Prezident tomonidan «Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi Qonun imzolandi (12.01.2021 yildagi OʻRQ-662-son).
Qonun bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning (keyingi oʻrinlarda – Kodeks) 28-bobi («Sudda nazorat tartibida ish yuritish») chiqarib tashlandi, ya’ni ma’muriy sud ishlarini yuritishda nazorat instansiyasi bekor qilindi.
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga (biznes-ombudsman) birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berish huquqi berildi, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar bundan mustasno (Kodeks 224-m.).
Belgilanishicha, apellyatsiya shikoyati qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oy ichida berilishi mumkin (ilgari ushbu muddat 20 kunni tashkil etgan) (Kodeks 203-m.).
Ishda ishtirok etuvchi shaхslar apellyatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilish yuzasidan chiqarilgan ajrim haqida uch kunlik muddatda хabardor qilinadi (ilgari ajrim qabul qilingan kunda хabardor qilinar edi) (Kodeks 207-m.).
Kodeks 2301-«Ishni talab qilib olish» moddasi bilan toʻldirildi, unga muvofiq Oliy sudning sudyasi, Bosh prokuror, prokurorlar ish boʻyicha taraflarning murojaati boʻlganda, kassatsiya protesti keltirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli suddan ishni talab qilib olishga haqlidir.
Kassatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir yil ichida berilishi mumkin (ilgari shikoyat sudning qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin bir oy ichida berilar edi) (Kodeks 227-m.).
Kodeks 2481-«Ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish» moddasi bilan toʻldirildi. Ushbu moddaga muvofiq manfaatdor shaхslar ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish toʻgʻrisida protest keltirish haqidagi ariza bilan Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning oʻrinbosarlariga murojaat qilishga haqli.
Boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.01.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.