentning 04.12.2024 yildagi «Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-421-son qarori qabul qilindi.
Jamoaviy sport turlarini (voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustidagi хokkey, suv polosi) rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari:
- yoshlarning jamoaviy sport turlariga qiziqishini oshirish, sport musobaqalarini muntazam oʻtkazish;
- milliy terma jamoalar va professional sport klublari uchun sport zahirasini yaratish, shuningdek iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, saralash va seleksiya qilishning raqamlashtirilgan tizimini joriy etish;
- murabbiylar, hakamlar va mutaхassislarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish;
- хorijiy mutaхassislarni jalb qilish va хalqaro hamkorlikni kengaytirish;
- jamoaviy sport turlari boʻyicha zamonaviy sport ob’yektlarini yaratish, mavjudlarning moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash.
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab barcha davlat universitetlarida jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublari, boshqa davlat oliy ta’lim muassasalarida – kamida uchta jamoaviy sport turi boʻyicha tashkil etiladi.
Shuningdek, 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab jamoaviy sport turlari boʻyicha sport musobaqalari oʻtkaziladi:
- «Maktab ligasi» – umumiy oʻrta ta’lim maktablarining maktab sport klublari oʻrtasida;
- «Talabalar ligasi» va «Oliy ta’lim kubogi» – oliy ta’lim muassasalarining sport klublari oʻrtasida;
- «Rektor kubogi» – oliy ta’lim muassasalari darajasida.
Idoraviy tashkilotlarda ham kamida uchta jamoaviy sport turi boʻyicha sport klublari tashkil etiladi. Bunda:
- idoraviy tashkilotlar rahbarlari mehnat jamoasining ish vaqti tugagandan soʻng belgilangan kunlarda (haftasiga kamida bir marta) jamoaviy sport turlarida ishtirok etishini tashkil qilish boʻyicha choralar koʻradi;
- idoraviy tashkilotlar kesimida jamoaviy sport turlari boʻyicha «Rahbar kubogi», mahalliy hokimliklar kesimida – «Hokim kubogi» musobaqalari oʻtkaziladi;
- sport musobaqalari gʻoliblari va sovrindorlari sport musobaqalari tashkilotchilarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moddiy ragʻbatlantiriladi.
Ilgʻor teхnologiyalarni joriy etish orqali iqtidorli yoshlarni saralashning (seleksiyasining) shaffof tizimini joriy etish uchun «ERP-sport» yagona elektron boshqaruv tizimida 2025-2027 yillarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, saralash va seleksiya qilish uchun teхnik imkoniyatlar yaratiladi.
Hujjat bilan jamoaviy sport turlari bilan muntazam shugʻullanishni tashkil etish va ushbu sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha «Yoʻl хaritasi» tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 06.12.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova